BUNI BILMAGANLAR GRANDGA KIRA OLMAYDI!

BUNI BILMAGANLAR GRANDGA KIRA OLMAYDI!

Insonni maqsadlar boshqaradi. Bizni harakatga undovchi, kelajakda yetuk shaxs qilib voyaga yetkazuvchi muhim omillardan biri shubhasiz to‘g‘ri qo‘yilgan maqsad hisoblanadi. Lekin har doim ham maqsadlarimiz amalga oshavermaydi. Shunday vaziyatlarda tog‘ni so‘ragandim, qirga erishdimku, deya berganiga rozi bo‘lib ketaveramiz. Aslida kichkinagina xato yoki e’tiborsizligimiz sabab juda katta narsalarni boy berib qo‘ygan bo‘lamiz. Quyida malakali psixolog, ustozimiz Ahadjon Qo‘shoqov tavsiyalarini ulashamiz, o‘qib, to‘g‘ri maqsad qo‘yishni o‘rganing!

Maqsadlar amalga oshishi uchun 3 ta omil mavjud:

  1. Maqsad aniq bo‘lsin;
  2. Maqsadingiz ishonchli bo‘lsin;
  3. Maqsadingizda ko‘pchilikni niyat qiling, faqat o‘zingizni o‘ylaydigan xasis bo‘lmang!

Agar mana shu uchta “formula”ni to‘g‘ri ishlatib, hayotingizga tatbiq qila olsangiz, sizning orzu-maqsadlaringiz 100% amalga oshadi!

Keling, siz haqingizda gaplashamiz. Maqsadingiz aniq: o‘qishga kirish; ishonch ham aniq: grantga kirish; lekin uchinchisida ko‘pchilik ozgina xasislik qilib qo‘yadi. Inson tabiatiga xos bo‘lgan bir jihat borki, hammamiz har doim “o‘zim bo‘lay”, “Avval menga bo‘lsin, keyin boshqalarda” deb yashaymiz. Hozir o‘qishga kirib, kirganda ham grandga kirib, bitirgandan keyin yaxshi uchastka olaman, mashina olaman, dunyoni sayr qilaman, villa, dacha olaman… deb hoy-havasga berilib ketamiz. Lekin…

Ko‘pchilik uchinchi “formula”ni unutib qo‘yishadi. Bilsangiz, biznesda ham asosiy maqsad pul topish bo‘lmaydi. Ular mijozlarni rozi qilib, insonlar og‘irini yengillashtirishni bosh maqsad qilishadi. Mayda-chuyda attorlik do‘konlari emas, yirik brendlar haqida gapiryapman! Psixologiyada ham bir achchiq qoida bor: pul topaman deb niyat qilish kambag‘alikka qo‘yilgan birinchi qadamdir…

Abituriyentlar ham niyatni, duoni faqat o‘zlari uchun qilmasliklari kerak. Niyatni to‘g‘ri qiling, xolis duo qiling, faqat o‘zingiz uchun emas, butun ummat, millat kelajagi uchun so‘rang Xudodan. Deylik, yetuk pedagog bo‘lmoqchisiz-a? Kelajakda yaxshi shogirdlar tayyorlashni, ilm nuri bilan zulmatdagi qalblarga ziyo ulashishni, ilmiy ishlar qilib, Vataningizga foyda keltirishni niyat qiling.

Moliya yoki yuridik sohani tanlaydigan uka-singillarimiz ham yurtimizga, xalqimizga, dinimizga xizmat qilaman, masjid-madrasa, ko‘priklar quraman, mahallamni asfalt qilib beraman, yetimlarga uy qurib beraman, minglab talabalarga homiylik qilaman… kabi ezgu, xayrli niyatlar qilsa, Alloh taolo aynan shu niyatlari uchun ham orzularini to‘la-to‘kis, chiroyli holatda amalga oshirishi hech gap emas!

Unutmang, boy bo‘lish, mansabda o‘tirishni Alloh sekundlar ichida berib qo‘yadi. Ba’zan buni o‘zingiz payqamay, sezmay ham qolasiz, dunyoda bir uxlab turib, mashhur bo‘lib qolganlar qancha! Beradi, hatto so‘raganingizdan, kutganingizdan ziyodasini beradi. Faqat niyatni to‘g‘ri qilsangiz, uni to‘g‘ri boshqarib, o‘zingizni yo‘qotib qo‘ymasangiz kifoya!

Bu o‘rinda ishonch ham juda muhim omildir. Aytingchi, Siz ayni damda grandga kirishingizga 50% ishonyapsizmi? A labbay?! 90% ishonyapman, deysizmi? Unutmang,  qolgan 10% imtihon kuningiz yaqinlashgani sari ortib, ko‘payib boraveradi. “Kirolmay qolsam nima bo‘ladi?” “Yiqilsam nima degan odam bo‘laman?” “Mahallamda qanday bosh ko‘tarib yuraman?” va hokazo deb o‘ylayverasiz. Bu sizning eng katta xatoyingizdir.

