DTM BILAN “ALOQA”SI BOR NASHRIYOT yoxud “RegBooks”ning muvaffaqiyat sirlari
Taʼlim talabga javob bermagan yerda kuchli repetitorlar paydo boʻladi, degan gap bor. Bu fikr orqali yurtimizdagi taʼlim tizimini qoralashdan yiroqmiz. Ming afsuski, koʻpchilik taʼlim muassasalaridagi darslar sifati bilan koʻkrak kerib bo‘lmaydi, maqtana olmaymiz…
Soʻnggi yillar ichida mamlakatimizda nodavlat taʼlim muassasalari, jumladan, repetitorlik oʻquv markazlari soni bir necha barobarga oshgani ayni haqiqat. Aholining 60 foizdan ortigʻini yoshlar tashkil etishini hisobga olsak, bu quvonarli holdir. Lekin o‘quv markazlarida turli yoʻnalishlarda tahsil olayotgan oʻquvchilar, abituriyentlar oʻquv qoʻllanmalari bilan qanchalik darajada taʼminlanyapti, kitoblarni chop etishda noshirlar qaysi jihatlarga e’tibor qaratyapti, xaridorlar talabi qoplanyaptimi, test va qo‘llanmalar qay darajada DTM standartlariga javob beradi?
Shu va boshqa savollarimizga javob olish uchun tarixga oid rus va ingliz tillaridagi 30 xildan ziyod kitob va qoʻllanmalar muallifi, yaqindagina faoliyat boshlagan “Regbooks” nashriyotining ish boshqaruvchisi, shuningdek, nashriyotning sotuv ishlari boʻyicha menejer yordamchisi Nurmurod ESHNAZAROV bilan suhbatlashdik.
— Dastavval, “Regbooks” nashriyoti faoliyatiga toʻxtalsak.
— Nashriyotimiz tashkil etilganiga yaqinda bir yil toʻladi. Qisqa muddat ichida 100 xildan ziyod kitob chiqarishga muvaffaq boʻldik. Auditoriyamiz, asosan, abituriyentlar, repetitorlar va barcha oʻquvchi-oʻqituvchilardir. Taʼlimga oid, oʻqishga kirishga tayyorlanish uchun moʻljallangan kitob hamda qoʻllanmalar, mavzulashtirilgan va aralash testlarni oʻzbek va rus tillarida chop etib kelyapmiz.
Testlarimiz Respublikada faoliyat yuritayotgan tajribali va eng zoʻr oʻqituvchilar tomonidan, jumladan, “Registon” oʻquv markazining ham repetitor ustozlari tomonidan eng soʻnggi darsliklar asosida tuziladi. Har bir kitob talabga qarab, 2000 yoki undan ham ortiq nusxada chop etiladi. Nafaqat testlar, umuman, har bir mahsulotimiz boshlanishiga kamida 2000 adadda nashrdan chiqadi.
— Kitobni sotish masalasi qay tartibda bo‘ladi?
— Bilasizmi do‘stim, bizning hamkorlarimiz koʻp. Agar Oʻzbekistonda 200 dan oshiq tuman boʻlsa, deyarli har bir tumanda bir yoki bir necha nafardan dillerlarga egamiz. Oʻzim yoki xodimlar bilan birgalikda boʻsh vaqt boʻldi deguncha, hatto respublikamizning eng chekka tumanlarigacha borib, kataloglarimiz bilan kitob sotuvchilarini tanishtirib, ular bilan shartnoma imzolab qaytamiz. Harakatlarimiz natijasi oʻlaroq, nashriyotimiz “yosh” boʻlishiga qaramay, bugun jami 300dan ziyod hamkorimiz bor. Yangi kitob nashrdan chiqsa, ular bilan bogʻlanamiz va talabga qarab buyurtma olamiz. Ishonib ayta olamanki, “Regbooks” kitoblari yetib bormagan tuman va qishloqlarimiz qoʻl bilan sanoqli.
Kitob sotish borasida birinchi yoʻnalishimiz dillerlar boʻlsa, ikkinchi yoʻnalish oʻqituvchi va repetitorlar hisoblanadi. Biz bilan hamkorlikda ishlaydigan repetitorlar soni 500 nafardan ziyod!
