Ularning “O‘QISH” so‘ziga allergiyasi bor!
Mandatga ham oz qoldi, hamma abituriyentlar hayajonda, yurak yutib, soniya sanab, yakuniy natijalarni kutishmoqda. Shunday vaziyatda o‘quvchilarimiz vaqtni mazmunli o‘tkazish va ayni kunlarda ko‘nglidan o‘tayotgan kechinmalarni do‘stlari bilan bo‘lishish maqsadida ayrim fikr-mulohazalarini qog‘ozga tushiribdi. Agar allergiyangiz bo‘lmasa, o‘qing!
Boshqa qishloqlarda ahvol qandayligini bilmadim-u, biz taraflarda juda koʻpchilik vaqtni oʻtkazish uchungina yashaydi:
“Harna-da, vaqt oʻtadi!”, “Kun koʻrib tursak boʻldi…”, “Mol bilan ovunamiz-da!”, “Ketmonsiz oʻlib qolsam kerag-ov”…
Bizda shunday bolalar bor, diydasini yaylov qotirgan, tili “Dadam pilla oldi!”, “Mol boqishga ketdik!”, “Oʻtga borasanmi?!”… deb chiqadi. Kelajagi haqida aniq tasavvurga ega emas, bu haqda o‘ylashni xohlashmaydi ham! Dunyoqarashi esa…
Bizda shunday yoshlar bor, o‘quv markazlariga borib, biror fandan tayyorlanish narxi ularga qimmatlik qiladi. Lekin har oy kompyuterxona, “Playstation”, jo‘ravozlik… lar uchun million-millionlarni indamay sarflab yuborishadi: bu umuman bilinmaydi! Kitob o‘qish haqida-ku gapirmasayam bo‘ladi…
Bizda shunday oilalar bor, dangʻillama toʻy qilib, toʻyonaga tushgan sovgʻa-salom, idish-tovoqlarni arzon-garov pullab, qarz toʻlaydi. To‘yda ba’zan kelinning, ba’zida kuyovning, gohida esa kelin-kuyovning otasi qatnashmaydi. Chet elda ishlayotgani sababli to‘yga yaqin qarindosh-urug‘lar bosh bo‘lishadi. Tabiiyki, o‘qimagan kuyov ham to‘ydan bir oy o‘tar-o‘tmas xurjunini yelkalab, xorij tomonga yo‘l oladi. Otasi yoki qaynotasining yoniga…
Bizda shunday odamlar bor, somon, gʻoʻzapoya va yaylov bergani uchun fermerda yozda suv, qishda muz kechib, mehnat qiladi. Oyligi bormi-yoʻqmi, bu haqda aniq maʼlumot bilmayman. Farzandlarning umri ham dalalarda xazon bo‘ladi. Daraxtlar xazoni bahor kelgach yo‘qolar, tabiat qayta uyg‘onishi tabiiy. Lekin bu yoshlarning umri qaytib “uyg‘onmaydi”. Ular tug‘ilishi bilanoq peshanasiga “umri xazon” deb yozilgan bo‘ladi. O‘zgartirib bo‘lmaydi, qachonki o‘zlari xohlashmasa!
Bizda shunday xotin-qizlar bor, “Madad” degan jamoa tuzgan. Ertalabdan kechgacha duch kelgan ishni qilishadi. Tushlik ham oʻzlarining hisobidan. Bor yo‘g‘i 50 ming soʻmga! Ularning qiladigan mehnatiga uncha-muncha erkaklar ham dosh berolmaydi. Agar shu kuch-quvvatini ta’lim olishga yo‘naltirishsa bormi… Lekin bunga sharoiti bo‘lmaydi!
Bizda shunday “abituriyent”lar bor, har yili ermak uchun OTMga hujjat topshiradi. Kamiga umidvor bo‘lib, mandatni intiq bo‘lib kutishadi. Javoblar chiqib, o‘qishga kira olmaganini bilishganida ko‘z yosh qilishlariga nima deysiz? Yil bo‘yi o‘rtoqlari bilan ko‘cha-ko‘yda “daydish”, qarindosh-urug‘larnikida mehmon bo‘lish, to‘yma-to‘y yurish… maqsadida minglab kilometrlarni bosib o‘tadi. Bir necha chaqirim naridagi “Registon” o‘quv markazida ta’lim olish uchun esa erinishadi, ularga masofa uzoqlik qiladi…
OTMlarga test imtihonlari yakuniga yetdi. “Registon” oilasining o‘quvchilari qayd etgan natijalar rasmiy kanallarda tinimsiz e’lon qilindi. Ko‘rib ko‘zingiz quvnaydi! Aynan shu o‘quvchilar sabab qalbingizda kelajakka ishonch, ertangi kunga umid paydo bo‘ladi. Bu yoshlar aynan yuqoridagi muhitni “yorib” chiqqan, o‘zi mansub bo‘lgan hududdagi stereotiplarni parchalagan iste’dod egalaridir. Aynan ular yurtimizni har jabhada rivojlantiradi, O‘zbekiston ta’lim tizimini dunyoda birinchi o‘ringa olib chiqishadi!
Boshqa qishloqlarda ahvol qandayligini bilmadim-u, biz taraflarda shunday holatlar, odatlar bor… Sizdachi?