OTNI QAMCHILANG: MILLIY TEST TIZIMI START OLDI!
Yaxshi yangilik! 1-dekabrdan ona tili va adabiyot va matematika fani uchun ro‘yxatga olish boshlandi.
Hurmatli abituriyentlarimiz! Mana yana bir qulay imkoniyat uchun eshiklar ochildi. Xabaringiz bor, Vazirlar Mahkamasining joriy yilning 12-oktabrdagi qarorida 2020-yil 1-dekabrdan boshlab bosqichma-bosqich bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga mos fanlar majmuasidagi umumta’lim fanlaridan bilish darajasini baholashning milliy test tizimi joriy etilishi belgilangan edi. Qaror ijrosi boshlandi.
Fanlar bo‘yicha arizalar qachon qabul qilinadi?
Yuqorida tilga olingan qarorga ko‘ra, umumta’lim fanlari bo‘yicha sertifikatlash quyidagi muddatlarda joriy etiladi:
• 2020-yil 1-dekabrda ona tili va adabiyot (o‘zbek tili va adabiyoti, rus tili va adabiyoti, qoraqalpoq tili va adabiyoti) hamda matematika fanlari bo‘yicha;
• 2021-yil 1-fevralda kimyo va biologiya fanlari bo‘yicha;
• 2022-2024-yillarda fizika, geografiya va tarix fanlari bo‘yicha.
2020-yil 1-dekabr kuni ona tili va adabiyot (o‘zbek tili va adabiyoti, rus tili va adabiyoti, qoraqalpoq tili va adabiyoti) hamda matematika fanlari bo‘yicha talabgorlarni onlayn ro‘yxatga olish boshlandi.
Ariza topshirishda qanday hujjatlar talab etiladi?
Talabgor abituriyentlar sertifikat olish maqsadida test sinovida qatnashish uchun “Abituriyentlar ma’lumotlari va arizalarini ro‘yxatga olish tizimi” orqali elektron ariza berib ro‘yxatdan o‘tadi.
Ro‘yxatdan o‘tish quyidagi hujjatlar asosida amalga oshiriladi:
— shaxsni tasdiqlovchi hujjat: fuqarolik pasporti (fuqarolik pasporti bo‘lmagan taqdirda tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning yashash guvohnomasi) yoki ID kartasi;
— 3,5 x 4,5 sm o‘lchamli oq fondagi rangli fotosuratning elektron shakli (tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning yashash guvohnomasi bilan murojaat qilganda).
Abituriyentlar uchun Davlat test markazining rasmiy veb-saytida shaxsiy kabinet yaratiladi. Qayd etilgan hujjatlardan birortasi mavjud bo‘lmasa, tizim hujjatlarni qabul qilishni rad etadi.
Hujjat topshirish pullikmi?
Ha, albatta. Qarorda test sinovida ishtirok etish uchun abituriyentlardan bazaviy hisoblash miqdorining 1,5 baravari miqdorida to‘lov undirilishi belgilangan. Talabgor to‘lovni amalga oshirgandan so‘ng u ro‘yxatdan o‘tgan va Davlat test markazi bilan ommaviy oferta shartnomasi tuzilgan hisoblanadi.
To‘lov talabgor tomonidan amaldagi elektron to‘lov tizimlari orqali ariza berilgan kundan boshlab uch kun mobaynida amalga oshiriladi.
Sertifikat qancha muddatda amal qiladi?
Sertifikat test sinovi natijasi bo‘yicha eng yuqori ballning kamida 60 foizini to‘plagan shaxslarga 3 yil muddatga beriladi. 2021-2022-o‘quv yili qabulidan boshlab tegishli umumta’lim fanini (chet tili bundan mustasno) bilish darajasi to‘g‘risida davlat namunasidagi sertifikatga ega bo‘lgan abituriyentga sertifikatdagi o‘zlashtirish foiziga mos ravishda oliy ta’lim muassasasi bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha test sinovlarida ushbu fandan belgilangan maksimal ballga nisbatan tabaqalashtirilgan (proporsional) ball beriladi.
Talabgorlarni onlayn ro‘yxatga olish my.dtm.uz sayti orqali 20-dekabrga qadar davom etadi.
O‘z bilimizgizni sinovdan o‘tkazing, sertifikatga ega bo‘ling va vaqtingizni tejab qoling. Biz sizga ishonamiz, albatta, siz uddalay olasiz!