IELTS va boshqa xalqaro sertifikat olganlarga imtihon xarajatlari to‘lash boshlandi
Xabaringiz bor, joriy yildan boshlab IELTS va boshqa xalqaro sertifikat olganlarga imtihon xarajatlari qaytarilishi belgilangan edi.
1-maydan ushbu tizim yoʻlga qoʻyildi va bugunga qadar IELTS, SAT, TOYEFL, GMAT, GRE kabi xalqaro imtihon tizimlarida yuqori natijaga erishgan 290 nafar yoshlarning xarajatlari Yoshlar ishlari agentligi tomonidan toʻlab berildi. Bu qariyb 523,5 mln soʻmni tashkil etdi.
Yoshlardan bugungacha kelib tushgan arizalarning 142 tasi Davlat xizmatlari markazi orqali, 319 tasi esa my.gov.uz portali orqali kelib tushgan. 171 nafar arizachining talabi rad etildi. Buning sababi ushbu arizachilar mazur qaror kuchga kirishidan avval sertifikatni qoʻlga kiritishgan.
Bu imkoniyatdan 30 yoshgacha boʻlgan barcha yoshlar birdek foydalanishlari mumkin. Buning uchun yoshlar 1-maydan keyin IELTS, SAT, TOEFL, GMAT, GRE kabi imtihonlarda yuqori natija qayd etgan boʻlsalar, Davlat xizmatlari markazlari yoki my.gov.uz portali orqali murojaat qilishlari mumkin.
Bundan tashqari, 2022-yil 1-yanvardan boshlab yana 13 turdagi xalqaro imtihon tizimlarida yuqori natijaga erishgan yoshlarning imtihon xarajatlarini toʻlab berish boshlanadi.
Ma’lumot o‘rnida: imtihon topshirish xarajati kompensatsiya qilinadigan xalqaro imtihon tizimlari roʻyxati tasdiqlangan. Mazkur roʻyxatga GMAT, IELTS, TOEFL, GRE, SAT kabi imtixonlar kiritilgan. Imtihon topshirish xarajati 2021-yil 1-maydan boshlab kompensatsiya qilinishi boshlaydi.
CAE, DAF, JLPT, HSK va boshqalar boʻyicha xarajatlar 2022-yil 1-yanvardan boshlab kompensatsiya qilinadi. Ariza beruvchi imtihon topshirish vaqtida 30 yoshga kirmagan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs boʻlishi mumkin.
Imtihon xarajatlari Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi tomonidan qoplanadi. Ushbu davlat xizmatini olish uchun Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qilishi mumkin.
Soʻrovnomaga imtixon topshirish xarajati toʻlanganini tasdiqlovchi toʻlov kvitansiyasi hamda maxsus sertifikat PDF shaklida ilova qilinishi kerak. Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi 15 kunda arizachining sertifikatini verifikatsiyadan oʻtkazadi.
Sertifikatning haqiqiyligini verifikatsiya orqali aniqlash imkoni boʻlmasa, Yoshlar ishlari agentligi 30 kunda maxsus sertifikatning haqiqiyligini tasdiqlashni soʻrab xorijiy tashkilotga soʻrov yuboradi.
Imtihon topshirish xarajati quyidagi talablarga javob berganda kompensatsiya qilinadi:
imtihonlarning biri yoki bir nechtasi boʻyicha imtihon topshirish xarajati kompensatsiya qilinishi uchun toʻplanishi lozim boʻlgan yuqori ball (daraja)ning minimal koʻrsatkichi yoki undan yuqori natija qayd etilganda;
maxsus sertifikat berilgan sanadan boshlab 180 kalendar kun oʻtmasdan kompensatsiya tshlashni soʻrab murojaat qilganda;
maxsus sertifikatda koʻrsatilgan imtihon natijasining haqiqiyligi va toʻgʻriligi Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi tomonidan tasdiqlanganda.
SMS-xabar orqali ijobiy javob olganidan soʻng, ariza beruvchi kompensatsiyani olish uchun oʻzi tanlagan Xalq bankining filialiga murojaat etishi kerak.