Qurolsiz jangchilar yoxud mavhumlikda qolayotgan abituriyentlar!
Jang maydoniga jangchilar qurol-yarog‘siz, aniq ko‘rsatma va amaliy ko‘nikmasiz borishi juda ham ayanchli holat-a?! Jang bo‘lishi aniq, qayerda bo‘lishi ham, hatto vaqtigacha aniq. Lekin jangchida jang to‘g‘risida hech qanday aniq bir tasavvur yo‘q, u qurol-aslahani umrida qo’liga ushlamagan. Bu holatda yakun qanday bo‘lishi barchamizga birday ma’lum… Ayni vaqtda abituriyentlarning taqdiri ham xuddi shunday!
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 12-oktabrdagi 646-son qarorida 2020-yil 1-dekabrdan boshlab bosqichma-bosqich bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga mos fanlar majmuasidagi umumta’lim fanlaridan bilish darajasini baholashning milliy test tizimi joriy etilishi belgilangan. Shunga binoan, 2020-yil 1-dekabr kuni ona tili va adabiyot (o‘zbek tili va adabiyoti, rus tili va adabiyoti, qoraqalpoq tili va adabiyoti) hamda matematika fanlari bo‘yicha talabgorlarni onlayn ro‘yxatga olish boshlandi. Arizalar qabul qilishning oxirgi muddati esa 20-dekabr etib belgilanibdi.
Qaror 12-oktabrda imzolangan bo’lsa, 1-dekabrdan talabgorlarni ro‘yxatga olish boshlandi. E’tiborlisi shundaki, qaror chiqqanidan so‘ng, salkam ikki oy davomida mas’ullar tomonidan milliy sertifikat tizimi haqida aniq bir mezon jamoatchilikka ma’lum qilinmadi. (Ehtimol, hali ishlab chiqilmagandir). Abituriyentlar esa bu borada hali ham aniq bir tasavvurga ega emas. DTMning 1-dekabr sanasidagi rasmiy xabarida ham baholash mezoni, testning o‘tkazilish tartibi haqida aniq ma’lumot berilmagan. Bu mavzu ham hamon mavhumligicha qolmoqda.
Holat yuzasidan jamoatchilik orasida, abituriyentlar ko’nglida savollar bisyor. Ko‘pchilikni qiynab kelayotgan savollardan ayrimlarini keltiramiz:
1. Umumta’lim fanlaridan bilish darajasini baholash milliy test tizimining maxsus baholash mezoni bormi?
2. Bor bo‘lsa, u jamoatchilikka ma’lum qilinadimi?
3. Qachon ma’lum qilinadi? Abituriyentlar test topshirib, imtihondan chiqqanidami?!
4. Test namunalari beriladimi?
5. Necha bosqichda o‘tkaziladi? (Ona tili va adabiyot fani misolida oladigan bo‘lsak, og‘zaki, yozma, test shaklidami yoki IELTS tizmiga o‘xshashmi?)
6. Ushbu sertifikat majburiy 3 ta fan (ona tili, matematika, O‘zbekiston tarixi) uchun ham amal qiladimi?
7. Abituriyentlar imtihonga tayyorlanish uchun qaysi o‘quv materiallaridan foydalanishi kerak?
DTM ning javobi: Test savollari davlat ta’lim standartlariga mos ravishda hamda ta’lim o‘quv dasturiga muvofiq ishlab chiqiladi.
8. Va eng asosiysi, sertifikat qay tartibda beriladi? Aniq mezon ishlab chiqilganmi?
DTMning javobi: Sertifikatga ega bo‘lgan abituriyentga sertifikatdagi o‘zlashtirish (60 va undan yuqori) foiziga mos ravishda oliy ta’lim muassasasi bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha test sinovlarida ushbu fandan belgilangan maksimal ballga nisbatan tabaqalashtirilgan (proporsional) ball beriladi. Masalan, matematika fanidan sertifikatga ega bo‘lgan abituriyentning sertifikatdagi o‘zlashtirishi 60 foiz, matematika fanining fanlar majmuasidagi o‘rni birinchi (har bir to‘g‘ri javob uchun 3,2 ball, 30 ta test topshirig‘iga maksimal 96 ball) bo‘lsa, uning 60 foizi 57,6 ballni tashkil etadi(3,2*30=96 ball, 96*60/100=57,6). Agar abituriyentning sertifikatdagi o‘zlashtirishi 80 foiz bo‘lsa, 76,8 ballni tashkil etadi (3,2*30=96 ball).
Endi yuqoridagi javobning bir jihatiga e’tibor qarataylik: IELTSda maksimal ball – 9. O‘quvchi 5.5 ball olsa ham(5.5 ball ham taqriban 60% lik natija), unga kirish imtihonlarida maksimal – 96 ball beriladi. Ammo ona tili va adabiyotdan shunday natijali sertifikatni qo‘lga kiritsa, unga 57,6 ball beriladi? Qaysi mantiq asosida? Nega o‘quvchi tavakkal qilib milliy test tizimiga tayyorlansin-u, 100% lik sertifikat ololmagani uchun unga maksimal ball berilmayapti? Unda bu sertifikatning kimga keragi bor? Bunaqa tabaqalashtirish adolatdanmi? Yoki abituriyentning 100%lik natija uchun qayta-qayta test topshirishidagi to‘lovi…
Har qanday abituriyent ham qaysidir fandan maksimal ballni ertaroq qo‘lga kiritib, o‘sha fandan “qutulish”ni va asosiy kuchni qolgan fanlarga qaratishni o‘ylaydi. Ammo bu vaziyatda maksimal ball berilmagach, ko‘pchilikning bu sertifikatdan hafsalasi pir bo‘lishi tabiiy!
Taklifim: Tabaqalashtirilgan ball berish tizimini butunlay bekor qilib, uning o‘rniga 70% va undan yuqori natijani qo‘lga kiritganlar uchun sertifikat berilsin. Lekin maksimal ball – 96 ball berilsin. Izoh: 60% lik natija uchun DTM maksimal ball berishni istamayotgan bo‘lsa, 70 %lik ballga bersin. ( 70% lik natijani qo‘lga kiritish ham hazil gap emas).
Xullas, yuqoridagi savollarga tezroq aniq, mantiqli javob kutib qolamiz. Mutasaddilar befarq qoldirmasdan, munosabat bildiradi, degan umiddamiz. Nima bo‘lganda ham, 2mln ga yaqin “jangchi” – abituriyent xalqining dardiga malham bo‘ladigan javob kutyapti…
Muhammad HAYDAROV,
“Registon” o’quv markazi