— Qisqa vaqt ichida shuncha natija! Keling, shu o‘rinda bir necha muddat orqaga, ilk faoliyat boshlagan vaqtingizga qaytamiz. Boshida qanday bo‘lgan edi?
— Nashriyotimiz ilk faoliyat boshlaganida, dastlab tarix faniga oid kitoblar chop etganmiz. Chunki boshqa fanlarga qaraganda, tarixga boʻlgan talab kuchli edi. Keyinchalik, ona tili va adabiyot, fizika va matematika, ingliz tili, kimyo, geografiya va boshqa fanlar ham qoʻshilib, faoliyatimiz kengayib bordi. Bugun barcha fanlarga oid kitob va qoʻllanmalar bazasiga egamiz!
— Xaridor nima uchun aynan “Regbooks” kitoblarini sotib olishi kerak? Sizning qanday ustunligingiz bor?
— Chunki biz, asosan, kitobning “ichi”ga ahamiyat beramiz. “Ust”i yaltiroq, “ichi” qaltiroq kitob chiqarmaymiz. Masalan, qoʻllanmalarimizni oling, maktab darsligi bilan deyarli bir xil. Hatto bitta harf ham tushib qolmagan. Maktab darsligidan farqi, kitoblarimiz muallifi kamida 10-15 yillik tajribaga ega malakali mutaxassis repetitorlar hisoblanadi. Ular oʻz faniga oid maʼlumotlarni har bir nuqtasigacha yodlab olgan. Shu bilan birga, faoliyatidan kelib chiqib, abituriyent qaysi maʼlumotga eʼtibor qaratishi kerak, imtihonda qayerdan savol olinadi va boshqa kerakli barcha jihatlar hisobga olinib, ma’lum bir tizimga solingan. Kitobimizni oʻqigan odam qayerga eʼtibor berish kerakligini oson anglaydi va eslab qoladi.
— Ya’ni? Aniqroq tushuntiring-chi, bu yerda qanday sir yashirin?
— Murakkab maʼlumotlar imkon qadar sodda holga keltirilgan. Siri shu yerdaki, kitoblarimizda turli kategoriyalar, yod olishga oid formulalar mavjud. Sanaladigan maʼlumotlar raqamlar asosida, diqqat qilinishi kerak joy alohida ajratilib, “jirniy” yoki “kursiv” harflarda, yoki turli jadvallar tuzilib, boshqa geometrik shakllar asosida noanʼanaviy tarzda berilgan.
Biz har bir mahsulot ustida alohida ter toʻkamiz va insonlarga yengillik yaratish uchun maksimal darajada unga ishlov beramiz. Shunda abituriyent oddiy maktab darsligidan koʻra, kitoblarimizni oʻqiganda, qayerga urgʻu berish kerakligini anglaydi. Bir gap bilan aytganda, “Regbooks” nashriyoti kitoblarini bir tekis, bir xil ohangda oʻqishning iloji yo‘q. Oʻqishni boshladingizmi, miyada tushuncha va maʼlumotlar formulasi shakllanib, xayolda boshqacha ritm paydo boʻladi, “musiqa”ni tartibga solib, boshqara olsangiz boʻlgani!
— Bunaqa g‘oyalar muallifi kim?
— Oʻzimiz, albatta! Yoshligimizda daftarga yozib yoki kitobdagi maʼlumotlar tagiga chizib, varaqlarni boʻyab oʻqiganmiz. Tabiiyki, shuning oʻzi ham anchagina vaqtimizni oʻgʻrilagan. Darsliklardagi maʼlumotlar hammasi bir xil yoʻnalishda berilgani uchun uni oʻqigan abituriyent testning javobini topishga qiynaladi. Qoʻllanmalarimiz orqali esa bu muammoga chek qoʻyishni maqsad qildik va bunga erishdik.
— Nashriyotdan barcha fanlarga oid testlar ham nashr etilarkan. Testlar haqida ma’lumot bering.
— Ha, bizda turli fanlarga oid DTM standartlariga mos boʻlgan testlar ham chop etiladi. Testlar maktab darsliklarining eng so‘ngi nashrlari asosida “mavzulashgan”, “boblashgan” va “aralash” tartibda malakali mutaxassis repetitorlar tomonidan tuziladi.
