Imkoniyatlar kengaydi. Foydalansangiz bas!
Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev yoshlar forumi doirasida mamlakatimiz yoshlari bilan yuzma-yuz ko‘rishdi. Davlatda yoshlarga oid olib borilayotgan izchil islohotlar doirasida muhim yangiliklar kutilayotgandi. Va ayni xuddi shunday bo‘ldi ham. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, yoshlarning salohiyatini oshirish, ularni har tomonlama yanada qo‘llab-quvvatlash maqsadida bir qancha amaliy takliflar o‘rtaga tashlandi. Quyida eng muhimlari bilan tanishtiramiz va albatta, bu imkoniyatlardan foydalanish sari bel bog‘laysiz deb umid qilamiz!
— Kelgusi yildan boshlab, xalqaro ta’lim dasturlari bo‘yicha eng yuqori ball to‘plagan iqtidorli yoshlarga imtihon topshirish xarajatlari to‘liq qoplab beriladi.
— Viloyat hokimlari har qaysi tuman va shahardan 5 nafargacha yoshlarni madaniyat va san’at oliygohlarida mahalliy byudjet hisobidan o‘qitadi. Kelgusida ularni o‘z hududida uy-joy va mutaxassisligi bo‘yicha ish bilan ta’minlash choralarini ko‘radi.
— Innovatsion rivojlanish vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi 2021-yildan boshlab maktab o‘quvchilari va oliy o‘quv yurtlari talabalari o‘rtasida “Bo‘lajak olim” tanlovini tashkil qiladi. Shuningdek, ushbu tanlov doirasida yoshlarning eng yaxshi innovatsion hamda startap loyihalariga 50 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltiradi.
— Keyingi yildan yoshlarga xalqaro “IT” sertifikatlarini olish xarajatlarining 50 foizgacha bo‘lgan qismi byudjetdan qoplab beriladi.
— Yaqin ikki yilda “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida 300 ming nafar yoshlar kompyuter dasturlash asoslariga bepul o‘qitiladi. Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda ushbu loyiha doirasida sohaga qiziqadigan yoshlarni aniqlash, o‘qitish va ish bilan ta’minlashga qaratilgan dastur ishlab chiqadi.
— Keyingi yildan oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida eng yuqori ball to‘plagan 200 nafar yoshlar uchun Prezident granti joriy etiladi. Agar mavjud Prezident stipendiyasi faqat bir o‘quv yili uchun mo‘ljallangan bo‘lsa, ushbu grant talaba o‘qishni bitirguniga qadar, ya’ni, to‘rt yil davomida to‘lab boriladi.
— Kelgusi o‘quv yilidan boshlab, respublikamizdagi xorijiy oliy o‘quv yurtlarining bakalavriat bosqichi talabalari uchun ham Prezident va davlat stipendiyalari joriy etiladi.
— Magistratura va doktorantura bosqichlari uchun Prezident stipendiyasi kvotasini ikki barobarga oshiriladi.
— Ikki va undan ortiq farzandi oliy o‘quv yurtida shartnoma asosida o‘qiyotgan oilalarga imtiyozli ta’lim krediti berish tartibi ishlab chiqiladi. Bunda kreditni o‘qish davri tugab, yoshlarimiz ishga joylashgandan so‘ng qaytarish nazarda tutiladi.
— Yangi Renessansning ilk qadami sifatida Toshkent shahrida zamonaviy, muhtasham kutubxona barpo etiladi. Bu ma’rifat saroyi ilm-fanning so‘nggi yutuqlari asosida jihozlanadi. Bu dargohda yurtimiz va jahondagi eng nodir, noyob va bebaho asarlar jamlanadi.
— 2021 yildan boshlab yoshlar o‘rtasida har yili “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sport sinovlarini o‘tkazish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu sinov talablarini bajarganlarga sport razryadlari beriladi, muddatli harbiy xizmatga borish va “Temurbeklar maktabi”ga kirishda imtiyozlar joriy etiladi.
— Shahar va tuman hokimlari, sektor rahbarlariga, har bir hudud va soha kesimida “Vatanparvar” tashkiloti bazasida yoshlarni mehnat bozorida ehtiyoj yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qitish vazifasi topshirildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqi davomida quyidagi fikrlarni alohida ta’kidladi:
“Mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosatini to‘laqonli ro‘yobga chiqarish uchun bundan keyin ham barcha resurs va imkoniyatlarni keng safarbar qilamiz. Biz uchun bu borada mayda masalaning o‘zi yo‘q. Sizlarning kelajagingiz bilan bog‘liq har qanday vazifa – birlamchi ahamiyatga ega”.
“Yoshlar bilan ishlash Prezidentdan tortib vazirgacha, hokimdan tortib mahalla raisigacha – hammamizning eng asosiy ishimizga aylanishi zarur!”.