Ingliz tilini o‘rganish sirlari…
Ingliz tilini o‘rganishga qiziqasizmi? Nimadan boshlashni bilmay boshingiz qotganmi? Ingliz tilini qanday o‘rganishni, kimdan o‘rganishni, qancha vaqtda o‘rganishni bilmayapsizmi? Demak, yolg‘iz emassiz. Men ham bu mavzuda avval maktabda, keyin kollejda bosh qotirdim. Hozir universitetda o‘qisam-da, haligacha bosh qotirib kelaman. Lekin ingliz tilini “bosh qotirib” o‘rganib bo‘lmaydi. Kitob o‘qish — uni qo‘lga olishdan boshlanadi!
Inson ingliz tilini o‘rganishga yillar sarflashi mumkin, ammo muvaffaqiyatga erisha olmaydi. Kimdir 2-3 oy davomida bugun urf bo‘lgan IELTS imtihonlarida yuqori baho olib chiqadi. Xo‘sh, buning siri nimada, o‘zi siri bormi?!
“Registon” o‘quv markazining reklamalariga ko‘p ko‘zim tushardi: avtobus, metro, jamoat joylarida… Bu ham boshqa o‘quv markazlari kabi faqat reklamaga e’tibor qaratib, brendi namoyishiga ko‘p mablag‘ sarflaydi, deb o‘ylardim. To‘satdan o‘quv markazda uzoq yillardan buyon faoliyat yuritadigan Yo‘ldosheva Tursunoy opa bilan suhbatlashib qoldim va darsiga kirib ko‘rishga qaror qildim. Uning noodatiy dars o‘tish uslubi, o‘quvchilarni erkin qo‘yishi, xatodan qaytarishmas, xato bo‘lsa-da fikrini bayon qilishga undashi, ko‘p yillik pedagogik mahorati, ochig‘i, lol qoldirdi. Tursunoy opa bilan o‘zimni ko‘p yillardan beri qiynab yurgan savollarga javob olish maqsadida suhbatlashdim:
Ingliz tilini qanday o‘rganish kerak?
Bugun bu savol turli internet saytlari, ijtimoiy tarmoqlarda urf bo‘lgan va hamma o‘z bilganicha unga javob berishga urinyapti. Maqolalarning son-sanog‘i yo‘q: “Ingliz tilini o‘rganishning 7 siri”, “Chet tilini o‘rganishning 5 qoidasi”… Men o‘zimning uzoq yillik tajribam, kuzatishlarim davomida ingliz tilini o‘rganishning atigi 3 ta “sir”i bor, degan xulosaga kelganman:
- Dangasa bo‘lmang;
- Jonli muhitda o‘rganing;
- Doimiy ravishda mashq qiling.
Birinchi qoida, ya’ni “sir” — dangasa bo‘lmang, lekin o‘zingizni majburlamang. “Tadqiqot”, ya’ni yangi tilni o‘rganish juda qizg‘in bo‘lishi kerak. Bir kunda 5-6 soat shug‘ullanib, 1 hafta kitob o‘qiy olmasdan yurgandan, birinchi haftada har kuni 1 soatdan shug‘ullaning. Keyingi haftadan esa dars davomiyligini oshirib boring. Bu mashg‘ulot o‘zingiz uchun qiziq bo‘lsa, dars vaqti siz bilmagan holda ko‘payib, samaradorligi oshib boraveradi. Kam va tez-tez o‘rganing. Miya ma’lumotni qabul qilishni to‘xtatganidan so‘ng, quloqlar eshitmaydi va ko‘rish “loyqa” tusga kiradi. Kuch sarflashni davom ettirsangiz ham, bunda nimadir o‘rganishingiz dargumon. Siz qiziqish va zavq bilan o‘rganishingiz kerak. Bular ingliz tili, umuman har qanday tilni o‘rganishning oddiy sirlari. Ularni bilish maqsadingizga erishish uchun yetarli, deb o‘ylayman.
Chet tilini o‘rganmasangiz hayotingiz zulmatga aylanadigan missiya, ingliz tilini bilishingiz shart, bu davr talabi bo‘lgani uchun emas, uni shunchaki san’at sifatida qabul qiling. Chunki bu nafaqat istak va harakatni, balki maxsus bilimlarni ham talab qiladi. Agar tilga majburiyat deb qarasangiz, yillar davomida ham biror natijaga erisha olmaysiz.
Chet tilini osongina o‘rgana oladiganlar “tug‘ma qobiliyatlar” emas, balki ular oddiy qoida va prinsiplarga ongli yoki ongsiz ravishda rioya qilish tufayligina erishganlar. E’tibor bersangiz, ularning dunyoqarashi va fikrlashi ham tengdoshlariga qaraganda boshqacha. Bir tilni bilgan bir odam, ikki tilni bilgan ikki odam, degan gap bejiz aytilmagan. Insonga ato etilgan umrni behuda o‘tkazish, dunyodan “bir odam” bo‘lib o‘tishni uvol, ta’bir joiz bo‘lsa, fojia deb bilishimiz kerak!
Asosiysi, chet tilini o‘rganish sizga zavq bag‘ishlasin. Shunda bu jarayondan zavq olishingiz mumkin!
1 oyda IELTS 7+ olish mumkin(mi)?!
Bugun turli o‘quv markazlarining flayer va reklama bannerlari, videoroliklarida bu kabi e’lonlarga tez-tez ko‘zimiz tushadi. 1 oyda IELTSdan yuqori natijani olish mumkin, hatto undan ham kam muddatda olsa bo‘ladi. Faqat ishtiyoq va insonda til bo‘yicha yetarli darajadagi “baza” bo‘lishi kerak. O‘quv markazi qo‘ygan talablarni va berilgan vazifalarni vaqtida, aytganidan ziyoda bajarib, 24 soat davomida kitob o‘qish… Buning iloji yo‘qligini tushungandirsiz? Agar o‘quvchi aytilgan muddatda natija chiqarolmasa, unga aytilgan vazifalarni vaqtida qilmagani ro‘kach qilinib, aybni markaz “bo‘yni”dan soqit qilish oson. Yana bir yo‘li esa, IELTS imtihonidan yuqori natija va’da qilayotgan til markazlari o‘quvchiga ingliz tilini emas, IELTS imtihonida tushadigan savollar, suhbat davomida qanday javob berish, o‘zini qanday tutishni o‘rgatishi mumkin. Bu xuddi DTM test imtihonlari yaqinlashganda tezkor tayyorlov kurslari tashkillashtirilib, 2-3 yil oldingi savollar bazasini o‘rganib, javoblarini yod olishday gap. Eng to‘g‘ri yo‘l, IELTS imtihonida yuqori natija olishni emas, ingliz tilini o‘rganishni maqsad qilish kerak. Yutuqlar o‘z-o‘zidan bo‘laveradi.
Avvalo, inson nima qilishni yaxshi ko‘rishini aniqlab olishi kerak. Balki sizga musiqa tinglash, film tomosha qilish yoki mashhur shaxslarning namoyishlari, suhbatlari yoqar? Ehtimol, mutolaa, audio kitoblarni tinglash yoki yangiliklarni muhokama qilish yoqadimi? Chet tilini o‘rganishda qiziqishlaringizdan maksimal darajada foydalaning!
Chet tilini o‘rganishni boshlaganingizda, ko‘zlaringizni yuming va sizga qanday dunyolar eshigi ochilishini bir lahza tasavvur qiling. Endi siz o‘zingiz yoqtirgan hamma narsani yangi tilda, yangi madaniyat, mentalitet va tarix ichida qilishga haqlisiz. Bu esa — juda ajoyib!
Eng yaxshi psixolog va o‘qituvchilar o‘quv jarayonining muvaffaqiyati qiziqish va zavq bilan bo‘ladi, degan xulosaga kelishgan. Bu tanganing bir tomoni. Ikkinchi tomoni — kelgusidagi natijalarning muhimligini o‘zingiz uchun anglash. Siz inglizlarning nutqini erkin tushunishingiz va har qanday mavzuda ona tilida gapirgandek, ingliz tilida ham bemalol fikringizni bayon eta olsangiz, qanday imkoniyatlar paydo bo‘lishi haqida orzu qilish qanday maroqli! Bu bilan nafaqat Buyuk Britaniya, balki AQSH, Kanada va boshqa ingliz tili amaldagi mamlakatlarning, qolaversa, butun dunyo madaniyatini o‘zingiz uchun qayta kashf etasiz.
Endi siz izlanuvchan mutaxassisga aylanganingizni, qo‘shimcha ko‘nikma va afzalliklarga ega bo‘lganingizni his qilasiz. Axir, ingliz tilini bilish har qanday kasbga qo‘shimcha afzalliklar beradi. Ingliz tilida bemalol gaplashish naqadar ajoyibligini tasavvur qiling, orzu qiling. Kelajakdagi natijani va maqsadlaringizni bir zumga xayolga keltirish sizga juda ko‘p kuch va motivatsiya bag‘ishlaydi, xorijiy tilda gapirish qobiliyatingizni rivojlantirishga turtki beradi.
Ikkinchi “sir” — bu jonli muhit yaratish. Yosh bolalar tilni qanday o‘rganishini bilasizmi? Ular ona tilini muvaffaqiyatli o‘rganishining asosiy usuli — bu taqlid qilish va takrorlashdir.
Bolalar bir necha yillar davomida qiziqish va qat’iyat bilan atrofidagilardan eshitgan barcha so‘zlarni takrorlab, ularga taqlid qiladi: “Buvva” asta-sekin “suv” ga aylanadi, “mommoq” “sut”ga, “Shalom” esa “Salom”ga…
Bolalar uch yoshdan besh yoshgacha til asoslarini o‘rganadi. Ular nafaqat o‘zlari uchun yangi tilni o‘rganadi, balki barcha asosiy nutq ko‘nikmalarini “nol”dan boshlab shakllantiradi; yangi so‘zlar bilan bir qatorda, artikulyatsiya apparati, fikrlash va xotirasini ham shakllantirishi darkor…
Biz, kattalar, chet tilini o‘rganish jarayonida bolalardan ko‘ra ancha ustunlikka egamiz! Biz allaqachon kamida bitta tilni bilamiz. Artikulyar mushaklar, fikrlash, xotira va eshitish organlarimiz rivojlanib bo‘lgan. Kamida bitta tilni bilamizmi, demak boshqa tillarni o‘rganish qobiliyatimiz ham yetarli. Muammo shundaki, biz ona tilimizni qanday o‘rganganimizni “unutib” qo‘yganmiz! Ingliz tilida notanish so‘zni eshitsak, bola kabi harakat qilganimizda edi… Yangi so‘z eshitdingizmi, uni xuddi bolalarday avval takrorlab, “tatib ko‘rib”, so‘ng ma’nosini tasavvur qiling, so‘zni suv qilib ichib, miyangizga ma’nosini singdiring!
Tilni kitoblardan emas, hayotdan o‘rganishga intiling: audio tinglang, video tomosha qiling, atrofingizdagilar bilan o‘rganayotgan chet tilingizda suhbatlashing. Ingliz tilini o‘rganishda faqat dars bilan cheklanmang, tilga ko‘nglingiz va miyangizni ochsangizgina u ma’no bulog‘idan suv beradi. Yangilik va filmlarni ingliz tilida ham topish mumkin. Uni sinxron tarjimada, aktyorlarning jonli, haqiqiy ovozini eshitib, sifatli ko‘rish ham qiziqarli, ham asl mohiyatni o‘z holicha tushunish imkonini beradigan zavqli mashg‘ulotdir. Xayolingizdagi o‘ylagan fikringizni ingliz tiliga o‘girishga harakat qiling.
Kichik tafsilotlardan butun “yuz”ni — o‘zingiz uchun “san’at asari”ni yarating. Til o‘rganishni so‘zlarni emas, balki iboralarni o‘rganishdan boshlang. Jumlalarni to‘liq tushunishga intiling. Tarjimani lug‘at kitobdan ko‘ra yod olgan so‘zlaringiz asosida miyangizda qilishga intiling. Boshida qiynalishingiz, ko‘p xato qilishingiz mumkin. Ammo aqliy tarjima yangi so‘zlarni xotirada saqlashda ko‘proq samara beradi. Iloji boricha chet elliklar bilan suhbatlashing. Hech qachon xatolardan qo‘rqmang. Ular sizning xatoyingizdan kulishmaydi, aksincha, ona tilini o‘rganayotganingizdan xursand bo‘ladi va qo‘lidan kelgancha sizga yordam beradi.
Takrorlash bilimlarning onasidir, degan edi buyuklardan biri. O‘rganganlaringizni muntazam ravishda takrorlab, kundalik hayotda amalda qo‘llang va imkon boricha ulardan foydalaning. Ingliz tilini o‘rganyapsizmi, telefondagi android dasturlar, televizordagi shou va ko‘rsatuvlar, quloqchinda eshitadigan ashulangiz… hamma-hammasi ingliz tilida bo‘lsin. Siz til ichida til bilan yashashni o‘rganing!
Ingliz tilini kimdan o‘rganish kerak?
Ingliz tilini birinchi navbatda uni mukammal biladigan va pedagogik mahorati yuqori o‘qituvchidan o‘rganish kerak. Bugun ko‘pchilik insonlar o‘qituvchining IELTS darajasi, tamomlagan oliygohi, qaysi chet davlatlarda bo‘lganiga e’tibor berishadi. Bu juda katta xato! “Vestminster yoki Singapur menejment oliy o‘quv yurtini bitirgan” — bu oliy darajadagi pedagog degani emas! Bu kabi OTMlarda iqtisod, biznes, xalqaro diplomatik aloqalar o‘rgatiladi. O‘qituvchi Yevropaning eng rivojlangan davlatlarida bo‘lib, IELTS darajasi ham yuqori, qolaversa, yetakchi universitetlarni tamomlagan bo‘lishi mumkin. Ammo pedagogik mahorati bo‘lmasa… Shunday o‘qituvchilar borki, biror chet davlatida bo‘lmagan, darajasi ham ancha past, lekin tayyorlagan o‘quvchilari yuqori lavozimlarda aynan ingliz tili bo‘yicha yutuqqa erishgan. Bu ustoz tanlashdagi eng muhim jihatlardan biridir.
Har bir inson o‘ziga xos xususiyat, iqtidor va fazilatga ega. Undan foydalana olsa bo‘lgani. Siz avvaldan ma’lum eski metodlar asosida til o‘rganishga majbur emassiz! Xohlasangiz o‘zingiz uchun yangi metodologiya yarating, qoliplarni buzishdan, ma’lum tartib va qoidalarni o‘zgartirishdan qo‘rqmang! O‘zingizni qiynab, 3-5 soatlab shug‘ullanishga miyangizni majburlamang, tilni o‘rganing, shunchaki o‘rganing. O‘rganishingiz kerak, shart bo‘lganidan emas, uni yoqtirgan mashg‘ulotingizga aylantiring. Hobbi bilan maqsad sari harakat qilish osonroq… O‘zingizni munosib rag‘batlantirib borishni ham unutmang!
Maqsadingizga qanday erishishni xohlayotganingizni o‘ylab ko‘ring? Agar ingliz tilini uch yilda o‘rganmoqchi bo‘lsangiz, kuniga bir soat shug‘ullaning. Agar bir yarim ikki soatgacha mashq qilsangiz, maqsadga erishish vaqtini yarmiga kamaytirasiz. Ikki-uch soat mashq natijasida esa “taraqqiyot”ingizni uchdan to‘rt martagacha tezlashtirasiz!
Bugun aloqa, ya’ni atrofingizda ingliz tilli muhitini yaratish, inglizcha suhbatlashish va inglizcha fikrlash tilni o‘rganishning asosiy kafolati bo‘lib qolmoqda. Suhbat, suhbat va yana suhbat. Maktab yoki universitetdagi majburiy dars soatlaridagina tilni o‘qish uni yaxshi bilishni kafolatlamasligini tushunishing, agar dunyoni o‘zgartirmoqchi bo‘lsangiz, avval o‘zingizni rivojlantirishingiz kerak.
Chet tilida mutolaa — bu tilni o‘rganishning eng yaxshi usullaridan biri. Nima o‘qishga qizishingizni aniqlab oling: kitob, jurnal, gazeta, internet va ijtimoiy tarmoqlardagi post va xabarlar… asosiysi, siz o‘rganayotgan tilda bo‘lsa bo‘lgani. Bu yo‘l bilan vizual xotirangizni rivojlantirasiz va miyangizda grammatikaning maxsus qoliplarini o‘zingiz bilib-bilmay shakllantirib borasiz. O‘z ovozingizni telefonga yozib oling va audioni tinglang. Nutqingizni yozib olgandan so‘ng, uni qayta eshitish orqali xato va kamchiliklaringizni qidiring, aniqlang, so‘ng tahlil qilib, ularni yo‘qotish uchun ustingizda tinimsiz ishlashda davom eting…
Tursunoy opa bilan bo‘lgan suhbatimiz dunyoqarashim va miyamdagi tumtoq fikrlarni 180 gradusga o‘zgartirib yubordi. Ayni kunda “bosh qotirish”ni to‘xtatib, ingliz tilini o‘rganishni boshladim. Men “Registon” o‘quv markazida so‘nggi texnologiyalar asosida mahoratli pedagoglar tomonidan o‘tiladigan darslarda qatnashyapman. Siz-chi? Do you know English?!
Abdulaziz AHMEDOV