Qanday qilib kitobni tez o’qishni o’rganish mumkin?
Yaxshi kitoblar koʻp. Yoʻq, unaqa emas. Judayam koʻp. Hattoki haftasiga bittadan kitob oʻqiganingizda ham barcha yaxshi kitoblarni oʻqib chiqishga ulgurmaysiz. Shuning uchun ham kitobni tez oʻqishni oʻrganib olish foydadan xoli boʻlmaydi.
Prinston universiteti oʻqituvchisi Ebbi Marks-Bilning “10 kun ichida kitobni tez oʻqishni oʻrganish” kitobida tez oʻqishni oʻrganish borasida amaliy maslahatlar berilgan.
Oʻqish va axborotni eslab qolish uchun muhim shartlar
Marks-Bilning aytishicha, oʻqilgan maʼlumot qisqa muddatli xotiraga tushadi va bir necha kun davomida saqlanib turadi.
Agar kishi oʻqiyotgan axborotining maʼnosini tushunsa u yaxshiroq esda qoladi. Sarlavhalar, izohlarni oʻtkazib yubormaslik kerak – ular gap nima haqida ekanligi borasida yaxshiroq tushuncha beradi.
Xalaqit beradigan xatolar
Kitob oʻqish ham xuddi malaka singari doimo oshib boradi. Afsuski, biz maktabni bitirishimiz bilan kitob oʻqimay qoʻyamiz. Aslida esa tez-tez kitob oʻqish foydali.
Marks-Bil tez oʻqishga xalaqit beradigan uchta xatoni keltirib oʻtadi:
- Matnni ovoz chiqarib oʻqish.
- Kitob oʻqiyotganda boshqa narsalarga chalgʻish.
- Oʻqib boʻlingan satrni qaytadan oʻqish.
- Birinchi xatodan qutulish oson: ovoz chiqarib oʻqishni bas qilish kerak.
- Boshqa narsalarga chalgʻimaslik uchun esa smartfon, televizor va shu kabi chalgʻituvchi narsalardan uzoqroqda boʻlish kerak.
- Oʻqib boʻlingan matnni qaytadan oʻqib yubormaslik uchun esa oʻqib boʻlingan satrni chizgʻich bilan toʻsib oʻqishda davom etish kerak.
Tez oʻqish usuli
Keyingi satrga oʻtayotganingizda koʻzingizni satr boshiga emas, bir santimetr oʻngga qarating. Satr oxirida ham soʻnggi santimetrga koʻz tashlamang.
Sizga xuddi har bir satrning boshi va oxiri koʻrinmayotgandek tuyuladi. Lekin aslida siz ularni oʻqiy olasiz. Natijada har bir satrda nigohning toʻxtash holati kamayadi.
Tanaffuslar
Kitobda shuningdek, mutolaa uchun eng optimal vaqt 20 daqiqa ekanligi aytiladi. Tadqiqotlarda aniqlanishicha, 20 daqiqadan soʻng miya axborotni qabul qilishi qiyinlashadi. Lekin bu fikrga kimdir qoʻshilmasligi ham mumkin. Chunki ayrim kitoblarni oʻqishni toʻxtatish uchun 20 daqiqa ham kifoya qilsa, ayrim kitoblarni soatlab oʻqisangiz ham qoʻlingizdan qoʻygingiz kelmaydi.