Abituriyentlarni arosatda qoldirishdan kimlar manfaatdor?
Ijtimoiy tarmoqlarda abituriyentlarga oid xabarlar, bu xabar ortidan asossiz turli mazmundagi gaplar tarqalmoqda. Gap shundaki, bugun DTM mas’ullari ishtirokida majburiy fanlardan test sinovlari bu yil ham boʻlmasligi mumkinligi haqida aytilmoqda.
Matbuot anjumanida Davlat test markazi boshqarma boshligʻi Farhod Mirzayev bu yil ham oʻtgan yilgidek pandemiyani hisobga olib, test sinovlari 5 ta emas, 2 ta yoʻnalishga mos fanlardan boʻlishi mumkinmi, degan savolga aniq va ravshan javob bermadi.
Farhod Mirzayevning aytishicha, Davlat qabul komissiyasining qaroriga koʻra oʻtgan yilgidek 3 ta majburiy fandan test sinovlari bu yil ham boʻlmasligi mumkin. Bunga tegishli takliflar kiritilgan. E’tiborni qaratish lozim bo‘lgan jihat mavjud. Ya’ni kirish imtihonlari 5 ta fandan emas, 2 ta fandan bo‘ladi degan gap emas bu.
Endi ushbu ma’lumotlarga diqqatingizni qaratamiz.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy taʼlim muassasalariga test sinovlari orqali qabul qilish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori asosida muhim o‘zgarish kiritilgan. 2021/2022 oʻquv yili qabulidan boshlab test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasini ikki boʻlimga ajratib, birinchi boʻlimga barcha test topshiruvchilar uchun majburiy uchta fan — ona tili (oʻzbek, rus yoki qoraqalpoq tili), matematika va Oʻzbekiston tarixi, ikkinchi boʻlimga abituriyent tanlagan bakalavriat taʼlim yoʻnalishiga mos ikkita fanni kiritish belgilangan. O‘tgan yilgi yurtimizda pandemiya holatini inobatga olgan holda, faqat ta’lim yo‘nalishiga mos ikkita fandan imtihon tashkil qilindi.
Va joriy yildagi kirish imtihonlarida Prezident qarori asosida 5 ta fandan imtihon bo‘lishi aytildi.
Qolaversa, O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasining joriy yilning 7-martdagi 10-son bayoni bilan 2021-2022-o‘quv yili uchun respublika oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga mos test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi, test topshiriqlari soni hamda baholash mezonlari tasdiqlandi. Ushbu bayonda ham 5 ta fandan imtihon olinishi ko‘zda tutilgan.
Endi birgina matbuot anjumanida ehtimolliligi yuqori bo‘lgan ma’lumotning berilishi va bu tez suratlar bilan abituriyentlar orasida bu yil ham faqat 2 ta fandan imtihon topshiriladi degan fikrni shakllantirishi mutloqo noto‘g‘ri. Chunki birinchidan bu ma’lumot aniq tasdig‘iga ega emas, ikkinchidan hali pandemiya qanday tus olishi hammamizga qorong‘u.
Shunday ekan, fikrni bo‘lmay qattiq tayyorgarlik ko‘rishda davom eting. Mantiqan qaraydigan bo‘lsak, “Siz jangga chiqayapsiz, qanchalik kuchli qurollangan bo‘lsangiz hamda mustahkam himoyaga ega bo‘lsangiz, g‘alabaga yaqin turasiz”. Asossiz xabarlarga ishonib, “qurol”laringizni yo‘l-yo‘lakay ortiqcha deb tashlab ketmang!
Birgina misol: O‘tgan yil jurnalistika ta’lim yo‘nalishidan chet tili imtihoni chiqarilgani hamda ona-tili va adabiyoti va ijodiy imtihon olinishi aytildi. Shu soha bo‘yicha tayyorgarlik ko‘rayotganlar chet tiliga kam e’tibor qaratishdi. Hattoki, kirish imtihonlariga sanoqli kunlar qolganida ham shu fikrda edi. Ammo juda kam vaqt qolganida ijodiy imtihon olinishi bekor qilindi va uning o‘rniga chet tilidan imtihon bo‘lishi aytildi. Buning natijasida ancha abituriyentlarning “boshi devorga urildi”.
O‘RINLI SAVOL TUG‘ILADI: Abituriyentlarni arosatda qoldirishdan nima naf? Nega hali unday, hali bunday qarorlar qabul qilinadi? Biri ikkinchisini inkor qiladi?
P/S: Hurmatli abituriyentlar, bilim hech qachon ortiqchalik qilmaydi. Asossiz, o‘z tasdig‘ini topmagan ma’lumotlarga e’tiboringizni chalg‘itmang. Maqsadingiz yo‘lidagi intilishlaringizda vaqt yo‘qotmang! Harakatni susaytirmang, niyatlaringizni ijobat qiling! Jangda sizning qurolingiz faqat bilim!