Masalan, biologiya, tarix, hattoki adabiyot fanlaridan soʻnggi yillarda koʻp tushayotgan rasmli testlar bazasiga ham egamiz. Boshqa nashriyotlarda bu kabi rasmli testlar aprel-mart oylariga borib chop etiladi. Vaholanki, bu vaqt oraligʻida bizning kitoblarni oʻqib, muddatidan oldin testlarga tayyor boʻlish mumkin!
Ehtimol, zamon bilan hamnafas ravishda ishlab, muntazam faoliyatimizda yangiliklarni qoʻllaganimiz uchundir, kitoblarimizga boʻlgan talab yuqori. Toʻgʻri, baʼzan xato-kamchilikka ham yoʻl qoʻyamiz. Tanqid kelajak mevasi deganlaridek, oʻquvchilarimizning, xaridorlarimizning mahsulotimiz haqida aytgan har bir fikrini inobatga olamiz. Haqiqatan ham xato qilgan boʻlsak, keyingi safar uni toʻgʻrilaymiz. Ba’zida xaridorlar “Palon kitoblaringning pistonchi betida unday xatolik bor, bunaqa maʼlumot notoʻgʻri ketgan” deb yozib qolishadi. Men bu xabarni oʻsha paytning oʻzida kitob muallifiga joʻnataman. Kelasi safar bu xatoni toʻgʻrilaymiz. Shu tariqa ishimiz yanada mukammallashib boraveradi.
— Eng so‘nggi yangiliklaringiz haqida qisqacha gapirib bersangiz.
— Oʻtgan yili imtihonda 5 ta fan boʻlishi(3 ta majburiy va 2 ta mutaxassislik) tasdiqlanganidan soʻng, biz pandemiya sharoiti boʻlishiga qaramasdan, kunni tunga ulab mehnat qildik. Har bir yoʻnalish boʻyicha 5 ta fanga moʻljallangan testlar bazasini tayyorlab, endi nashrdan chiqarmoqchi boʻlganimizda, yana majburiy fanlar bekor qilindi. Shu zahoti majburiy fanlarni olib tashladik-da, faqat 2 ta mutaxassislik fanlari boʻyicha testlar kitobini chop etdik. Yaʼni, bir kitobda har bir yoʻnalish boʻyicha faqat 2 ta mutaxassislik fanlari bor, xolos: kimyo+biologiya — tibbiyot yoʻnalishiga; matematika+ingliz tili — iqtisod yoʻnalishiga; matematika+fizika — texnika yoʻnalishiga; tarix+ingliz tili — yuridik yoʻnalishiga; tarix+geografiya — tarix yoʻnalishiga va hokazo…
Bu gʻoyamiz nafaqat abituriyentlar, balki koʻpchilik repetitor-oʻqituvchilarga ham manzur kelib, bu kitoblarning pandemiyaga qaramasdan bozori chaqqon boʻldi. Shu vaqtgacha bunaqa yoʻnalishdagi kitoblar hech qayerda chop etilmagandi va “Regbooks” nashriyoti bu borada birinchi edi!
Balki shu sabab bo‘lgandir, koʻpchilikdan “kelajakni oldindan koʻra olasizlarmi?”, “DTM bilan aloqangiz bormi?”, “DTMda qanday “odam”laring ishlaydi?”… deb yozishadi. Biz yangi nashriyotmiz, hech qayerda hech qanaqa tanishimiz ham yoʻq, faqatgina, ozgina bosh qotiramiz, boshqalarga qaraganda sal koʻproq ishlaymiz, mahsulotimizning sifati uchun boshqa nashriyotlarga nisbatan sal koʻproq ter toʻkamiz, xolos. Endi bu yogʻi sendan harakat, Mendan barakat, degan gapga borib taqalsa kerak…
Kelajakdagi rejalar haqida…
— Xabaringiz bor, yaqinda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan umumtaʼlim maktablarining reytingi eʼlon qilindi. Maqsadimiz quyi pogʻonadagi, umuman, respublikamizdagi maktablarga kitoblarimizni yetkazib, ular bilan hamkorlik qilib, ularning reytingini koʻtarish. Yurtimizda ta’lim sifatini oshirishga ozgina bo‘lsa-da o‘z hissamizni qo‘shish. Hozir shu yoʻlda harakat qilyapmiz.
