Abituriyentlar ona tili va adabiyot fanidan tayyorlanish uchun nega aynan “Registon”ni tanlashi kerak?
Doniyor Teshayev – Ona tili va adabiyot fani bo‘yicha butun “Registon” ta’lim loyihasida faoliyat yurituvchi ustozlarning lideri, katta o‘qituvchisi, ya’ni “boshi” sifatida, qolaversa o‘quv markazimizning “Mega” filialida ona tili va adabiyot fani mutaxassisi bo‘lib faoliyat yuritadi. Ko‘pchilikning talab va takliflariga binoan, ustoz bilan suhbatlashdik. Marhamat, mutolaa qiling!
– Bugun ta’lim sohasiga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Davlat ta’lim muassasalarida ham o‘qituvchilarning sharoiti sezilarli darajada yaxshilangan. Siz nima uchun xususiy sektorni, aynan “Registon” o‘quv markazini tanlagansiz?
– Bu savolni ko‘pchilikdan eshitganman. Boshida shuncha o‘qiding, diplom olib, oliy ma’lumotli bo‘lding, davlat maktablarida ishlasang bo‘lmaydimi, deb rosa “maslahat”lar eshitganman. Shularni yodimga solib yubordingiz-ku (kuladi)…
Bilasizmi, birinchi navbatda odam qayerda o‘zini baxtli his qilib ishlashi men uchun muhim. Xoh davlat ishxonasi bo‘lsin, xoh xususiy sektor, bajarayotgan mashg‘ulotidan zavq olyaptimi, barakasini bersin, omadini bersin, men u odamni yoqlayman, doim u tarafda turaman!
To‘g‘ri, haqiqatan ham ta’lim tizimiga e’tibor oldingiga nisbatan sezilarli darajada yaxshilangan. Ta’lim tizimining tarmoqlari kun sayin ko‘payib bormoqda. Maktabgacha ta’lim, maktab ta’limi, oliy ta’lim, oliy ta’limdan keyingi ta’lim va hokazo… Men nega aynan “Registon” ta’lim loyihasida ekanligimning sababi, avvalo, shu yerda halovat topganligimdir. Ishimdan zavq olishni his qila boshladim, o‘quvchilarimning maqsadi mushtarak edi, darsga shunchaki vaqt o‘tkazish uchun kelishmaydi, ularning tayyorgarligini ko‘rib, o‘zim ham yanada ustimda ishlab, shaxsiy rivojlanayotganimni his qilardim.
“Registon” ta’lim loyihasi jonkuyarlik va fidoyilik bilan sifat nuqtai nazaridan boshqa ta’lim bo‘g‘inlariga nisbatan har tomonlama ajralib turadi. Bu tizimda halollikka, haqiqiy bilim berishlikka, tarbiyaga alohida e’tibor beriladi. Bu loyihaning ishtirokchisi, albatta, ko‘zlanganidan ko‘ra yuqoriroq natijalarni, marralarni zabt etishi shubhasiz. Xususan, “Registon” o‘quv markazida o‘z karyerasini, kelajagini ko‘rgan har qanday mutaxassis tez orada mehnatlarining mevasidan bahramand bo‘ladi. Shuning uchun “Registon” ta’lim loyihasini tanlaganman, yagona maqsadim – shu sohada samarali faoliyat yuritib, xalqning ishonchini, shogirdlarim hurmatini qozonish, malaka va tajribamni orttirib, yuksak marralarga erishishdan iborat!
– Ona tili va adabiyot fani ko‘p yo‘nalishlarda asosiy bloklardan sanaladi. Tabiiyki, bu sohada o‘qituvchilar ham bisyor. Siz “Registon”dagi ona tili va adabiyot o‘qituvchilaridan, asosan, nimani talab qilasiz?
– To‘g‘ri aytdingiz, haqiqatan ham abituriyent tayyorlash yoki ona tili va adabiyot fanini o‘qitish juda sertarmoq sohaga aylandi. Respublikamizdagi o‘quv markazlari soni o‘n mingdan oshganini rasmiy statistika ham ko‘rsatib turibdi. Endi o‘ylab ko‘ring, ularning deyarli har birida kamida 1 yoki 2 nafardan ona tili va adabiyot o‘qituvchisi bor. Ammo, bu ustozlarning hammasida ham o‘ziga yarasha metod, pedagogik uslub mavjud, degani emas. Avvalo, o‘qituvchining o‘z “taktika”si, metodi, kerak bo‘lsa, ovozi bo‘lsin, boshqalardan qaysidir jihati bilan ajralib tursin! Shaxsan o‘zim “Registon” ta’lim loyihasidagi barcha ona tili va adabiyot fani ustozlaridan shuni talab qilaman.
