Onangiz sovchilikka borib, o‘g‘lim/qizim oliy ma’lumotli, deyishlari uchungina universitetga kirmang!
Avgust oyi. G‘alvir suvdan ko‘tariladigan payt. Bir umr esda qoladigan hayajonli onlarni insonga tuhfa etuvchi muhim pallada turibmiz. Abituriyentlar bir yil davomida to‘plagan bilimlarini ishga solib, talaba degan maqomga erishishadi. O‘quv markazlari, tayyorlov kurslari bilan xayrlashib, katta hayotga uchirma bo‘lishadi. Ular shu bilan hayotning “Dars” degan ko‘chasiga yo qaytib kirishadi yoki yo‘q…
Bundan 5-10 yil avval o‘qishga kirish nihoyatda azob, talaba bo‘lish qo‘lyetmas orzu, “yiqilish”ga esa boshni xam qiluvchi “qora tamg‘a” sifatida qaralardi. O‘qishdan yiqilganlar mahallasida bosh ko‘tarib yurolmaganliklaridan o’ylab uyidan chiqmasdi. O‘qishga kira olmadim, deb erga tegib ketgan qizlar qancha; peshanamga o‘qish bitilmagan ekan, deb uzoq-uzoqlarga ishlagani ketib, mardikorlik qilib, boshi devorga urilganidan so‘ng, afsuslanib yurgan yigitlar son-sanoqsiz, eh-he…
Haqiqatan ham, avval o‘qishga kirish muhim hodisa hisoblangan. Bir qishloq yoki mahalladan atigi 2-3 kishi (odatda shu ham bo‘lmasdi) OTMda o‘qirdi, tabiiyki, ularning dong‘i yetti mahallaga taralib, ularga hammaning havasi kelardi. Ularning o‘qishga qanday yo‘l bilan kirgani boshqa mavzu, chunki korrupsion holatlar avj olib, bilimga deyarli e’tibor berilmaydigan paytlar edi. Muhimi – eplashgan, o‘qishyapti, odamlarni aytmaysizmi, farzandlariga ularni har sohada o‘rnak qilib ko‘rsatishardi!
Talabalik – bugun avvalgidek muhim hodisa emas, qishloq va mahallalarda o‘qiydigan yoshlar, talabalar ancha ko‘payib qolgan. Ularning safi yildan yilga kengaymoqda, ko‘z tegmasin! Lekin guruch kurmaksiz bo‘lmaydi, bunda ham e’tibor qilishimiz lozim bo‘lgan bir qancha jihatlar bor…
Bugun OTMlarga nazar solsangiz, ko‘pchilik talabalar maqsadsizlik sindromiga chalingan bemorga o‘xshaydi. Balki bizning “Registon” o‘quv markazimizning viloyatlardagi barcha filiallaridagi qaynoq muhit, “olov”li atmosferaga ko‘zimiz o‘rganib qolganidan shunday tuyulyapti, bilmadik. Nazarimizda aksariyat talabalar o‘qishga yo‘qlama uchun borib, ilm olish emas, zerikkanidan vaqt o‘tkazish uchungina darsda o‘tiryapti, umrining eng muhim pallasini uxlab o‘tkazayapti. Axir 18-25 yosh oralig‘i yoki kelajagingni quradigan yoki uni barbod qiladigan davrku!
