Abituriyent ona tilining amaliy ahamiyatini anglashi kerak!

Abituriyent ona tilining amaliy ahamiyatini anglashi kerak!

Muhammad Haydarov — “Registon” o‘quv markazi Yakkasaroy filialining ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti magistranti. 3 yildan buyon markazda faoliyat yuritadi. Muhammad Haydarov kreativ pedagog sifatida 300 nafarga yaqin abituriyentga saboq bergan.

— Assalomu alaykum, Muhammad aka! Keling, suhbatni yoshlarni ona tili va adabiyoti faniga qiziqtirish borasidagi o‘z metodikangiz haqida boshlasak…

— Vaalaykum assalom, xayrli kun. Sizning bu savolingizga umumiy javob bergandan ko‘ra, faoliyatimdan kelib chiqib, o‘z tajribalarimni bo‘lishsam. Avvalo, bu fanni o‘rganish maqsadida kelgan o‘g‘il-qizlarning maqsadlarini aniqlab olaman. Fanni shunchaki, talaba bo‘lish uchunginami yoki kelajakdagi faoliyati davomida ham zarurligini anglagan holda o‘rganmoqchimi? Shu o‘rinda o‘quvchilarga maqsadni aniq qilib belgilab olishi lozimligini tushuntiraman. Maqsad qo‘yganda ham eng yuksak cho‘qqini ko‘zlashni — kirish imtihonlaridagi maksimal ball, ya’ni shu o‘quv yilidagini aytadigan bo‘lsam, maksimal 280.5 ball olishi zarurligini uqtiraman! Axir “AMALLAR NIYATGA QARAB BELGILANADI!

Markazimizda mashg‘ulotlarni boshlashdan oldin guruhlarni shakllantirib olamiz. Bunda ham e’tibor beriladigan jihatlar ko‘p. Ya’ni o‘quvchilarning fan doirasidagi bilim darajasini belgilab olib, shunga ko‘ra o‘zaro mos yoshlarni alohida guruhlarga jamlaymiz.

Darslarni o‘tishda esa doimiy e’tibor qaratadigan jihatim bor. ONA TILI AMALIY AHAMIYATGA EGA. Shunday ekan, o‘quvchilarim nazariyani amaliyotga joriy eta bilishi kerak. Yangi mavzu o‘tishdan oldin o‘quvchilarning qanday bilimga yoki tasavvurga ega ekanligini aniqlab olaman. Shunga ko‘ra ularni mavzuga yo‘naltiraman. Shunchaki qoidalarni yodlatish bilan ish bitmaydi. Yod olingan ma’lumot kutilmagan ta’sirlar tufayli yodidan ko‘tarilishi mumkin (masalan, kirish imtihonlari jarayonidagi hayajon sabab). Agar o‘quvchi mavzuning mohiyatini tushunsa, uni anglab yetsa, har qanday holatda ham pand yemaydi. Ko‘proq erkin fikrlashi lozim. Biz aynan shunday erkin fikrlovchilar muhitini yaratishimiz kerak.

Adabiyot darslari ham xuddi shu kabi tashkil qilinadi. To‘g‘ri, ma’lumotlarni fan doirasida yodlash talab qilinadi. Ammo fanni jonlantirish mumkin. Ya’ni darslarda zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan holda ijodkorlarning hayot yo‘lini, shaxsiyatini, shu bilan birga ijodkorning o‘zi o‘qigan ijod namunalarini audio yoki video, taqdimot shaklida yetkazamiz. Badiiy asarlardagi voqealar, hodisalar yoki tarbiyaviy hadislar yordamida muloqotning ta’sirchanligini ochishga harakat qilamiz.
— Rag‘batlantirishga ham harakat qilasizmi?
— Rag‘bat bu motivatsiya degani. Bu harakatga undaydi. Yoshlar qiziquvchan bo‘ladi. Shundan foydalanib ular bilan shunchaki savol-javoblar orqali emas, interaktiv uslublardan foydalanib musobaqalar tashkil qilaman. Ularni badiiy kitoblar bilan “siylayman”… Albatta, ular tomonidan bu jarayon yaxshi kutib olinadi. Izlanishga, harakatchan bo‘lishiga qiziqtirib boradi.

— Abituriyentlar kuniga ikki-uch soat mashg‘ulotlarda qatnashsa, vaqtining ko‘p qismini qanday sarflash o‘z ixtiyorida bo‘ladi. Shu vaqtni to‘g‘ri foydalanishida qanday yo‘l tutasiz?
— Biz xohlaymizmi, yo‘qmi ular bilan doimiy birga bo‘lolmaymiz, nazorat qilolmaymiz. Ota-onalar bilan o‘zaro yo‘lga qo‘ygan muloqotimiz ish beradi. Muntazam o‘quvchining bilim olishga bo‘lgan munosabatidan yaqinlarini xabardor etib boramiz. Ularni to‘g‘ri nazorat qilishlari, zarur sharoitni yaratib berishlarini aloqamiz davomida tushuntirib, eslatib boramiz. Bu, albatta, ijobiy natija beradi. Yaxshi natija ko‘rsatayotganlarni yana bir bor ma’nan qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsak, ozroq sustkashlikka yo‘l qo‘yayotganlarni esa hushyorroq bo‘lishga undaymiz.
AXIR BIZ HAM, OTA-ONALAR HAM ABITURIYENTLARNING YAXSHI NATIJALAR BILAN TALABA BO‘LISHINI XOHLAYMIZ.

— Yaqinda o‘zbek tilini bilish darajasini belgilovchi milliy sertifikat joriy etilishi kutilyapti. Yoshlarda munosabat qanday?
— Bu, albatta, ijobiy kutib olindi. Negaki, o‘z bilimiga ishongan va yetarli bilimga ega bo‘lib ulgurgan abituriyentlar ertaroq imtihon topshirib, (IELTS, TOEFL kabi chet tilini baholovchi sertifikatlar) sertifikatni qo‘lga kiritgach, boshqa fanlarni yanada chuqurroq o‘rganishga kirishadi. Bu vaqtni tejash hamda yuqori natijaga erishishni ta’minlaydi. Abituriyentlarimizning qariyb 70 foizi sertifikat olish uchun allaqachon harakatni boshlab yuborgan. Shu jihatdan o‘quv dasturimizni ham talablarga moslashtirib boryapmiz. Nazariy bilimlarni bilish barobarida ularda ijodiy fikrlash, bahsga kirisha olish mahoratini, yozma va og‘zaki nutq ko‘nikmasini shakllantirayapmiz.
— Aytingchi, faoliyatingiz uchun nega aynan “Registon” o‘quv markazini tanlagansiz?
— Birinchi navbatda, markazning nomi e’tiborimni tortgan. O‘zim samarqandlikman. “Registon” deb eshitsam, chin dildan faxrlanaman. Keyinchalik markazdagi muhit, jamoaning havas qilishga arzigulik ekanligi. Ular bilan bir safda bo‘lish istagi kuchlilik qila boshlagan. Bu yerda sizga xodim sifatida emas, shaxs sifatida munosabatda bo‘lishlari hurmatimni oshirgan. Shunday kishilarni bilaman: soatga termulib ishlaydi, “qachon ish vaqtim tugarkan-u, uyga ketarkanman”, — deb. Men esa tezroq shu yerga kelishni, vaqtimning asosiy qismini shu manzilda o’tkazishni istayman.
— Suhbat uchun tashakkur. Bilim berishdagi ezgu va mashaqqatli ish yo’lida omad tilaymiz!
— Sizga ham katta rahmat!
Ro‘ziqul OCHILOV