DTM o‘tkazadigan test sinovlari yuzasidan apellatsiya qanday beriladi?
Test topshiruvchilar ba’zan javoblar e’lon qilingach, natijalaridan norozilik kayfiyatiga tushib qolishadi. Jarayonda qandaydir xato yoki tushunmovchilik bo‘lgan degan fikrga borishadi. Bu kabi holatlarda vaziyatga aniqlik kiritishning yagona yo‘li apellatsiya shikoyati berish. Xo‘sh, bu qay tartibda amalga oshiriladi? Hozir ayni shu masalaga batafsil to‘xtalamiz.
Chet tilini bilish darajasini aniqlash va malaka sertifikati berish uchun o‘tkaziladigan test sinovlari.
Mazkur test natijalari yuzasidan apellatsiya shikoyati javoblar e’lon qilingandan so‘ng 5 ish kuni davomida yozilishi lozim. Shikoyat arizasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 31-dekabrdagi 352-sonli qarori ya’ni “Chet tilini bilish darajasini aniqlash va malaka sertifikati berish tartibi to‘g‘risida nizom”ga asosan 2 hafta ichida ko‘rib chiqiladi.
Oliy harbiy ta’lim muassasalarida o‘tkaziladigan test sinovlari.
Shikoyat berish tartibi “Oliy harbiy ta’lim muassasalarida test sinovlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom”ga muvofiq ko‘rib chiqiladi. E’tirozlar javoblar e’lon qilingandan so‘ng 2 ish kunida yozma bildirilishi lozim. 3 ish kuno davomida ko‘rib chiqiladi.
Oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga talabalarni o‘qishga qabul qilish uchun o‘tkaziladigan test sinovlari.
Apellatsiya shikoyatlarini berish tartibi “Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish tartibini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 3-apreldagi 261-sonli qarori bilan belgilangan.
Arizalar 20-avgustdan 30-avgustgacha dam olish kunlarisiz qabul qilinadi hamda 5 kun ichida ko‘rib chiqiladi.
Toshkent tibbiyot akademiyasi huzuridagi Harbiy-tibbiyot fakultetiga nomzodlarni qabul qilish uchun o‘tkaziladigan test sinovlari.
Mazkur test natijalaridan norozilar “Toshkent tibbiyot akademiyasi huzuridagi Harbiy-tibbiyot fakultetiga nomzodlarni qabul qilishda test sinovlarini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom”ga asosan e’tiroz bildirishga haqli. Ular ham 2 ish kunida ariza berishlari lozim va xuddi shunday muddat ichida ko‘rib chiqiladi.
O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalariga kirish uchun o‘tkaziladigan test sinovlari.
Ushbu test jarayonlaridan so‘ng apellatsiya berish tartibi O‘zbekiston Respublikasi O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida saralash test sinovlarini o‘tkazish bo‘yicha yo‘riqnomasiga ko‘ra amal qilinadi. Apellatsiya javoblar e’lon qilingandan so‘ng 2 ish kuni topshirilishi kerak. Bu ham ikki ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademik litseylariga o‘quvchilarni qabul qilish uchun o‘tkaziladigan test sinovlari.
Ushbu test natijalari bo‘yicha apellatsiya shikoyati berish tartibi belgilanmagan. Abituriyentlar O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq murojaat qilish mumkin.
Ko‘p hollarda apellatsiya shikoyat arizasini qabul qilish muddat tugaganligi sababli rad etiladi. Shu sababdan berilgan muddat ichida arizani kiritishga e’tiborli bo‘lsangiz, yutqazmaysiz. Boshqa sabab bilan arizalarni qabul qilinmasligi mumkin emas. Agar shunday holatga duch kelsangiz, belgilangan tartibda huquqingizni talab etishingiz mumkin.
Ramazon tuhfasi: “Registon” o’quv markazida 1 oy davomida Ona tili darslarini bepul o’rganing