Eng qiyini — “inglizcha so‘z yodlash”mi?
Ha, bu mavzuga qiziqdingizmi, demak, sizda ham ingliz tilidan so‘z yodlash bo‘yicha muommoga duch kelgansiz. O‘ylaymizki, hozir siz bilan o‘rtoqlashadigan ma’lumotlarimiz bu muammoni ozgina bo‘lsada yengillatishga yordam beradi. Odatda ikkinchi til sifatida o‘rganilganda ingliz tilidagi so‘zlarni yodlab olish juda ko‘p mehnat talab qilinishi mumkin. Ammo, chin dildan harakat qilinsa, hammasiga erishish mumkin.
Agar siz yodlagan so‘zlaringizni juda tez esdan chiqarib yuborayotgan bo‘lsangiz, quyidagi bir necha tavsiyalarga amal qilgan holda ingliz tilidagi so‘z boyligingizni sezilarli darajada oshirishingiz mumkin. Qolaversa, mavjud so‘zlaringizning yodda qolishini ta’minlaydi.
Siz uchun 4 ta qoidani tavsiya qilamiz:
1. Avvalo yaxshi lug‘at sotib oling. (Telefondagi elektron lug‘atlarni tavsiya qilmaymiz. Chunki telefonda xayolingiz bo‘linishi mumkin).
Ishni ikkita lug‘at sotib olishdan boshlang.
Birinchi lug‘at kichik, ixcham, o‘zingiz bilan har joyga olib boriladigan lug‘at bo‘lsin;
Ikkinchi lug‘at esa katta, so‘zlarning eng ko‘p ma’nolari berilgan, advanced bosqichidagi o‘rganuvchilar uchun mo‘ljallangan lug‘at bo‘lishi kerak.
Kichik lug‘atingizni imkon qadar yoningizda olib yurishga va har qanday holatda bo‘lmasin bo‘sh vaqt topishingiz bilan yangi yodlayotgan so‘zlaringizni takrorlab borishga harakat qiling.
Takrorlash so‘zlarni yodlashda ancha samarili yordam beradi. Katta lug‘atdan esa yangi yodlashingiz kerak bo‘lgan so‘zlarning ro‘yxatini tuzishda, siz uchun qiyin bo‘lgan matnlarni tarjima qilishda foydalaning. Har ikkala holatda ham asosiy e’tiboringizni so‘zlarni qisqa fursat ichida, ammo tez-tez takrorlab turishga qarating.
2. Ingliz tilidagi matnlarni ko‘proq o‘qing. (Avval kichikroq matnlardan boshlab, so‘ngra hajmni kattalashtirib boring)
Matnlarni o‘qish orqali juda ko‘p narsani o‘rganishingiz mumkin. Qanchalik ko‘p o‘qisangiz, shunchalik ko‘p siz uchun yangi bo‘lgan so‘zlarni topasiz. Hozirda yodlanayotgan so‘zlaringizni takrorlaysiz va to‘liq yodlab olgan so‘zlaringizni mustahkamlaysiz.
O‘qiganda esa sifatli o‘qish yaxshi foyda beradi. Shuning uchun o‘qiyotgan paytingizda o‘qilayotgan matn mazmuni haqida o‘ylashga harakat qiling. Bu bilan siz matn muallifi nima demoqchi bo‘layotganini yaxshiroq tushunasiz va o‘qilayotgan so‘zlarga ko‘proq e’tibor berasiz.
Oldi-qochdi matnlarga nisbatan badiiy ruhda yozilgan matnlarni, asarlar yoki badiiy adabiyotlardan parchalarni o‘qish yaxshiroq samara beradi. Shuning uchun ham o‘qishda matnning yozilish uslubini hisobga olish katta ahamiyatga ega.
3. Lug‘atdan foydalanishga erinmang, jiddiyroq qarang.
O‘rganuvchilarning yarmidan ko‘prog‘i o‘zlari uchun notanish bo‘lgan so‘zga duch kelib qolishganda lug‘atni ochib so‘z qidirishga erinishadi. Bu esa so‘z yodlashdagi eng katta xatolardan biri. Hech qachon so‘zning ma’nosini matnga qarab tahmin qilib topishga urinmang. Lug‘atdan shu so‘zni topishga harakat qiling. Bu usul bilan siz nafaqat so‘zning matnda berilgan ma’nosini, balki boshqa ma’nolarini ham yod olib borasiz.
4. Lug‘atlar uchun daftar tuting.
Tabiiyki, lug‘at kitobida so‘zlar juda ko‘p. Siz ularning hammasini ham yodlamasligingiz, ularning hammasidan foydalanmasligingiz mumkin. Bu o‘rinda lug‘at daftar tutish siz uchun eng ko‘p ishlatiladigan yangi so‘zlarni jamlash imkonini beradi. Lug‘at daftar tutishning asosiy qulayliklaridan biri — siz uni o‘zingiz xohlaganday yuritishingiz, yodlanayotgan ibora yoki so‘zlarni istalgan usulda guruhlashingiz mumkin.
Yana bir jihatni ta’kidlab o‘tishimiz lozim: “ingliz tilida so‘zlarni yodlash qiyin” degan fikrni tezroq unuting! Bu oson. Faqat samarali usullardan unumli foydalansangiz hamda yodlashga nisbatan harakatni oshirsangiz kifoya. So‘zlarni yodlashning birdan-bir samarali usuli — qisqa vaqt ichida tez-tez takrorlab turish!