Bilasizmi, “Registon” ta’lim loyihasidagi har bir ona tili va adabiyot fani ustozlarining maxsus o‘quv rejasi bor. Biz mana shu reja asosida ish yuritamiz. Hammamiz bir yoqadan bosh chiqarib, oylik test, o‘zaro tahlillar va debatlarni oldindan rejalashtiramiz. Qo‘pol qilib aytganda, ustozning “kayfiyatiga” qarab test yoki nazorat ishi bo‘lmaydi. Reja bilan ishlaganimiz uchun abituriyentga maqsadni aniq ko‘rsata bera olamiz. O‘quvchilar biz bilan hozir qayerda turgani va 3-4 oydan keyin o‘zini qaysi nuqtada ko‘rishlarini tasavvur qila olishadi. Ya’ni, ular qayerga qarab ketayotganini his qilib, natijaga ishonib o‘qishadi. Ustozlarimiz o‘quvchini o‘zi bilmaydigan manzillarga ergashtirib ketmaydi. Shuning o‘zi ham boshqalardan ajralib turadigan jihatlarimizdan, deb bilaman.
– Abituriyent ona tili va adabiyot fanidan tayyorlanish uchun nega aynan “Registon”ni tanlashi kerak? Shunday sabab keltiringki, u haqiqatan ham boshqa yerda yo‘q bo‘lsin!
– “Registon” ta’lim loyihasidagi ustozlarni boshqa o‘qituvchilar bilan solishtirishdan yiroqman. Chunki hammaning o‘z haqiqati bor. Bu savolingizga abituriyentlar agar ona tili va adabiyot fanini aynan “Registon”da o‘qisa, qanday afzalliklarga ega bo‘lishi haqida gapirib o‘tmoqchiman. Demak, birinchi sabab:
- “Registon” o‘quv markazi abituriyentlarni adabiyotlar bilan to‘liq ta’minlaydi. O‘quvchilar do‘konma-do‘kon kitob qidirib, vaqtini ketkizib yuradigan paytlar ortda qoldi. Biz bu muammoga allaqachon yechim topganmiz!
- Bugun “Regbooks” nashriyotida chop etilgan kitoblardan nafaqat o‘zimizning o‘quvchi-o‘qituvchilar, balki butun respublika bo‘yicha abituriyentlar, repetitorlar foydalanmoqda. Ko‘pchilik mutaxassislar bu kitoblarning afzalliklarini, haqiqatan ham manfaatli ekanligini allaqachon bot-bot ta’kidlashmoqda!
- Biz Respublika ta’lim markazi tomonidan tasdiqlanib, maktablarga yetkazib berilayotgan o‘quv darsliklarini birinchilardan bo‘lib “hazm qilamiz”, uning mag‘zini nafaqat o‘z o‘quvchilarimizga, balki butun respublikadagi abituriyentlarga, yuzdan ortiq o‘quv markazlari, do‘konlarga ham ulashamiz!
- Ustozlarimizning, jumladan o‘zimning ham ko‘plab taqdimot va fan doirasidagi qo‘llanmalarimizdan ko‘pgina repetitorlar darslik sifatida foydalanmoqda. Ular o‘qiyotgan eng so‘nggi ma’lumotlar manbasi, bosh bo‘g‘ini biz, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Bundan tashqari, eng so‘nggi texnologiyalar yordamida yuqori sifat bilan tasvirga olingan ustozlarimizning onlayn darslari ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimizda e’lon qilib borilyapti. Bu ham nafaqat o‘zimizning o‘quvchilar, balki butun respublikadagi abituriyentlar, ona tili va adabiyot faniga qiziquvchilar uchun birdek manzur bo‘lmoqda.
– “Registon”dagi ona tili va adabiyot fani ustozlarining katta o‘qituvchisisiz. “Registon” oilasi, bu yerdagi muhit, abituriyentlarning bilim darajasi haqida ham gapirib o‘tsangiz.
