Bemaqsad maqsadlar yoxud maqsadsizlik simptomi
Hech bir jamiyat to‘kis emas — oqillar-axmoqlar, yaxshilar-yomonlar, to‘g‘rilar-o‘grilar, sog‘lar-kasallar, boylar-kambag‘allar, mehnatkash-u tekinxo‘rlar… bularning barchasi birlashib butun jamiyatni hosil qiladi. Kimdir, bizningcha, xato yo‘ldan ketayotgan bo‘lishi mumkin, ammo u o‘z yo‘lini to‘g‘ri deb o‘ylaydi. Biz yomon hisoblagan odam ich-ichidan o‘zini olamdagi eng yaxshi deya hisoblashi mumkin.
Onggingiz qamalgan dimiq xonaning derazalarini oching. Toza havo kirsin. So‘ng tashqariga qarang. Ko‘ngilni, tuyg‘ularni, fikrlarni, bugunni, o‘tmish-u kelajakni, butun bir millatni… hamma-hammasini ayovsiz kemirayotgan simptomlar haqida bir muddat mulohaza qiling.
Atrofdagi manzaraning asl ko‘rinishini ilg‘ay olsangiz, nima demoqchiligimni tezda fahmlaysiz. Misol uchun, maktab, kollej yoki universitetda o‘qiydigan o‘g‘il-qizlarimiz — ertangi umidimiz, millat kelajaklarini oling. Bir qarashda hammasi joyida. Tizimning ichiga kirsangiz, ingliz tili fanidan mehnat o‘qituvchisi, ona tili va adabiyotdan esa jismoniy tarbiya muallimi saboq berayotgani, ko‘p ustozlar mavzuni tushuntirish, bolaga nimadir o‘rgatish uchun emas, amallab(!) 45 daqiqani o‘tkazish uchun sinfga kirayotganini ko‘rib achinaman. To‘g‘rida, universitetga pul bilan kirib, pul bilan bitirgan odamdan nima kutish mumkin. Hayriyatki, bundaylar oramizda sanoqli. Nima bo‘lgandayam haligacha bor!
Universitetga kirolmagan abituriyent urushda mag‘lub bo‘lgan askar kabidir. Har tarafdan ta’na-yu malomat toshlari yog‘iladi. Hayot to‘xtab qoladi. Oqibatda, bola aybini yuvish uchun xorijga ishga ketadi yo biror ustaning etagini mahkam tutib, mardikorlik qiladi. Kamdan-kam holatda u yana tashqi bosimlarga dosh berib, qayta tayyorlanishga kuch topa oladi. Jamiyatimizni kuzatib, bir xulosaga kelganman, bizda o‘qishdan “yiqilish” ulkan fojia! Mardikor bo‘lmaslikning yagona yo‘li — o‘qishga kirish!
Afsuski, maktab tizimi talabga javob bermagani uchun bolalar bu bilimga qoniqmaydi. Qarabsizki, xuddi o‘sha maktabda o‘qigan narsasini yodlab, qaytaraveradi, qaytaraveradi…
Yoshlar onggini yoshlikdan “variant”ga “ixtisoslashtirib” qo‘yayotganimiz gohida alam qiladi. Masalan, adabiyot sohasini olsak, abituriyentga biror asardan savol tushsa, u savol tuzuvchini emas, asar muallifining yetti pushtiga la’nat o‘qisa ham, ajab emas. Savolning asar mazmuniga umuman aloqasi yo‘q. Axir, badiiy asarni hamma har xil tushunadi-ku. O‘qishga kirish uchun erkin fikrni, mulohaza qilishni unut: faqat yodla, faqat yodla! Tamom…
O‘qishga tayyorlanayotganlarning ko‘pchiligida maqsad yo‘q! Hayron bo‘lmang, gapning po‘st kallasi shu, aslida. Ya’ni, abituriyentning hujjatlarini qaysi OTMga topshirishini ustoz hal qiladi. Qiziqishi, orzu-umidlari, qaysi kasbni sevishi… ikkinchi darajali masala. Qayerga bo‘lishidan qat’iy nazar, muhimi — o‘qishga kirsa bo‘lgani. O‘zi qiziqmagan yo‘nalishga o‘qishga kirgan talabaning ta’lim olishi, kelajagi haqida tasavvur qilavering! Xudo ko‘rsatmasin, u o‘qituvchi bo‘lsa bormi, bolalarning ahvoli…
O‘qituvchilar-chi, aksariyati to‘ti boqishga mukkasidan ketgan. Yodla, qaytar, aytib ber — tamom. Talabalar esa to‘tixonaning namunali to‘tilari! Sayramayman desa, ota-onasining ming azobda to‘layotgan kontrak pullarini o‘ylaydi-yu, qafasga tushishga majbur bo‘ladi. Bunday holatlar jamiyatimizda oz emas.
Rivojlangan mamlakatlar siyosatiga nazar tashlasak, ular yuksalishning ilk bosqichini ta’limga e’tibor qaratishdan boshlagan. Ta’lim tizimi hech qachon ikkinchi darajali masala bo‘lgan emas. Bizda-chi? O‘ychi o‘yini o‘ylagunicha, o‘ttiz yil ham o‘tdi. Tizimni oyoqqa turg‘izib, bolalarimiz ilm olishiga e’tiborni kuchaytirmasak, keyin kech bo‘lishi mumkin…