Abituriyentlar diqqatiga: Ta’lim tizimida nima gaplar?

Hurmatli abituriyentlar! Yaxshi bilasizki, yurtimizdan ta’lim tizimida bir qator kamchiliklar bor, buni mutasaddi tashkilot rahbarlari ham bilishadi. Shunga ko‘ra tizimni isloh qilish maqsadida o‘zgarishlar kiritib borilmoqda. Keling sizlarni so‘nggi kunlardagi yangiliklardan boxabar etamiz.

Avvalo test tizimiga kiritilayotgan o‘zgarishlardan boshlasak. Keyingi o‘quv yilidan yilda kirish imtihonlari yangi test savollari asosida o‘tkaziladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning tegishli qaroriga ko‘ra, 2021-yil 1-yanvaridan boshlab davlat OTMlariga kirish uchun test sinovi topshiriqlarini tuzish va ekspertizadan o‘tkazishning yangi tartibi joriy qilinadi.

Unga muvofiq:

— test sinovi topshiriqlari davlat ta’lim standartlari va o‘quv dasturlari asosida tuziladi;

— test sinovi materiallarining ma’no-mazmuni umumiy o‘rta ta’lim tizimidagi fanlarning o‘quv dasturlariga moslashtiriladi;

— abiturientlarning nazariy bilimlarni o‘zlashtirish darajasi bilan birga mantiqiy fikrlashi, masala va misollarni bajara olish qobiliyati va ta’limning keyingi bosqichiga tayyorgarligini baholaydigan, kompetentsiyaga asoslangan test topshiriqlari ishlab chiqiladi;

— amaldagi ABITUR dasturini takomillashtirish hisobiga yangi dasturiy mahsulot ishlab chiqiladi hamda 2021/2022 o‘quv yili uchun saralash test sinovlari yangi test savollari asosida o‘tkaziladi.

         Tibbiyot sohasiga qiziquvchilar hamda ushbu kasbni egallamoqchi bo‘lganlar uchun yana bir yangilik bor — endi Tibbiyot oliy o‘quv yurtlari hududlarga biriktiriladi, tibbiyot oliygohi bo‘lmagan viloyatlarga filiallar tashkil qilinadi.

         Bu haqda Prezident rahbarligida o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi. Unda tibbiyot kadrlari tayyorlash masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Mamlakatimizda har yili tibbiyot oliygohlarini 2,5 ming atrofida bitirayotgan talabalar shifokorlarga bo‘lgan ehtiyojni ta’minlash uchun yetarli emasligi aytildi. Shu bois kelgusi yilda tibbiyot oliygohlari bo‘lmagan Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Navoiy, Sirdaryo viloyatlarida tibbiyot oliygohlarining filiallari yoki fakultetlari va klinik bazalarini, jumladan, nufuzli xorijiy tibbiyot oliygohlarining qo‘shma ta’lim dasturlarini tashkil etish belgilandi. Toshkent viloyatida tibbiyot oliygohi tashkil etish bo‘yicha taklif kiritiladigan bo‘ldi.

Bundan tashqari poytaxtdagi tibbiyot oliy o‘quv yurtlari — Toshkent shahri, Sirdaryo, Surxondaryo va Toshkent viloyatlariga;

Andijon tibbiyot instituti — Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlariga;

Samarqand tibbiyot instituti — Samarqand, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlariga;

Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti — Qoraqalpog‘iston Respublikasiga;

Toshkent tibbiyot akademiyasi Urganch filiali — Xorazmdagi tibbiyot muassasalariga biriktirilib, ularning bitiruvchi kurs talabalari amaliyotini bevosita o‘zlari biriktirilgan hududda o‘taydi va diplomni shu yerdan oladi.

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida yana bir fakultet ochiladigan bo‘ldi.

“O‘zbekiston Respublikasi gidrometeorologiya xizmati faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezident qarori qabul qilindi. Qarorda abituriyentlarimizda dahldor bo‘lgan jihati shundaki, yangi 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida Gidrometeorologiya fakulteti tashkil etiladi. 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab Rossiya davlat gidrometeorologiya universiteti va boshqa xorijiy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda qo‘shma ta’lim dasturlari bo‘yicha gidrometeorologiya yo‘nalishida kadrlar tayyorlash tashkil etiladi.

Ro‘ziqul OCHILOV

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *