Yoshlar  hayotiga doir masalalar.

Yurtimiz mustaqillikka erishganiga 27 yil to`ldi. Bu davr mobaynida millatimizga ko`plab yangi, foydali yangiliklar bilan bir qatorda ma`naviyatni buzguvchi omillar ham kirib keldi. Istiqlol davlatimizga ko`plab o`zgarishlar olib kirdi. Ta`lim, sanoat, texnika , tibbiyot sohalarida qator qulayliklar yaratildi. Davlatimizning iqtisodiy ahvoli o`nglanib, uni xalqaro miqyosda o`z o`rniga ega bo`lishiga zamin yaratildi. So`z erkinligi, e`tiqod erkinligi, vijdon erkinligi kabi oliy huquqlar yaratildi. Bu “yaratildi”lar ro`yxatini yana uzoq davom ettirish mumkin. Ammo ushbu “yaratildi”lardan keyin ham yurtimizdagi bir muammo saqlanib qoldi. Yaratish bor, amaliyot yo`q.  Bu yaratilishlar xalqimizning 80 foiz aholisi uchun yomg`ir ustiga yog`gan qordek beta`sir  bo`lmoqda. Davlat ahamiyatiga molik masalalar va ularni bartaraf etishga doir ko`rsatuvlar efir yuzini ko`rayotgan vaqtda odamlar hozir boshlanadigan serialigacha ishlarini bitirib olish uchun televizorga dam beradi. Aholi bamaylixotir serial tomosha qilib, film qahramonlari hayotini mukohama qilayotgan, eng achinarlisi bu muhokamalar “samara”si o`laroq oilada  “demokratiya” yaratish kerakligi haqida qo`zg`alon boshlab yuborgan bir vaqtda davlat telekanallarida oila mustahkamligi va muqaddasligiga doir masalalar haqida dolzarb ko`rsatuv o`tib borayotgan bo`ladi. Masalaning yana bir og`riqli nuqtasi shundaki, xalq dardini yoritayotgan, xalq osoyishtaligini tiklashga qaratilgan bu ko`rsatuvni suratga olish uchun qanchadan qancha talabalar bilim olish baxtidan mahrum bo`lib, ko`rsatuvga ommaviy “safarbar” etiladi. Ammo ko`p hollarda ularning bu “qurbonlik”lari ummonga otilgan zarradek ummon ichra g`oyib bo`ladi. Bugungi kun yoshlarining, umuman, insoniyatning eng katta muammosi – loqaydlik. Xalqimizning aksariyat aholisi mas`uliyatdan bo`yin tovlab, yengil yo`llar bilan hayot kechirishga o`rganib qolgan. Ana shu illatlarni “Hayotda bir marta  yashaymiz” yoki “Och qornim – tinch qulog`im” kabi “hikmatli so`zlar” bilan chiroyli oqlaymiz. Ko`z oldimizda yonayotgan uyga bir chelak suv sepish o`rniga  telefonimizning yorqin kamerasida bu lahzalarni “tarixga muhrlaydigan” darajaga yetdik. Ko`cha-ko`yda dumalab yotgan piyonistalarning ko`pligidan gohida tobi qochib hushidan ketgan insonlarning ham farqiga bormay “alkash” deb burnimizni jiyirib o`tyapmiz. Oxir-oqibat dunyoda bir baxtiqaro inson insoniyatning loqaydligi qurboni bo`lmoqda. Inson tafakkurining “buyuk”ligini qarangki, ayrim “ona”lar farzandlarini avval go`daklikka, keyin qullikka va bugungi taraqqiy etgan zamonda birim ikki bo`lsin deb, bo`laklab donorlikka sotmoqda. Demokratiya so`zining tub mohiyatini bilmaydigan ayrim ayollar teng huquqlilik talab qilib, tirik yetimlar sonining ortishiga “munosib hissa” qo`shmoqda. Bunday muammolar yurtimizda ko`plab uchraydi va ularning aksariyati insonlarning bee`tiborligi, yengiltakligi sababli yuz beradi. Va bularning bari borib-borib oiladagi tarbiyaga taqaladi. Xo`sh, nima qilmoq kerak?

