Psixologiya taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha qabul parametrlari 30 foizga oshiriladi

Psixologiya taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha qabul parametrlari 30 foizga oshiriladi

2021/2022 oʻquv yilida:

Oliy taʼlim tizimida fizika fanlari sohalarga moslashtirilgan holda oʻqitiladi.

Shuningdek, Samarqand davlat universiteti tuzilmasida fizika sohalari boʻyicha kadrlar tayyorlovchi “Samarqand davlat universitetining muhandislik fizikasi instituti” tashkil etiladi.

Respublika OTM biologiya yoʻnalishlarining 3 va 4-kurslarida tahsil olayotgan iqtidorli talabalar tarkibidan alohida guruhlarda chuqurlashtirilgan oʻqitish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi.

Bundan tashqari, barcha qishloq xoʻjaligiga ixtisoslashgan kollej va texnikumlarda “Dorivor oʻsimliklar yetishtirish agrotexnologiyasi” yoʻnalishi ochiladi.

Psixologiya sohasidagi taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha davlat buyurtmasi asosidagi qabul parametrlari 30 foizga oshiriladi.

Kimyo va biologiya yoʻnalishlarida kadrlar tayyorlayotgan barcha OTMlar maktab bitiruvchi sinf oʻquvchilari oʻrtasida koʻp bosqichli (tuman (shahar) – viloyat – OTM) kimyo va biologiya fani boʻyicha oʻzining olimpiadasini oʻtkazadi va 1-3 oʻrinlarni egallagan oʻquvchilarni OTMning mablagʻlari hisobidan imtihonsiz oʻqishga qabul qiladi.

OTMlarning kimyo va biologiya taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha imtiyozli diplomga ega boʻlgan bitiruvchilari mazkur OTMning magistraturasiga qoʻshimcha imtihonlarsiz toʻlov-kontrakt asosida qabul qilinadi.

OTMlarning kimyo va biologiya mutaxassisligini aʼlo baholar bilan tamomlagan magistrlarni tayanch doktoranturaga OTMning kengashi qarori asosida imtihonlarsiz toʻgʻridan-toʻgʻri kvota doirasida qabul qilish tartibi joriy qilinadi.