“Quacquarelli Symonds”: O‘zbekistondagi 4 OTM “2021 yil uchun eng yaxshi universitetlar reytingi”dan joy oldi

“Quacquarelli Symonds”: O‘zbekistondagi 4 OTM “2021 yil uchun eng yaxshi universitetlar reytingi”dan joy oldi

Ayni daqiqalarda Londonda “Quacquarelli Symonds” xalqaro agentligi tomonidan Rivojlanayotgan Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari bo‘yicha 2021 yil uchun eng kuchli universitetlar reytingi (QS Emerging Europe and Central Asia University Rankings) e’lon qilindi.

Quvonarlisi, ushbu nufuzli reytingda mustaqil O‘zbekiston tarixida ilk marotaba mamlkatimizning bir yo‘la to‘rtta oliy ta’lim muassasasi eng kuchli universitetlar qatoridan o‘rin egalladi. Bular:

Toshkent irrigasiya va qishloq xo‘jaligini mexanizasiyalashtirish muhandislari instituti (251-300);

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti (351-400);

 Samarqand davlat universiteti (351-400);

Toshkent davlat texnika universiteti (351-400).

“Quacquarelli Symonds” xalqaro reyting agentligi kuchli universitetlar reytingini tuzishda ularning akademik nufuzi (30%), ish beruvchilar o‘rtasidagi nufuzi (20%), o‘qituvchilar va talabalar miqdori mutanosibligi (10%), professor-o‘qituvchilarning ilmiy faolligi (10%), ilmiy maqolalarning o‘qilishi, ularga nisbatan berilgan iqtiboslar soni (5%), xorijiy o‘qituvchi va xodimlar (2.5%) hamda talabalar (2.5%) ulushi va shu kabi boshqa muhim jihatlar asos qilib olinadi.

Reytingni tuzishda dunyoning 102 ming nafardan ortiq olimlar, o‘qituvchi va OTMlar rahbarlari, 52 ming nafardan ziyod ish beruvchi kompaniyalar vakillari ishtirok etgan. Jumladan, yurtimiz oliy ta’lim tizimi vakillari ham ekspert sifatida ushbu reytingni tuzishda qatnashdi.

Reytingda eng yuqori o‘rinlarni M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti (Rossiya), Tartus universiteti (Estoniya), Sankt-Peterburg davlat universiteti (Rossiya) va Karlov universiteti (Chexiya) egallagan.

Ma’lumot uchun, dunyoda ta’lim sifatini baholovchi ko‘plab reyting tizimlari bo‘lib, ulardan xalqaro miqyosda tan olinadigan Times Higher Education (THE), Quacquarelli Symonds (QS) va Academic Ranking of World Universities (ARWU) Shanxay reyting kompaniyalari o‘zining nufuzi bilan dunyoga mashhur.