Avvalo, farzand tarbiyasiga yuksak darajada e`tibor qaratmoq lozim. Sababi farzandlar – yurtimizning, millatimizning, butun insoniyatning kelajagi. Shunday ekan, bola tarbiyasiga doir har bir mayda omilga ham mas`uliyat bilan yondashmoq zarur. Farzand dastlabki tarbiyani kimdan oladi? Albatta, oiladan. Ko`pchilik oilalarda ota-onaning o`zi tarbiya berishga, mutlaqo, noloyiq. Yoki yana ko`plab oilalar farzandni qo`rqitib tarbiyalashni ma`qul ko`radi. Ayniqsa, o`zbek oilalarining ko`pchiligi farzand fikrlarini har tomonlama bo`g`ib qo`yadi. Bola ota-onasidan qo`rqqani, ehtimol, erkin fikr bildirishga urungan har nuqtada “gap qaytarma” yoki “gapni bo`lma, aralashma” kabi tanbehlarni eshitib o`rgangani sababli ham o`z mustaqil fikri shakllanmay qoladi, yoki mavjud fikrlarni hech kimga qiziq emas degan hayolda ichida saqlashni odat qiladi. Albatta, bugun 4-5 kishilik oilada fikri chopilgan, tanqid qilingan inson jamiyat oldida, omma qarshisida nutq so`zlash kabi jasoratga, layoqatga ega bo`lishiga ishonish qiyin.  Menimcha, farzand tarbiyasidagi eng to`g`ri yo`l – nasihat emas, namuna. Afsuski, yuqorida aytganimdek, insoniyat yengil yo`lni mashaqqatdan afzal biladi. Shubhasiz, biror bir narsani amalda o`rnak qilib ko`rsatgandan, batafsil tushuntirgandan “jim bo`l” degan ancha qulay. Ammo shuni unutmaslik lozimki, uyg`onay deb turgan iste`dodni chopish ham shunchalik oson va , ehtimol, u keyin qayta bosh ko`tarmas.

Aksariyat ota-onalar farzandini bir qolipga solib, shu qolipdan chiqishini xohlamaydi. Yana ko`plab ota-onalar farzandining o`z izidan borishini talab etadi. Ammo tangri shu bolaga boshqa bir sohada noyob iste`dod berib qo`ygan bo`lishi mumkin ekanligini hatto o`ylab ham o`tirmaydi. Yoki umuman boshqa omil – odamlarning gap-so`zlarini ko`tara olmaslikdan cho`chib, farzandining nurli istiqboliga to`siq qo`yganini sezmay ham qoladi. Ayrim oilalarda ayol kishiga bir buyumdek munosabatda bo`lish ham bor gap. “Qiz bola o`qib shahar olib beradimi”, “Ayol kishi ishlamasligi kerak” deydigan erkaklarning o`zi  shifoxonaga borganda ayoli yoki qiziga  ayol shifokor qarashini talab etishi erkakning tupurgan tufugini qaytib olgandek gap. Ilm olish erkaklar uchun ham, ayollar uchun ham birdek farz. Ilm jins, irq, millat tanlamaydi. Undan barcha bahramand bo`lmoqqa haqli, lekin jamiyatimiz hali bu haqiqatlarni to`la qabul qila olganicha yo`q, afsuski…

