Toshkentda yangi universitet tashkil etiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan bugun, 23 iyun kuni «Yangi O‘zbekiston» universitetini tashkil etish to‘g‘risida»gi qaror imzolandi.
Toshkent shahrida «Yangi O‘zbekiston» universiteti tashkil etiladi va davlat oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi.
Universitetning asosiy vazifalari quyidagilar etib belgilandi:
nufuzli xorijiy oliy o‘quv yurtlarining ta’lim dasturlari asosida yuksak zamonaviy kasbiy bilim va malakaga ega bo‘lgan, xalqaro miqyosda raqobatbardosh, istiqbolli kadrlarni tayyorlash;
o‘quv-tarbiya jarayonini ilg‘or pedagogik va zamonaviy axborot texnologiyalarini qo‘llagan holda jahonning yetakchi universitetlarida joriy etilgan ta’lim texnologiyalari va usullari asosida tashkil etish;
talabalarning intellektual qobiliyatini rivojlantirishga xizmat qiladigan har tomonlama qulay ta’lim muhitini shakllantirish;
ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi mavjud ehtiyojlardan kelib chiqib, ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, shuningdek chet ellardagi nufuzli, tan olingan ilmiy markazlar bilan yaqindan hamkorlik qilish, talabalarni ilmiy va innovasion faoliyatga keng jalb etish;
Prezident maktablari, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarga metodik yordam ko‘rsatish.
Universitetda ta’lim jarayoni 2021/2022 o‘quv yilidan boshlanadi hamda davlat va ingliz tillarida, kredit-modul tizimi asosida olib boriladi. Ta’lim jarayoni davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
Iqtidorli talabalarning ta’lim olishini qo‘llab-quvvatlash uchun davlat granti quyidagilarga nisbatan tatbiq etiladi:
xalqaro darajadagi tegishli dasturlar (International Baccalaureate, Advanced Placement, International Advanced Levels) diplomi yoki sertifikatiga ega Prezident maktablari bitiruvchilariga;
Agentlik tizimidagi ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar uchun ajratiladigan qabul parametrlariga muvofiq kirish imtihonlari asosida ushbu maktablar bitiruvchilariga;
Universitetga kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan quyidagi:
Xalqaro matematika olimpiadasi (IMO),
Xalqaro fizika olimpiadasi (IPhO),
Xalqaro kimyo olimpiadasi (IChO),
Xalqaro biologiya olimpiadasi (IBO),
Xalqaro informatika olimpiadasi (IOI) g‘oliblariga;
Universitetga kirish imtihonlarida yuqori ball to‘plagan O‘zbekiston fuqarolariga;
Universitetga kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan «Ijtimoiy himoya yagona reyestri»ga kiritilgan oilalar farzandlariga.
Universitet bitiruvchilariga O‘zbekiston Respublikasida oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadigan diplom beriladi. Universitetni tamomlagan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan:
Milliy kadrlar zaxirasiga olinadi;
besh yillik ish tajribasidan so‘ng rahbarlik lavozimiga tayinlanadigan istiqbolli nomzodlar ro‘yxatiga kiritiladi.
Talabalarni qabul qilish parametrlari Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi bilan kelishgan holda Universitet tomonidan o‘rnatiladi.