Suhbatlashgan abituriyentlarimizning aksariyati o‘qishdan yiqilishlari haqida ko‘p o‘ylashlarini, bu xayollar unga tinchlik bermasligini aytishadi. Maqsadi sari ketayotganda xayolida kirolmasamchi, uyalib qolsamchi, balim yetmay qolsachi, bilmagan savollarim tushib qolsachi… kabi qo‘rquvlar keldimi, u yo maqsadiga yetmaydi, yoki o‘ylagan va kutgan natijasini chiqara olmaydi. Bu o‘ylar abituriyentni imtihonga yetmasidanoq sindirib, boshi berk ko‘cha – “tupik”ka tiqib qo‘yadi…

Aslida hech qanday to‘siq yo‘q. Qaysidir multfilmda aytilganidek, sehrli masalliqning siri aslida hech qanday sir yo‘qligidadir. Xayolimizda o‘zimiz ajdarho yaratib, yasab olamiz. Keyin o‘qish qolib, u bilan kurashishni boshlaymiz. Bu – eng katta xato! Xo‘sh, nima qilish kerak?

Psixologiyada niyatlar qonuni bor. Siz hadeb yiqilish haqida o‘ylayversangiz, o‘sha narsa sizga tobora yaqinlashib keladi va amalga oshadi. Ota-bobolarimiz yaxshi gapga ham, yomon gapga ham farishta omin deydi, degan gap bor. O‘zingiz va kelajagingiz haqida yomon gumonda bo‘lmang. Demak niyat qilishda ehtiyot bo‘ling, uning amalga oshish xususiyati bor!

Miyangizga yomon xayol kelib qolsa, nima qilish kerak? Masalan, o‘qishga kirolmay qolsam nima bo‘ladi, degan o‘y bilan siqila boshladingiz. U xayol eng birinchi qalbingizga tushadi. Qalbingizga kirib, ishonchsizlik va gumon tuyg‘ularini shakllantiradi va sizda stress boshlanadi. Shunday boshog‘riq sizga nima kerak?!

Yomon gumonni qalbingizga kiritmasdan boshqa yaxshi xayolga aylantirib yuborishingiz mumkinku! Deylik, dars qilib o‘tirganingizda o‘sha yomon xayol kelib qoldi, siz uni xonangizdagi biror yaxshi yangilikka almashtirishingiz lozim. Psixologiyada fikrning uzatilishi bor, bu siz kimdir haqida o‘ylasangiz, o‘sha odam ham sizni o‘ylayotganini anglatadi. Bu miyaning miyaga bog‘lanishi, deyiladi va u ilmiy jihatdan ham isbotlangan.

Yaqinda bir abituriyent qizimiz kunduzi kitob o‘qisa, ko‘p chalg‘ishini, ertalablari yaxshi tushunishini aytdi. Nima uchun shunday deb o‘ylaysiz? Sababi, ertalab tinch, xotirjam, miyamiz “svejiy” holatda bo‘ladi, taxminan siz ham shunday o‘yladingiz. Bu – bo‘lmagan gap! Hatto meditsinada ham miya ertalabgacha tiniqib dam olgani uchun ma’lumotlarni yaxshi qabul qiladi, deyishadi.  Aslida miyangizni fikr yuborilishi orqali bezovta qiladigan odamlar ertalab uxlayotganliklari uchun ham kitobdagi ma’lumotlar xotirangizda yaxshiroq qoladi. Ertalab hech narsaga chalg‘imaysiz, chunki xalal beradigan odamlar hali uyg‘onishmagan!

Abituriyenlarga yana bir maslahat: ertalab quyoshdan oldin uyg‘oning! Ko‘pchilik abituriyentlarimiz kechqurun soat 2-3 gacha dars qilib, tong saharda uxlab qolisharkan. Bilingki, tonggi subhidam Allohdan nimani so‘rasa amalga oshadigan barakali vaqt hisoblanadi. Shunday gap bor: “Ertalab 8-9 gacha uxlaydigan odamlar omad, muvaffaqiyat haqida umuman o‘ylamasin”. Bu mening gapim emas, Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) ham ummatimning sahariga baraka ber, deganlar, shuning uchun saharda uyg‘oning, quyosh chiqqandan keyin ozgina uxlab olsangiz bo‘ladi.

Rumiyning qo‘ylar va itlar haqidagi hikoyasi bor.  Qo‘ylar bir yilda 3 tagacha bolalaydi. Go‘shti uchun har yili millionlab qo‘ylar so‘yilsa ham yer yuzida ular soni kamayib ketmagan. Nega desangiz, qo‘ylar erta sahardan uyg‘onib olishadi. O‘sha hikoyada itlarni bir yilda 2-3 marta 5-6 tagacha bolalashi,  kechqurun bilan akkilab, ertalab uxlab qolgani uchun rizqi ham kam bo‘lishi aytib o‘tilgan.

Ko‘rinib turibdiki, barakali ilm olish o‘z qo‘limizda. Harakatdan to‘xtamang, maqsadni qo‘yib, niyatni to‘g‘ri qiling-da, oldinga intiling, Siz, albatta, orzuyingizga erishasiz!