Qashqadaryodagi birinchi xususiy OTM — Qarshi xalqaro universiteti rektori, yuridik fanlari doktori va mediator Axtam Yakubovning fikri bilan aytganda, hozir Oliy ta’lim bozori yomon emas. Mening “pragnoz”im bo‘yicha, 4-5 yildan keyin bu bozorda juda katta tushish paydo bo‘ladi. 3-4 yildan so‘ng esa jamiyatda “massoviy” diplomli ishsizlar yuzaga keladi. Nima uchun hamma o‘zini ITga, xususiy ta’lim dargohlariga uryapti, nega bugun hammaning og‘zida “Najot ta’lim”? Sababi, yoshlar qisqa muddatda, talabalik paytidayoq o‘rgangan bilimlarini monetizatsiya qilish imkoniyatiga ega bo‘lyapti. Bu imkon esa faqatgina xususiy sektorda yaratilgan, davlat sektori ham shu darajaga zudlik bilan chiqmas ekan, ahvolimiz juda achinarli…
O‘z o‘rnida, universitetlar talabalarni keyingi bosqich – ish bozori uchun tayyorlashi kerak. Agar bitiruvchi ishga olingandan so‘ng, to‘rt yil mobaynida olgan bilimi ish bozori uchun umuman yaroqsiz bo‘lsa, u yana ma’lum vaqtini sarflab seminar-trening, o‘quv kurslarida qatnashib, oylik olmasdan shogird sifatida sinovda yursa, kamiga sinovdan o‘ta olmasa… bunday ta’limni sifatli deb bo‘lmaydi…
Afsuski, bizda xususiy sektor, ayniqsa xususiy universitetlarga nisbatan to‘g‘ri ko‘z bilan qarash hali to‘liq shakllanmagan. Bir paytlar qiynalib, 4-5 yillab abituriyent bo‘lgan yoshlar hozir hech qanday imtihonlarsiz talaba bo‘layotganlarni qaysidir ma’noda ko‘ra olmayapti, ularga hasad bilan qarab, jamiyatda xususiy sektor talabalariga nisbatan salbiy qarash uyg‘otayotganlar ham topilmoqda. Bu xuddi qaynonasidan zug‘m ko‘rgan kelinning o‘zi qaynona bo‘lganidan so‘ng keliniga zug‘m qilishiga o‘xshaydi…
To‘g‘ri, aksariyat xususiy universitetlarda kontrakt to‘lab qo‘ysangiz bo‘ldi, talaba bo‘laverasiz. Lekin bu qoida (super kontrakt) davlat universitetlarida ham joriy qilinganiga ancha bo‘ldi. Keyin, aksariyat xususiy oliygohlardagi (hammasida ham emas) tizim, davlat universitetlariga qaraganda anchagina yaxshi. Ishonmasangiz, internetdagi veb sahifalari, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarini tekshirib ko‘rishingiz mumkin. Talabaning o‘qib-o‘rganishi uchun barcha shart-sharoit va erkinlik ortig‘i bilan yaratilgan. Qolaversa, forma, soch-soqol masalalari, byurokratiya ham umuman yo‘q. Avvalo, shuni yaxshilab tushunib olishimiz kerak.
Umuman olganda, hech qayerda davlat oliygohida o‘qib, uni bitirgan talaba olim bo‘ladi, deb yozib qo‘yilmagan. Xalqimiz u qadar o‘qimishliki, hatto bozordagi aravakash ham oliy ma’lumotli — sandig‘ida diplomi bor, degan edi jamiyatimizdagi faollardan biri. Xoh davlat oliygohi bo‘lsin, xoh nodavlat – diplom bilan ish topish yoki diplomni sandiqqa tashlab, oliy ma’lumotli mardikor, taksist, sotuvchi… bo‘lish hammaning o‘ziga, o‘zlashtirgan bilimiga bog‘liq!
Abituriyentlar! Diplom olish yoki ota-onangiz sovchilikka borgan payti o‘g‘lim/qizim oliy ma’lumotli, deyishlari uchungina universitetga kirmang. Astoydil harakat qiling, chin dildan o‘qing, o‘z sohangizning yetuk mutaxassisi bo‘ling. Har doim ishonchni oqlashni niyat qilib, maqsadni to‘g‘ri qo‘ysangiz, albatta, sohangizning yetuk mutaxassisi bo‘lasiz!
Har yili o‘qishni bitirayotgan to‘da-to‘da omadsiz talabalar qatorida bo‘lib qolishdan saqlaning. Imkoningiz bo‘lsa, chet elga keting yoki o‘sha pulga ertasi bor hunarni o‘rganing. Super-kontrakt bilan o‘qishga kirmang. Ishoning, har qanday ta’lim tizimi super u yoqda tursin, oddiy kontrakt to‘lab o‘qishga ham arzimaydi: agar o‘zingiz harakat qilmasangiz! Nafaqat davlat, balki xususiy sektorda ham xuddi shunday. O‘zingiz erinchoq bo‘lsangiz, o‘qituvchilar boshingizdagi “qopqoq”ni ochib, bilimlarni solib qo‘yolmaydi. Yagona najot – o‘zingiz, sizga Sizdan boshqa hech kim yordam berolmaydi. Hazrat Alisher Navoiy ta’biri bilan aytganda,
“O‘z vujudingg‘a tafakkur aylagil,
Neki istarsen, o‘zingdin istagil!”
Imtihonlarda omad tilaymiz, yuzingiz yorug‘ bo‘lsin!