Yoddan saqlash sirlari: samarali 6 usuli
Telegramdagi kanalimiz va suhbatlar guruhiga bizni doimiy ravishda kuzatib boruvchi abituriyentlarimiz tomonidan xotirani mustahkamlash va tez yodda saqlab qolishni o‘rgatuvchi maqolalar tayyorlashimizni so‘rashgandi. Shundan kelib chiqib yaqinda saytimizda “Xotirani qanday qilib yaxshilash mumkin?” nomli maqola e’lon qilgandik. Bugun esa yodda saqlab qolish usullari bilan o‘rtoqlashamiz!
Ehtimol, sizda eslab qolish bilan bog‘liq muammolar bordir. Agar shunda bo‘lsa, ushbu holatga tan bermang. “Mening xotiram yomon ekan”, degan xulosaga kelishga shoshilmang. Chunki, avvaliga barchada dastlabki ma’lumotlar deyarli bir xil bo‘ladi. Eslab qolishni o‘rganish uchun aynan o‘zingizga to‘g‘ri keladigan usulni tanlab olishingiz kerak. Quyida bunday usullarning eng qiziqarlilari bilan tanishishingiz mumkin:
Xat yozing
Bu sizga g‘alati tuyilishi va buning eslab qolishga qanday foydasi bo‘lar edi deb o‘ylashingiz mumkin. Nima uchun xat yozish kerakligini bilishni xohlaysizmi? Unda eshiting: tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, o‘qib-o‘rganishga kirishishdan avval 15-20 daqiqa davomida qayg‘uli xayollaringizni, xuddi shuningdek, mayda-chuyda ko‘ngilsizlaringizni eslab, qog‘ozga tushirsangiz, o‘qish samaradorligi keskin ortadi. Nega deysizmi? Gap shundaki, biz barcha salbiy narsalarni tekshirib o‘tirmay juda yaxshi eslab qolamiz, undan keyingi barcha axborotni ham miya “yomon” deb qabul qiladi. Demak, har qanday ma’lumot ishonchli tarzda qayd etadi.
Tabiat bag‘rida bo‘ling!
Michigan universiteti psxixologlari tabiatni kuzatish kognitiv funksiyani naq 20 foizga oshirishini aniqlaganlar. Ularning xulosalari ya’na shuni ko‘rsatadiki, buning uchun tabiat qo‘yniga chiqish shart emas. Bunga alohida vaqt sarflashni xohlamasangiz, tabiat aks etgan fotosuratlarga 5-10 daqiqa qarash ham kifoya qiladi.
Baland ovozda baqiring
Baland ovoz bilan aytilgan so‘zlar 10 foizga yaxshiroq esda qoladi. Har bitta so‘zni baland ovozda va dona-dona qilib talaffuz qilish orqali ko‘proq so‘zlarni yodingizda saqlay olasiz.
O‘zingizni eshiting
Yana bir foydali tavsiyalardan bir ma’lum bir axborotni o‘rgangach, uni diktofonga yozib oling. Uxlash paytida uni sekingina eshiting — uning sadosi ostida aynan uxlash kerak. Allaqachon tanish, ammo eslab qolish qiyin bo‘lgan narsalarni mustahkamlash uchun bu ajoyib usul.
Yurib yodlang
She’r, darslik va ma’ruzalarni yodlash chog‘ida xona bo‘ylab aylanib yuring. Gap shundaki, yurish miya faoliyatini kuchaytiradi va sizning eslab qolish qobiliyatingiz ancha oshadi. Va bu albatta ijobiy natija beradi. Ishonmasangiz, o‘zimgizda sinab ko‘ring.
Muhitni o‘zgartiring
Agar siz bir kunning o‘zida ikkita imtihonga yoki majlisga tayyorlanishingiz kerak bo‘lsa, buni turli xonalarda amalga oshiring. Biz turli muhitlarda eslab qoladigan ma’lumot boshimizda aralashib ketmaydi.