Matematika iqtidor emas, diqqat-e’tibor talab etadi yoxud matematika fanini o‘zlashtirish sirlari
Oʻylab qarasak, olam asli matematika asosiga qurilganday. Nega deysizmi? Misol uchun, yashayotgan uyimiz, maishiy texnika, bozor va supermarketlardagi xaridlar, avtobus va taksidagi yoʻl haqi, koʻcha-koʻydagi reklama yozilgan peshtaxtalardan tortib qoʻlimizdagi telefon…gacha raqamli texnologiya, hammasi — MATEMATIKA!
Koʻpchilik fizika va matematikani tushunish qiyin, javobsiz jumboqlar nihoyatda koʻp, deb hisoblaydi. Vaholanki, ozgina mantiqqa tayanib, fikrlash qobiliyatimizni ishga solsak, uni oʻrganish nihoyatda oson ekan. Bu gaplarni oʻzimdan “toʻqib” chiqarayotganim yoʻq, albatta. Tajribali pedagog Mirzoulugʻbek QURBONOVning fizika-matematika fanini oʻqitishdagi, oʻrganishdagi tajribalari borasida suhbatlashdik.
Matematikani oʻzlashtirish biz oʻylaganchalik qiyinmi?
Dunyo yumaloq. Atrofdagi jamiki narsalar matematika asosiga qurilgan. Hatto Eng zoʻr kashfiyotlarning ham poydevori matematika hisoblanadi. Bu fanni oʻzlashtirish oson. Hatto juda oson! Faqat biz ongimizda vahimali toʻsiqlar yasab, xayolimizda matematikaga eltadigan yoʻlimizda toʻrtburchak chegaralar qoʻyib tashlamasak bas. Orzularimizgacha shunchaki fikrlash, mantiqni ishga solish kabi yaqin yoʻl turganda, uzoq masofalarni bosib, aylanib yurishimiz aqlga sig‘mas holatdir. Achinarli jihati shundaki, uchburchak marraning yuqori choʻqqisiga hammamiz ham chiqa olmaymiz. Murakkabliklar, misol-masalalarni ishlashdagi qiyin yoʻllarda aylanib-aylanib, koʻpimiz boshi berk koʻchaga kirib qolamiz. Adashib qolamiz. Avvalo, shu odatdan voz kechib, chin koʻnglidan harakat qilsak, marra bizniki boʻladi!
Bu fanni oʻzlashtirish uchun alohida qobiliyat kerakmi?
Aslini olganda, fizika-matematika oʻz nomi bilan aniq fan. Lugʻat yodlamaysiz, miyaning qatigʻini chiqarib xayol surmaysiz, “Amerika kashf etmaysiz”. Berilgan misol-masalani oʻz formulasiga qoʻyib, oldingizdagi topshiriqni his qila olsangiz boʻlgani. Qarabsizki, savolni koʻrishingiz bilan javobi koʻz oldingizda muhayyo boʻladi.
Matematikani oʻzlashtirish uchun alohida qobiliyat talab etilmaydi. Ozgina diqqat qilib, eʼtibor bilan, fanni oʻrganishga astoydil kirishsangiz kifoya. Salomga yarasha alik deganlariday, siz matematikaga qanchalik mehr qoʻyib, yaxshi munosabatda boʻlsangiz, uning bulogʻidan shunchalik koʻp va xoʻp bahramand boʻlasiz. Oddiygina misol, osiyoliklar boshqa davlat fuqarolariga nisbatan matematikani yaxshi oʻzlashtirishi fanda allaqachon isbotlangan. Matematikada osiyoliklar shubhasiz birinchilardan, ularning muvaffaqqiyati juda koʻplab tadqiqotchilar tomonidan hamon oʻrganiladi. Bundan ortiq motivatsiya bo‘lmasa kerak!
Bugun oʻquv markazlari koʻp, matematika oʻqituvchilari bisyor. Abituriyentlar nega aynan sizni tanlashi kerak? Boshqa oʻqituvchilar darsidan mashgʻulotlaringizning ustun tomoni nimada, deb oʻylaysiz?
Bilasizmi, hayotda shunday muammolar(oʻzimizcha) borki, bor yoʻgʻi birgina harakat bilan uni hal qilsa boʻladi. Yechimi shunchalar oddiyki, biz vahima qilib, pashshani filga aylantirib yuboramiz, xolos. Men oʻquvchilarimga hamisha topshiriqni bajarishda qisqa yoʻldan borishni, oddiy formulalardan foydalanishni tavsiya qilaman. Nafaqat fan doirasida, balki oʻz hayot yoʻlida uchraydigan masalalarda ham!
Oʻzingiz bilasiz, besh qoʻl baravar emas. Kimdir jamoada oʻzini erkin his qilsa, kim bilandir alohida shugʻullanish kerak bo‘ladi. Shundagina u bilimini yuzaga chiqaradi, mavzuni oʻzlashtiradi. Koʻplardan eshitaman, jamoada shugʻullangan oʻquvchilarga qaraganda, yakka tartibda dars oʻtiladigan bola qolganlarga nisbatan bir necha baravar koʻp oylik toʻlov to‘laydi. Bu “qoida”ga men amal qilmayman. Xohlasin jamoaviy, xohlasin individual, xohlasin ertalab yoki kechqurun kelsin, ahamiyatsiz. Toʻlovlarda hech qanaqa farq boʻlmaydi. Oʻqisa boʻlgani, muhimi shu!
Imkoniyatimdan maksimal darajada foydalanib, oʻquvchilarimga koʻproq narsa oʻrgatishga, vaqtimni, asosan, ular bilan oʻtkazishga harakat qilaman. Natija yaxshi boʻlsa, ulardan “Oʻqishga kirdim!” degan bir ogʻiz soʻzni eshitsam, kifoya.
Ayni paytda oʻqishga kirishda omadi chopmagan va endi matematika fanidan tayyorlanaman, deb yurgan abituriyentlarga nima tavsiya bergan boʻlardingiz?
“Yiqilish”ga hammaning haqqi bor. Hech boʻlmasa, qayta kuch yigʻib, quvvat toʻplab olish uchun! Axir, koʻkka sakramoqchi bo‘lsangiz, avval yerga urilish kerak! Yerga qancha qattiq urilsangiz, shunchalik yuksakka parvoz qilasiz. Biz insonlar oʻsimlikday gap. Oʻsish uchun baʼzan tagimizga suv quyib turiladi, degan fikrga koʻzim tushgandi qaysidir kitobda.
Oʻzingizni qoʻlga oling, hayot oʻqishga kirishdan iborat emas! Aynan yiqilishlar, omadsizliklar bilan umrimiz mazmunlidir!
Oʻqishga tayyorlanishni haliyam boshlamasdan, xalqona tilda aytganda, “laylak haydab yurgan abituriyentlarga ham “matematikcha tanbeh”im bor: qachongacha “ehtimollar nazariyasi“ bilan yashamoqchisiz? “Nomaʼlum tenglik”dagi xayollaringiz, “ildiz osti”dagi oʻylaringizni bas qilish vaqti kelmadimikan? Hayotingizga bir nazar soling. Oʻylashga vaqt yoʻq, amaliy harakatni hoziroq boshlash kerak! Zero, keyin kech bo‘lishi mumkin…
Abdulaziz AHMEDOV suhbatlashdi,
“Registon” o‘quv markazi