Xotirani qanday qilib yaxshilash mumkin?

Xotirani qanday qilib yaxshilash mumkin?

Bu savol ko‘pchilikka qiziq. Ayniqsa, abituriyentlar uchun. Chunki ko‘p hollarda o‘qigan narsasini tezda unutvorish, yodda saqlab qolishda muammoga duch keladi. Saytimiz kuzatuvchilari tomonidan ayni mavzu yuzasidan kerakli tavsiyaviy maqola tayyorlashimizni so‘rashgandi. Biz bugun xotirani kuchaytirish yo‘llari bilan sizlarni tanishtirishga harakat qildik.

Soha mutaxassislarining ma’lum qilishlaricha, har bir odam eshitgan ma’lumotlarining 30 foizini 20 daqiqadan so‘ng, 50 foizini yarim soatdan so‘ng unutib yuboradi. Bu jarayon o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan holat. Shunday ekan har qanday insonning o‘z xotirasini mustahkamlashga ehtiyoj sezadi. Xotira kuchli bo‘lsa, albatta, har qanday ishda unum bo‘ladi.

Xo‘sh, xotirani mustahkamlash, diqqatni jamlash uchun nimalarga e’tibor berish kerak?

Darrov yordamchi vositalarga oshiqman, xotirani jonlantiring!

Kundalik hayotimizda tez-tez uchrab turadigan oddiy bir holatni tasavvurimizda jonlantiraylik: Aytaylik, sizdan do‘stingizning telefon raqamini yoki ishxonangizning hisob raqamini so‘rab qolishdi. Bu ma’lumotlarni berish uchun darhol qo‘l telefoningizga yoki yon daftaringizga qarashga oshiqmang. Fikringizni bir yerga jamlab, eslab ko‘rishga harakat qiling.

Agar o‘z ustizda ishlashdan qochmasangiz va yaxshi natijaga erishmoqchi bo‘lsangiz, ko‘proq boshqotirma va krossvordlar, kichik-kichik matematik masalalar yeching. Shu tariqa, miyangizni ishlashga majbur qiling. Natijada sizda vaqt o‘tgan sayin eslab qolish qobiliyati yaxshilanayotganini his qilib borasiz.

Mutolaaga alohida vaqt ajrating

Har kuni bir necha sahifa bo‘lsa-da, kitob mutolaa qilishdan erinmang. Ayniqsa, she’r yodlash xotirangizni mustahkamlaydi. Eringmang. Ayni shu mashg‘ulotni muntazam barajib boorish orqali ham xotirangizni mustahkamlaysiz, ham ma’naviy boy bo‘lib borasiz!

Til o‘rganing

Xorijiy tillarni o‘rganish sizga yangi imkoniyatlar eshigini ochibgina qolmay, xotirangizni charxlaydi.

Jismoniy faollik

Ko‘proq harakat qiling. Sho‘x musiqalarga raqsga tushing, sport bilan shug‘ullaning. Jismoniy faollik qon aylanishini yaxshilaydi, asab tizimini faollashtiradi, idrok qilishni ta’minlaydi.

Ovqatlanish tartibi

To‘g‘ri ovqatlanish nafaqat salomatligimizda, balki, xotirani mustahkamlash jarayonida ham alohida ahamiyatga ega. Baliq, dengiz mahsulotlari, o‘simlik yog‘i, yong‘oq, ko‘kat va sabzavotlar iste’moli xotirani tiklashga yordam beradi.

Vitaminlarga boy mahsulot iste’mol qiling

Organizmda V 12 vitamini yetishmasligi natijasida eslash qobiliyati keskin pasayishi mumkin. Bu vitamin asosan baliq, go‘sht, tuxum, tovuq kabi mahsulotlarda ko‘p bo‘ladi.

Uzum sharbatidan har kuni iching

Hardamxayollikdan aziyat chekayotgan bo‘lsangiz, uzum sharbatini kundalik ovqatlanish tarkibiga kiriting. U xotirani mustahkamlash bilan birga yoshartirish xususiyatiga ham ega.

Uyqu

Yaxshi uyqu – salomatlik garovi, deb bejiz aytishmagan. Tiniqib uxlaydigan insonning uzoq umr ko‘rishi tibbiy jihatdan ham isbotlangan. Uyqusizlikdan aziyat chekadiganlarga nisbatan tiniqib uxlagan kishilarda ma’lumotlarni eslash qobiliyati ikki karra ortiq bo‘ladi.