SamDU qoshida O‘zbek-fin pedagogika instituti ochilishi rejalashtirilmoqda
Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspektsiyasi, Tashqi ishlar vazirligi, Finlyandiyaning O‘zbekistondagi faxriy konsulligi hamda Finlyandiyaning “FinEst Bay Area” va “Edunation Finland” kompaniyalari hamkorligida O‘zbekiston – Finlyandiya ta’lim transformatsiyasi bo‘yicha onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Samarqand davlat universiteti va Finlyandiyaning Turku universiteti o‘rtasida memorandum imzolandi. Unga ko‘ra, SamDU qoshida O‘zbek-fin pedagogika instituti tashkil etilishi rejalashtirilmoqda.
Samarqand davlat universiteti bilan maktabgacha ta’lim va maktab o‘qituvchilarini tayyorlash bo‘yicha hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yiladi.
2025 yilga qadar Finlyandiya bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan ta’lim loyihalarga jalb etiladigan talabalar soni 10 000 nafar yetkazilishi mo‘ljallanmoqda. Mazkur natijaga asosan, qo‘shma ta’lim dasturlari va boshqa loyihalar orqali erishilishi rejalashtirilgan. Shu bilan birgalikda, O‘zbekistonda Finlyandiya oliy ta’lim muassasalari filiallarini ochish imkoniyatlari o‘rganib chiqiladi.
Muzokaralarda shuningdek, mamlakatimizda Finlyandiya dasturi asosida pedagoglarni tayyorlash bo‘yicha ham ham loyihalar amalga oshirilishi ta’kidlandi.
Imzolangan memorandumga ko‘ra Samarqand davlat universitetida talabalar uchun finlyandiyalik mutaxassislar tomonidan ma’ruzalar, konferentsiyalar o‘quv dasturlari va qisqa ta’lim kurslari bilan bir qatorda o‘qituvchilar malakasini oshirish dasturi ham yo‘lga qo‘yiladi.
Shu bilan birgalikda, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida talabalar va ilmiy xodimlar almashinuvi va qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish ham ko‘zda tutilgan.
Ma’lumot uchun, Turku universiteti Finlyandiyaning eng yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan biri hisoblanib, QS 2021-reytingida 287-o‘rinni egallagan. Bugungi kunda universitetda 20 000 nafardan ortiq talaba 8 ta yo‘nalish bo‘yicha tahsil oladi.