Toshkentda yangi universitet tashkil etiladi
Vazirlar Mahkamasining “Toshkent amaliy fanlar universitetini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi eʼlon qilindi.
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda “University of Tashkent for Applied Sciences” masʼuliyati cheklangan jamiyatining (muassis) nodavlat taʼlim xizmatlarini koʻrsatuvchi Toshkent amaliy fanlar universitetini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilishi mumkin.
Quyidagilar universitetning asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari etib belgilanadi:
Universitetda Oʻzbekiston oliy taʼlim dasturlari bilan birga dunyoning nufuzli xorijiy oliy taʼlim muassasalari, jumladan “QS World University Rankings” va “The Times Higher Education World University Rankings” reytingida 1000talikka kiruvchi Grinvich universiteti, Markaziy Lankashir universiteti (Buyuk Britaniya) hamda boshqa yetakchi xorijiy oliy taʼlim muassasalari taʼlim dasturlarini joriy etish, ularning malakali professor-oʻqituvchilari, olim va mutaxassislarini oʻquv jarayoniga jalb qilish;
respublika iqtisodiyoti real sektorlari tarmoqlariga zarur boʻlgan yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash, shu jumladan oliy taʼlim, oliy taʼlimdan keyingi taʼlim, professional taʼlim, kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash;
xorijning ilgʻor oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik asosida tajriba almashish dasturlarini amalga oshirish;
oʻquv rejalariga zamonaviy fanlarni kiritib borish, innovatsion hamda ilm-fanga asoslangan texnologiyalarni tatbiq qilish;
taʼlim jarayoniga zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini, ilm-fan va texnikaning yangi yutuqlarini joriy etish;
taʼlim jarayoniga yetakchi xorijiy oliy taʼlim muassasalarining malakali professor-oʻqituvchilari, olim va mutaxassislarini keng jalb qilish;
professor-oʻqituvchilar malakasini oshirish va qayta tayyorlash, shu jumladan ularning stajirovkasini nufuzli xorijiy oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida tashkil etish;
biznes axborot tizimlari, axborot xavfsizligi, matematik modellashtirish va prognozlash, moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari, risk menejment, ekonometrika, biznes boshqaruvi, loyihalar boshqaruvi sohalari boʻyicha hamda respublika iqtisodiyoti tarmoqlari uchun xalqaro standartlar darajasida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashni taʼminlash;
respublika iqtisodiyot tarmoqlariga innovatsiyalarni joriy qilish, ilmiy tadqiqotlar natijalarini tijoratlashtirish imkoniyatlarini kengaytirish, taʼlim oluvchilarning innovatsion gʻoyalarini amalga oshirish uchun investitsiyalarni jalb etish;
respublika oliy taʼlim tizimiga zamonaviy taʼlim texnologiyalariga asoslangan oʻquv jarayonini tashkil qilish boʻyicha ilgʻor xorijiy tajribani tatbiq etish, ochiq axborot-taʼlim muhitini rivojlantirishga koʻmaklashish;
taʼlim va ilm-fanning uzluksizligi hamda izchilligi tamoyili, shuningdek, jahon taʼlimi va ilmiy hamjamiyatga uygʻun integratsiyalashuvi asosida mutaxassis va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirish;
taʼlim va ilm-fan sohasida xorijiy mamlakatlarning yetakchi oliy taʼlim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari bilan uzoq muddatli aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlash.
Belgilanishicha:
Universitet nodavlat oliy taʼlim tashkiloti hisoblanadi;
Universitetda taʼlim jarayoni Oʻzbekiston oliy taʼlim davlat taʼlim standartlari asosiy qoidalarini hisobga olinib, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan kelishilgan holda xorijiy tajribaga muvofiq ishlab chiqilgan malaka talablari, oʻquv reja va fan dasturlari asosida amalga oshiriladi;
Universitetda oʻqitish Oʻzbekistonda amalda mavjud taʼlim shakllari hamda oʻzbek, rus va ingliz tillarida amalga oshiriladi;
Universitetda taʼlim olish toʻlov-kontrakt asosida, shuningdek yuridik shaxslar – potensial ish beruvchilar tomonidan taqdim etiladigan taʼlim grantlari, shuningdek, yoshlarni oʻqitish uchun ajratiladigan yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi;
Universitetda oʻqitishning toʻlov-kontrakt miqdori muassis tomonidan belgilanadi;
bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklariga qabul parametrlari respublika mehnat bozori ehtiyojlari hamda Universitetning moddiy-texnik imkoniyatidan kelib chiqqan holda Universitet tomonidan belgilanadi;
Universitetda dastlabki bosqichda “Biznes axborot tizimlari”, “Biznes boshqaruvi”, “Axborot xavfsizligi” hamda “Elektron tijorat” bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha talabalar qabuli amalga oshiriladi;
Universitetga abituriyentlarni qabul qilish va bitiruvchilarni attestatsiyadan oʻtkazish tartibi va qoidalari Universitet tomonidan, shuningdek xorijiy hamkorlar bilan kelishgan holda belgilanadi;
Universitetda taʼlim faoliyati 2021/2022 oʻquv yilidan boshlanadi;
Universitetda taʼlim raqamli texnologiyalar, masofaviy taʼlim xizmatlari, vebinarlar, onlayn-oʻqitish, “blended learning” va boshqa zamonaviy taʼlim texnologiyalaridan foydalangan holda kunduzgi, sirtqi, maxsus sirtqi, kechki va masofaviy taʼlim shakllarida amalga oshiriladi;
Universitet bitiruvchilariga Oʻzbekistonning oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi davlat namunasidagi diplomi beriladi.
Universitet Toshkent shahar, Yunusobod tumani, Ahmad Donish koʻchasi, 12-mavze, 20a-uy manzilida joylashtiriladi.