Jizzaxda Hindistonning Sambhram texnologiya instituti filiali ochiladi
Jizzax viloyati hokimligida Hindistonning Sambhram guruhining filiali hisoblanadigan Sambhram texnologiya instituti filialining ochilishi yuzasidan uchrashuv oʻtkazildi.
Uchrashuv davomida viloyat hokimi Ergash Soliyev va Hindiston delegatsiyasi rahbari Nagaraj Venkatesh Sambhram Jizzaxda Sambhram texnologiya instituti filalini ochish toʻgʻrisida kelishuv memorandumini imzoladi.
Delegatsiya rahbari Sambhram guruhining raisi, doktor Nagaraj Venkatesh Sambhram Hindiston va Oʻzbekiston oʻrtasida har tomonlama, ayniqsa, axborot texnologiyalari sohasida aloqalar rivojanib borayotganini taʼkidlagan.
Maʼlumot uchun, Sambhram guruhi va uning filiali boʻlgan Sambhram texnologiya instituti Hindistondagi oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida birinchi oʻrinda turadi. Jahonning 31 mingdan ziyod oliy oʻquv yurtining orasida kuchli 300 talik qatorida.
Kuchli boshqaruv bazasi va bir xil darajada kuchli resurslar bazasiga ega boʻlganligi tufayli Sambhram guruhi taʼlim, sogʻliqni saqlash, uy-joy qurish, mulkni rivojlantirish, mehmonxonalar va dam olish joylaridagi xizmatlari bilan keng tanilgan. 30 yillik izchil va sifatli taʼlim tajribasiga ega, dunyo boʻylab 7 filiali, xalqaro kampuslari — talabalar shaharchasi mavjud.
Jizzaxda tashkil etilishi moʻljallanayotgan institutda 6 ta fakultet boʻlishi koʻzda tutilgan.