– “Registon” mening ishxonam emas, birinchi galda OILAM hisoblanadi. Barcha ustoz-menejerlar, o‘quvchilarimiz bilan bir oilamiz! Bu yerda hamma bir maqsad yo‘lida birlashgan, har birimiz qalban yaqinmiz. Hammamiz “Registon”ni o‘zimizniki, deb bilamiz. Uning rivoji yo‘lida tinmay o‘qib-izlanamiz, harakat qilamiz. Toshkent shahri, qolaversa, barcha viloyat markazlarida filiallarimiz bor. Garchi masofa uzoq bo‘lsa ham, hurmatimiz, samimiyatimiz hamisha kuchli bo‘lgan. Bir yilda ikki marta “Umumregiston konferensiyasi” tashkil etiladi, barchamiz yig‘ilib, maqsadlarni yanayam aniq belgilab olamiz, yangi loyihalar ustida bosh qotiramiz, bir gap bilan aytganda, faqat va faqat sifat uchun ishlaymiz!
Xabaringiz bo‘lsa, o‘quv yili boshida “Tanlanganlar” loyihasini e’lon qilgan edik. Bilamizki, yaxshi natija qayd etish 70 foiz o‘quvchi hamda uning atrofidagi insonlarga, 30 foiz esa dars bergan ustoziga bog‘liq. Shundan kelib chiqib, abituriyentlar ichidan eng zukkolarini tanlab olib, ular bilan maxsus shug‘ullanyapmiz. Bu an’anaviy tarzda har yili davom etishi reja qilingan.
O‘quvchilarimiz yaxshi biladiki, bizda sog‘lom raqobat muhitiga kuchli e’tibor beriladi. “Registon” yoshlarining barchasi yuqori intellektual muhitda ta’lim olishadi. Ular bir-biridan ortda qolmasdan o‘qish, sog‘lom raqobat asosida bilim olishni o‘zlarida refleks sifatida shakllantirishadi. Abituriyentlar o‘rtasida yaratilgan mana shunday ijodiy muhitni ham “Registon” ta’lim loyihasining boshqa o‘quv markazlaridan farqi, alohida indeksi, deb baholash mumkin. Chunki boshqa joylarda bu qanchalik yo‘lga qo‘yilgani, tartibga solingani menga qorong‘i…
– Yuqorida aytganingiz “Regbooks” nashriyoti darsliklariga to‘xtalsak. Bu adabiyotlarning boshqa kitoblardan ustunligi nimada? Ona tili va adabiyot fanini o‘qitishda qo‘llanmalar bisyor. Nega aksariyat viloyatlardagi repetitorlar ham “Regbooks” kitoblarini tanlashmoqda?
– Abituriyent tayyorlashda eng salmoqli o‘ringa, salohiyatga ega tarmoq – “Regbooks” nashriyoti hisoblanadi. Bu o‘quv markazimizning respublikadagi filiallarini, qolaversa, yurtimizdagi barcha abituriyentlarni kerakli, manfaatli, eng asosiysi, sodda va tushunarli qilib ishlab chiqilgan adabiyotlar, o‘quv dasturlari, darsliklari bilan ta’minlab kelmoqda.
“Regbooks” faoliyatimizning yo‘lchi yulduzi, desak ham bo‘ladi. Aynan kitoblarimiz orqali ham bizni taniyotgan, foyda ko‘rayotganlar ko‘p oramizda! Ehtimol “Regbooks” nashriyoti, uning bizga bergan imkoniyatlari bo‘lmaganda, hozir bu natijaga erishmagan bo‘lardik…
Bilasizmi, “Regbooks” – alohida mavzu. Bu yerda chop etiladigan kitoblarning tanlanishi, muallif sifatida adabiyotlarni nashrga tayyorlayotgan ustozlar jamoasi, abituriyentga qulaylik yaratish uchun kitoblar ustida bosh qotirayotgan, yetti o‘lchab, bir kesib harakat qilayotgan mutaxassislar, ularning tezkor va ijobiy, samarali faoliyati ko‘pchilikka qiziq. Mening aytadiganim esa, “Regbooks” – “Registon” ta’lim loyihasining yurtimizda ta’limni rivojlantirish, O‘zbekiston ta’limini dunyoda birinchi o‘ringa olib chiqish yo‘lidagi eng xayrli, ko‘pchilik uchun manfaatli bo‘lgan loyihalaridandir.
