Andijon va Buxoroda Pedagogika institutlari tashkil etildi
Hukumatning tegishli qarori bilan Andijon va Buhoro davlat universitetlarining Pedagogika institutlari tashkil etildi.
Xalqaro baholash dasturlari (PISA, TIMSS, PIRLS) va STEAM standartlaridan foydalanish, aniq va tabiiy fanlarni oʻqitish va baholashning zamonaviy shakllari, metodlari, texnologiyalarini joriy etish hamda ushbu bilim va koʻnikmalarga ega boʻlgan pedagoglarni tayyorlash Institutlarning asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi.
Institutda oʻquv jarayoni 2021/2022-yilidan boshlanadi.
Institutda oʻquv dasturlari oʻzaro yaqin boʻlgan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlarini birlashtirgan holda bitiruvchilarga ikkita kvalifikatsiya berish yoʻlga qoʻyiladi.
Shuningdek, Institutlar taklifi asosida oʻquvchilarni pedagogik kasbga yoʻnaltirish maqsadida Andijon va Buxoro viloyatlaridagi yetakchi taʼlim muassasalarining 10 tasida quyidagilar tashkil etiladi:
3–4-sinf oʻquvchilari uchun “Oʻqish va matematik savodxonlik boʻyicha sinflar”;
8–9-sinf oʻquvchilari uchun “Matematik va tabiiy fanlar savodxonligi boʻyicha sinflar”;
10–11-sinf oʻquvchilari uchun “Pedagogik sinflar”.
2021/2022 oʻquv yilidan Andijon va Buxoro davlat universitetlarida pedagogika taʼlim sohasining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va ularning negizidagi tegishli magistratura mutaxassisliklari boʻyicha qabul toʻxtatiladi.