Yoshlar hayotiga doir muammolarning bir uchi oilaga borib taqalsa, yana bir uchi jamiyat a`zolariga borib taqaladi. Boisi bugungi kunda oynayi jahon orqali bo`yinbog` bog`lab, vatan haqidagi eng go`zal she`rni o`qib, “Men xalqimni sevaman” deguvchilarning o`zi ertaga vatanfurushlik qilib, xalq yuziga eshik yopmoqda. Xalqning farovon turmushini ta`minlash vazifasi bo`lgan ayrim kimsalarning o`z mas`uliyati-yu, vijdonini ham yutib yuborayotganiga  guvoh bo`lamiz. Xalqning va, albatta, o`zining turmushini yaxshilash maqsadida biror bir tashkiliy ish boshlamoqchi bo`lganlarning qanchadan qancha eshikdan ishini bitira olmay qaytishi, birlamchi, tashkilot xodimlarining mas`uliyatsizligi, ikkinchidan o`zining huquqiy ongi shakllanmaganiga borib taqaladi. Shubhasiz, o`z huquqini bilgan, o`zi uchun zarur barcha ko`nikmalarga ega bo`lgan inson birorta eshikdan quruq qaytmaydi deymiz, ammo masalaning yana bir tomoni borki, haqiqat tuqqaningga yoqmaydi. Ayrim joylarda o`z haq-huquqingni talab qilganing uchun keskin ta`qiblarga uchrashing ham bor gap, aslida. Shunday vaqtlarda esa ishing bitguncha eshshakni ham tog`a deyishga majbur bo`lasan kishi.

Darvoqea, tog`a haqida gap ketganda, xalqimiz hayotiga doir millatimizning ajralmas bo`lagi, taraq-qiyotimizning dushmani bo`lgan,  “urug`-aymoqchilik” haqida bir-ikki og`iz so`z aytish o`rinli. Azaldan o`zbek xalqi bilan yonma-yon shakllanib kelgan bu bid`at illat qachondir batamom yo`q bo`lishiga, ochig`i ishonmayman. Ayrim iqtidor egalarining mustaqil faoliyat yuritishdan qochishiga ham mana shu illat sabab bo`ladi ko`pincha. Sababi, biror bir ishni qilishga layoqati bor insonlarning oldida hamisha bir-ikki tekintomoqlar-u, bir nimadan umidvor o`laksaxo`rlar izg`ib yuradi. Ularning rayini qaytarish, umidini chilparchin qilish esa mansab egalariga hamma vaqt ham oson emas. Chunki bunday ishdan keyin ular el-yurt oldida yulduzlik kasaliga chalingan, dimog`i shishgan, mansab quturtirgan inson qiyofasida shakllanib qoladi. Shuning uchun ham aksariyat holatlarda insonlar o`z vijdoniga qarshi borib bo`lsa-da, shu “qorako`z”larning kichik bir “iltimos”ini hal qilib berishga majbur bo`ladi. Va oqibatda qobiliyati borlar qolib, tanishi borlar ishini bitirib ketishi yuzlab imkonsizlar ko`nglidagi otashni so`ndirib qo`yadi.

Natijada yoshlar ongida kelajakka ishonch, oldinga intilish darajasi sustlashib, ular ham yengillik qidirib qoladi. Boshqa shaharga ish izlab ketish yoki shunchaki yaxshi oilaga kuyov(kelin) bo`lib, barcha qiyinchiliklardan qutulaman deb o`ylash, undan ham yomoni esa, jinoyat ko`chasiga kirib ketish hech gap emas. Mashhur alloma Abay aytganidek, : “Odam bolasi yomon bo`lsa, ayb zamondoshlarida”. Haqiqatan ham inson dunyoga kelganda, yomon bo`lib tug`ilmaydi. Unga berilgan noto`g`ri tarbiya yoki jamiyat a`zolarining mutassil ezishi, iqtidorining oyoqosti bo`lgani, yuziga yopilgan eshiklar zahmi, oilada hurmat qilinmagan fikri yoki hamisha u uchun boshqalar qaror qabul qilishi borib-borib inson bolasini manqurtga aylantirib qo`yadi,  diydasini qotirib,  insonlardan bezdiradi.

Xulosa o`rnida shuni aytish joizki, bugungi murakkab zamonda har kim islohni o`zidan boshlamog`i, tekin oshdan umid qilmay, o`zi uchun o`zi harakat qilishni o`rganmog`i darkor. Buning uchun barcha sohalardan o`ziga kerakli bilimga ega bo`lishi, o`z haq-huquqlari va ,shu bilan birga, o`z burch-vazifalarini yaxshi bilishi, ularga amal qilishi zarur. Tinimsiz harakatda bo`lish-tiriklikning belgisi, zero bir joyda to`xtadingmi, albatta, orqaga keta boshlaysan.

 

Malika MIRZAYEVA