“Esselar” tanlovida birinchi o’ringa loyiq ko’rilgan esse

“Esselar” tanlovida birinchi o’ringa loyiq ko’rilgan esse

Mening hayotim

 

Hayotda ikkita juda muhim kun bor: biri sen tug’ilgan kun,

 yana biri nima uchun dunyoga kelganingni anglagan kun.

Mark Tven

  Men  dunyoga keldim!

Barcha  qatori chaqaloqligim, boqchadagi vaqtim, maktab va kollejdagi davrim o’tdi.  Oliy o’quv yurtiga imtihon topshirdim, ammo kira olmadim. Hozirda o’quv kurslarida o’qiyapman. Hamma qatori o’ylaydigan bo’lsam, men kelajagimni taxminan mana bunday tasavvur qilaman: “Oliy o’quv yurtiga amallab kontraktga ilindim. O’qiyapman, birinchi kursni tamomladim . Ikkinchi yil esa bildimki, o’qimasam ham, fanlarni sessiya vaqtida amallab yopsam bo’lar ekan, to’g’ri, hammasini emas, ammo ko’pchiligini. Tezlik bilan bilim o’rganishni tashlab,  pul topish maqsadida ishlashni boshladim. Kechasi ishlab, kunduzi o’qishga borib yurdim va bu kundalik hayotim diplom olgunimgacha davom etdi. O’qish tugadi, qo’limda amallab olingan diplomim bor, ammo diplomimga yarasha bilimim yo’q, oyligim ham qoniqarli emas. Shu tariqa hayotim davom etyapti.

Oila qurish vaqti keldi. To’y qilish lozim, uning uchun esa pul kerak. Yaqinlarimdan qarz yoki kredit olaman, nima bo’lganda ham ikkalasini  to’lash kerak. Oila qurdim, hayotim esa borgan sari qiyinlashib bormoqda. Farzandlarim dunyoga keldi, ularga esa alohida e’tibor berishim lozim, tarbiyasiga, qiziqishlariga va hakozo.  Uning uchun menda vaqt yo’q. Vaholanki, oilamni boqishim va tirikchilik uchun ishlashim kerak. Shu tariqa mening yoshligim farzandlarimda aks eta boshlaydi. Men yana shu aksimni yillar davomida kuzataman. Tashqaridan kulib, xursand bo’lib yurishim mumkin, ammo ichimdan yig’lab hayot kechiraman.

Albatta, hammamiz bu hayotni vaqt-soatimiz yetgan paytda tark etamiz. Bu dunyodan o’tdim, u yerda menga  savol bera boshladi: “ Sen o’tkazgan hayotingdan xursandmisan?” ; “Berilgan  ne’matlarning barchasidan unumli foydalandingmi?”  O’ylab ko’rib, javoban men “yo’q”  deyman , vaholanki, shunday ham. Mana shu joyda yana bir savol beriladi: “ Nima sababdan?”.  Aynan shu savolni eshitib, javob topa olmayman. O’sha vaqtdagina hayotga nima sababdan keldim-u, vaqtimni nimalarga sarfladim, hammasini shundagina anglab yetaman. Anglab yetganimda esa juda kech  bo’ladi”.

  Yuqoridagi hayot tarzi aksariyatimizda bir xil, buni inkor eta olmaymiz.

Menga Yaratgan yana bir ne’mat berdi, hayotga nima sababdan kelganimni anglatib qo’ydi. Men buni ikkala qo’llarim bilan ushlab olganman, uni hech qachon qo’yib yubormayman.

Hayotni anglab yetganimdan so’ng quyidagicha fikrlay boshladim:  “Hayotda ikkita asosiy ne’mat bor, birinchisi hayotdagi rolimiz va ikkinchisi o’zligimiz. Bular ikkalasi bir-biri bilan uzviy bog’liq. Rolimga to’xtaladigan bo’lsam, men ota-onamning farzandiman, qarindoshlarimning akasi, ukasi va jiyaniman, qisqasi, hozirgi barchamizning hayotimiz bu rolimizdir. Bu rolga ba’zilar juda ham berilib ketishgan. O’zligimga to’xtalsam, men ota-onam sababli sinovli dunyoga kelgan bir insonman, tanam menga vaqt sifatida va maqsadlarimga erishish yo’lida berilgan bir ne’mat. Tanam qarigani sari, mening vaqtim kamaymoqda. Agar o’rtacha o’lim yoshi  60 yosh bo’lsa, men hayotimni uchdan bir qismini yashadim. Yaratgandan  cheksiz minnatdorman, chunki Olloh nasib etsa, qolgan ikki qismini o’zligimni anglagan holda yashab o’taman.

Men oldimga uchta oliy maqsad qo’yganman:

  • ko’proq va chuqurroq bilim o’rganishim;
  • o’rganganlarimni hayotga tadbiq etib, insonlarga yetkazishim;
  • men va turmush o’rtog’im sababli dunyoga keladigan insonlarni hayotga to’gri yo’naltirishim va nima sababdan kelganliklarini  anglatishim kerak.

Men hayotimni mana shu maqsadlarimga bag’ishlayman.  Albatta, chalg’ish juda ham kuchli bo’lyapti, hayotdagi rolim meni o’ziga tortayapti, bu tabiiy hol, chunki 20 yildan buyon faqatgina rol o’ynab keldim, ammo men bo’sh kelmayman va maqsadim sari dadil harakat qilib, barchasiga erishaman!

So’zimning so’ngida bir taklifim bor, rolingizdan chiqqan holda “hayotga nima sababdan keldim?”  deb o’zingizga savol berib ko’ring, anglab yetishga irodangiz yetsa, ishonamanki, hayotingiz tubdan o’zgaradi, bu o’zgarishni esa til bilan izohlab bo’lmaydi, buni o’zingiz his etib ko’rishingiz kerak.

Hayotni anglang!!!

 

Nurullayev Abbos Asror o’g’li

Toshkent shahri Uchtepa tumani

 20 yosh.

 [/vc_column_text][/vc_column][/vc_row][vc_row][vc_column][vc_raw_html]JTNDaWZyYW1lJTIwd2lkdGglM0QlMjI2NDAlMjIlMjBoZWlnaHQlM0QlMjIzNjAlMjIlMjBzcmMlM0QlMjJodHRwcyUzQSUyRiUyRm1vdmVyLnV6JTJGdmlkZW8lMkZlbWJlZCUyRlRtT2c5MDFtJTJGJTIyJTIwZnJhbWVib3JkZXIlM0QlMjIwJTIyJTIwYWxsb3dmdWxsc2NyZWVuJTNFJTNDJTJGaWZyYW1lJTNF[/vc_raw_html][/vc_column][/vc_row]