Kelajakda faoliyatimizni bundan-da kengaytirib, internet doʻkon ochish, chegirmali yoki bepul yetkazib berish xizmatlarini yoʻlga qoʻyishni rejalashtirganmiz. Xudo nasib qilsa, foydaning maʼlum miqdorini mehribonlik uylariga, yordamga muhtoj oilalarga yoki kam taʼminlangan oila farzandlari boʻlgan abituriyentlarning oylik toʻlovlariga, talabalarning kontrakt pullariga yordam qilishni niyat qilganmiz. Bu yogʻini vaqt koʻrsatadi…
Quyida “Regbooks” nashriyotiga turli o‘quvchilar va O‘zbekiston ahli tomonidan kelib tushgan xabarlardan keltiramiz:
Ahmedov Botir:
Assalomu alaykum hurmatli Registon oʻquv markazining “RegBooks” nashriyoti xodimlari!!!
Hammalaringizga oʻz minnatdorchiligimni bildiraman. Kitoblarimni oʻz vaqtida oldim. Sizlar butun Oʻzbekistonimizdagi koʻplab abituriyentlarimizga katta yordam beryapsizlar. Bundan biz juda mamnunmiz.
Kimki, hamma yaxshi narsalar kitobda va hayotda aslo bunday boʻlmaydi desa, adashadi, chunki kitob hayotning jon tomiridan sugʻurib olinib, kitobxon qoʻliga tushadi.
Sizlarning ishlaringizga ulkan zafarlar hamda muvaffaqiyatlarni tilab qolaman. Qolgan abituriyentlarimizga ham “RegBooks” nashriyotining kitob va qoʻllanmalaridan foydalanishini tavsiya etaman. Registon.LC ning faoliyatiga rivoj tilayman!
“Fayyozbek”:
Assalomu alaykum! Tarix faniga oid kitoblaringiz, qolaversa, telegram kanalingizdan yil davomida foydalandim. Ayniqsa, karantin davrida repetitorga borolmaganimda katta yordam berdi, dalda bo‘ldi. Buning uchun siz — virtual olamdagi ustozimga minnatdorchiligimni bildiraman. Sizdek insonlar buyuk kelajakni qurishda masofadan bo‘lsa-da o‘z hissasini qo‘shmoqda. Boringizga shukr, aka! Hech qachon charchamang, Alloh kuch-quvvat bersin! “Tarix va kelajak” kanalining namanganlik obunachisi Fayozbek!
Azamat Yo‘ldoshev:
Assalomu alaykum, ustoz! Sizga kattakon rahmat! Testlaringizni o‘qib, o‘qishga kirdim. Bugun talabaman! Keyingi faoliyatingizga omad tilayman. Hammasi uchun rahmat, ilohim Alloh rozi bo‘lsin!
“UzbRakhmanov”:
Assalomu alaykum, ustoz! Sizga kattakon rahmat! Talaba bo‘ldim. Va nihoyat talabaman! “Tarixni o‘rganish formulasi”, “Xronologiya taktikasi” va “Tarixdan eksklyuziv testlar” uchun ham alohida rahmat! Ularning menga juddddda ko‘p foydasi tegdi.
Davlatmurodova Zuhra:
Assalomu alaykum. Men Qoraqalpog‘istonning Qo‘ng‘irot tumanidanman. Yoshim 32 da. Oilaviy sharoit tufayli repetitorga bormaganman. Shu yilning yanvar oyida “RegBooks” kitoblarini sotib olgandim. Ular asosida tarixdan mustaqil tayyorlandim. Geografiyadan esa 5 oy repetitorga bordim. Sizga rahmat, kitoblaringiz ko‘p yordam berdi! Hozir tarix yo‘nalishining kunduzgi shakliga 129.1 ball bilan kirib, budjetda o‘qiyapman…
Abdulaziz AHMEDOV suhbatlashdi.