– Ona tili va adabiyot fanidan tayyorlanadigan abituriyentlar DTM testlarida yaxshi natija olishlari uchun eng samarali, sinovdan o‘tgan 5 ta tavsiya?
– Har bir fanni o‘rganish uchun o‘ziga xos tavsiyalar, mavzularni oson o‘zlashtirish bo‘yicha maxsus yo‘l-yo‘riqlar, yo‘nalishlar bo‘ladi. Ona tili va adabiyot fanidan ham yuqori natija qayd etish bo‘yicha uzoq yillik faoliyatim davomida har tomonlama sinovdan o‘tgan samarali usullar bor, albatta.
Birinchi navbatda, savolni ikki marta, diqqat bilan, oxirigacha o‘qing. Ona tili va adabiyot – so‘z o‘yini, eng oddiy tuyulgan savolda ham xato qilib qo‘yishingiz hech gap emas. Abituriyentlar orasida mashhur bo‘lgan savolni 2-3 marta yaxshilab o‘qish – javobni 50 foiz topishdir, degan qoida ham bejiz aytilmagan. Afsuski, bizda ko‘pchilik o‘quvchilarning eng katta va asosiy xatosi savolni oxirigacha o‘qimaslikda bo‘ladi…
Biz kabi o‘quv markazlari(boshqalar haqida aniq javob bera olmaymanku-ya, “Registon”da shunday) abituriyentlarga davlat ta’lim standartlarida belgilanganidan bir necha barobar yuqori ta’lim berishadi. Oddiy misol, imtihonda hayajonlanmaslik uchun bizda muntazam ravishda psixologik treninglar tashkil etilib, o‘quvchilarimiz imtihonga ham ruhan, ham aqlan tayyor bo‘lishlari nazorat qilinadi. Agar qunt qilib, faol ishtirok etishsa, o‘zlari uchun ko‘p narsa olishi mumkin bo‘ladi.
Yana bir asosiy tavsiyalardan biri – shoshilmaslik! Savolning mag‘zini chaqib, olgan bilimlaringizga tayanib, variantlarni analiz-sintez qilib, xato javoblarni chiqarib tashlang. Ma’lumotlarga ko‘ra, umuman tayyorlanmasdan imtihonga kirgan abituriyent tavakkal qilib 25 foiz to‘g‘ri javob topar ekan. Bizning o‘quvchilarimiz o‘qigan, tayyorlangan, mehnat qilgan! Shuncha sa’y-harakatlari bir tiyin bo‘lmasligi uchun oxirgi daqiqalarda shoshmashosharlik qilmasa, xayolini bir yerga qo‘yib, aniq maqsad bilan testni ishlasa, albatta, yaxshi natija chiqadi.
Oxirgi tavsiya, avval oson va javobini aniq bilgan savollaringizni ishlab chiqing. Kirish imtihonida o‘ntalik majburiy va o‘ttiztalik mutaxassislik fanlaridan savol tushadigan bo‘lsa, abituriyent avval ortiqcha energiya sarflamaydigan, javobini aniq biladigan savollarini belgilab olishi lozim. Shunda qiyin va ikkilangan savollarini yaxshilab o‘ylab olishga ko‘proq vaqt qoladi. Bir boshidan navbatma-navbat ishlayman, degan prinsip bilan test yechishni boshlasangiz, bitta savol oldingizdan devorday chiqadi-da, bor asabbuzarlik, miyaning zo‘riqishi, siqilish boshlanadi. Natijada javobini bilgan, oddiy savollarda ham xato qilib qo‘yishingiz hech gap emas.
Hammadan birinchi bo‘lishga harakat qilmang. Imtihon bo‘layotgan hududdan hammadan oxiri chiqsangiz ham, aniq natija bilan, yuqori ball olib uyga qayting. Shoshilib, birinchi bo‘lishga intilib, shuncha mehnatlaringizni bir kunda havoga sovurib yubormang. Esingizda bo‘lsin, imtihonda testni birinchi ishlab chiqqan emas, byudjetga o‘qishga kirganlargina maqsadga erishgan bo‘ladi!
– Mazmunli suhbat uchun tashakkur!