Qaysi yo‘nalishni tanlasam ekan?!
Hurmatli Abituriyent! Sizda yo‘nalish tanlash bilan bog‘liq muammolar bormi? Unda bu maqolani oxirigacha o‘qing…
Oldingi yillardan boshlab aynan davlat qabul komissiyasi tomonidan beshtagacha ta’lim yo‘nalishini tanlash bo‘yicha katta imkoniyatlar yaratildi. Ko‘plab abituriyentlar esa 5 ta yo‘nalishdan qaysi biriga topshirsam ekan, degan savollar bilan bizga murojaat qilmoqda. Aynan shular yuzasidan ayrim tavsiyalarni berib o‘tamiz!
Avvalo, siz maktabni biturguningizga qadar o‘z sohangizni tanlashingiz kerak. O‘sha kasb yoki soha bo‘yicha fanlarni o‘qib, tayyorgarlik ko‘rib, imtihonni xuddi bayramdek qarshi olishingiz lozim. Beshta ta’lim yo‘nalishidan birinchisini o‘zingiz xohlagan ta’lim yo‘nalishiga topshirasiz. Qolgan yo‘nalishlarga ya’ni 2-3-4-5-ta’lim yo‘nalishlari nima bo‘ladi, deganlar uchun umumiy yechim beramiz!
Dastavval qabul kvotalariga e’tibor qarating. DQK tomonidan qabul kvotalari belgilanadi. Qaysi yo‘nalishga nechta grant, nechta kontrakt, o‘shalarga e’tibor berishingiz kerak. Grant va kontraktga qabul soni ko‘p bo‘lgan yo‘nalishga hujjat topshirsangiz, nur ustiga a’lo nur bo‘ladi! Chunki aynan shu kvotalarda davlatning talabi borligi anglashiladi-da…
Keyingisi, sizning balingiz. Testdan taxminan necha ball olishingizni bilishni xohlasangiz, 5 ta blok test ishlab ko‘ring. 5 ta har xil darajadagi testlarni ishlab chiqib, umumiy natijani 5 ga bo‘lasiz va sizning o‘rtacha balingiz kelib chiqadi. Shundan so‘ng oliy ta’lim muassasalarining yo‘nalishlarini tanlashingiz mumkin!
Savol tug‘iladi: balni o‘tgan yilgi balga qarab hisoblaymanmi? Yo‘q, bu xato. Nega? Chunki o‘tgan yilgi ballar bu yilga kelib o‘zgaradi. Bir yil baland, bir yil past, ba’zi yo‘nalishlar umuman o‘zgarmaydi. Bir xil yo‘nalishlar juda katta tafovutda o‘zgarib ketadi. Buni aniqlash uchun esa 4 yillik natijalarni solishtirishingiz kifoya. Shunda barchasini aniq tahlil qila olasiz!
Solishtirish quyidagicha amalga oshiriladi: 2019-yildan boshlab to 2022-yilgacha bo‘lgan kirish ballarini olib, bir-biriga qo‘shasiz va 4 ga bo‘lasiz, o‘rtacha ball kelib chiqadi. Oldin aytib o‘tgan sizning o‘rtacha balingizni shu ballga solishtirasiz, agar ballar mos kelsa, yo‘nalishni tanlaysiz, bo‘lmasa yo‘q.
O‘tgan yillardagi kirish ballarini qayerdan topamiz, deysizmi? Bu haqida ma’lumot “Registan LC” YouTube kanalida berib bormoqdamiz. Bu orqali siz barcha ta’lim shakllarining barcha yo‘nalish ballarini ko‘rib olishingiz mumkin!
Yo‘nalish tanlashda yana bir jihatga e’tibor qaratishingiz kerak. 2-3-4-5-yo‘nalishlarda ota-onangiz, ustozlaringiz hamda sizga yaqin bo‘lgan talabalardan va albatta, bizning yo‘nalish tanlashga oid videolarimizni ko‘rib yordam olish imkoniyati sizda mavjud. Barcha abituriyentlarga imtihonlarda omad tilaymiz!