Fiskal institutiga kimlar imtihonsiz qabul qilinadi? 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Fiskal institut va soliq texnikumlari faoliyatini tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab quyidagi tartib joriy etiladi:

— Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Fiskal institutning bakalavriat ta’lim yo‘nalishi kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha o‘qish davomiyligi 4 yil, sirtqi ta’lim shakli bo‘yicha 5 yil etib belgilanadi;

— Institutning magistratura mutaxassisliklari kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha o‘qish davomiyligi 1 yil hamda masofaviy, sirtqi va kechki ta’lim shakli o‘qish davomiyligi 2 yil etib belgilanadi;

— davlat organlarining markaziy apparatida soliqlar va soliqqa tortish, moliyaviy nazorat va audit hamda soliq, moliya va tijorat huquqi, shuningdek iqtisodiyotda axborot texnologiyalari sohalarida kamida 5 yil ish stajiga ega rahbar xodimlarni Institut magistraturasiga ishlab chiqarishdan ajralmagan holda masofaviy, sirtqi va kechki ta’lim o‘qitish dasturlari bo‘yicha o‘qishi uchun qabul qilish tegishli davlat organining birinchi rahbari tavsiyasiga ko‘ra kirish test sinovlarisiz, to‘lov-shartnoma asosida qabul parametrlaridan tashqari amalga oshiriladi;

— Institutda bakalavriatni imtiyozli tugatgan bitiruvchilar, istisno tariqasida, Institut magistraturasiga test sinovlarisiz, to‘lov-shartnoma asosida, o‘qish qiymatining 50 foizini to‘lab, qabul parametrlaridan tashqari, o‘qishni tugatgandan so‘ng davlat soliq xizmati organlarida kamida 3 yil uzluksiz ishlash majburiyatini yuklagan holda qabul qilinadi.

Shuningdek, “temir daftar”ga kiritilgan oilalarning farzandlari bo‘lgan hamda Institutga talabalikka tavsiya etilgan yoshlar uchun to‘lov-shartnomasi yoki subsidiya ajratish orqali moliyalashtiriladigan alohida qabul parametrlari belgilanishi mumkin.

Shuningdek, Fiskal institutiga soliq tizimida ishlayotgan va ikki yillik ish stajiga ega bo‘lgan soliq texnikumlar, shu jumladan Farg‘ona, Toshkent, Buxoro soliq kollejlari bitiruvchilari institutning bakalavr yo‘nalishiga kirish imtihonlarini topshirmasdan suhbat asosida o‘qishning ikkinchi yilidan boshlab o‘qishga kontrakt asosida qabul qilinadi.

Iqtidorli talabalar uchun O‘zbekiston Respublikasi davlat soliq qo‘mitasining Moddiy yordam, ijtimoiy himoya, soliq organlarini rivojlantirish va ko‘zda tutilmagan xarajatlar maxsus jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan grantlar ajratiladi.

 

Xabarni do'stlaringiz bilan o'rtoqlashing!