Rus tilini qisqa vaqtda mukammal o‘rgansa bo‘ladimi?
Men – Kostishina Kristina Sergeyevna. “Registon” ta’lim loyihasida 2021-yilning 17-iyulidan boshlab Rus tili o‘qituvchilari lideri sifatida ishlab kelmoqdaman. Ish uchun o‘zbek tilini o‘rgandim, ayni paytda ingliz tilini ham o‘qib, IELTSga tayyorlanyapman. Hozirgi ingliz tili darajam upper-intermediate. Ushbu maqolada rus tilini o‘rganish bo‘yicha bir qancha tavsiyalarimni aytib o‘taman. Foydali bo‘lsa, mamnunman.
Rus tilini qisqa vaqtda mukammal o‘rgansa bo‘ladimi? Rus tilida og‘zaki nutqni rivojlantirish uchun qanday usullar bor? Rus tilida xuddi ona tilingizdagidek gapira olishning siri nimada?… Bular repetitorlikni boshlaganimdan beri o‘quvchilar tomonidan eng ko‘p beriladigan savollardir. Bilasizmi, avvalo tushunib olishingiz kerak, hech bir til, jumladan, rus tilini ham oson o‘rganishingizga yordam beradigan “Sehrli damlama” yo‘q. Hammasiga tinimsiz mehnat orqasidan erishiladi!
Birinchi navbatda, rus tilini nima uchun o‘rganmoqchisiz, shuni aniqlab, o‘zingiz bilan kelishib oling. Maqsad aniq bo‘lsa, manzilni shunchalik tiniq ko‘rib turasiz. Keyin esa rus tilini o‘rganish sizga nimalar berishini chamalab, kamida tahminiy natijani xayolingizda gavdalantiring. Hozir kimsiz-u, rus tilini o‘rganganingizdan so‘ng kim bo‘lishingizni tasavvur qilib, kelajagingizga ishonch bilan o‘qisangiz, mashaqqatingiz ozroq bo‘ladi. Bu yo‘lda har qancha azob cheksangiz ham, umuman sezilmaydi. Bunda esa malakali o‘qituvchining to‘g‘ri tavsiyalari, yo‘naltirishlarining o‘rni beqiyos!
Xo‘sh, abituriyentmisiz? Keling, sizga Rus tili nimalar berishini jaydari tilda aytib beraman. Gapning indallosini aytganda, rus tilida o‘qiydigan abituriyentlarning o‘qishga kirish imkoniyati kengroq bo‘ladi. Negaki, bizda rus tili yo‘nalishlariga tanlov kamroq. Rus tilida tuziladigan savollar ham o‘zbek tili variantlariga nisbatan birmuncha “yengilroq” bo‘lishi ko‘p bor tasdiqdan o‘tgan.
Ishga kirmoqchimisiz? Har qanday tashkilotda til biladigan xodimga ehtiyoj bor. Ayniqsa, bizning jamiyatda. Rus tilini bilsangiz, sizga boshqalarga nisbatan yuqoriroq maosh taklif qilishadi, hatto yaxshiroq sharoitda ishlashingiz ham ehtimoldan holi emas.
Xorijga ishlagani ketmoqchimisiz? Unda ayni muddao, til o‘rganing, turli “o‘rtakash”larning ustingizda “non” yeyishlariga yo‘l qo‘ymang. Ishni o‘zingiz qabul qiling, o‘zingiz egasiga topshiring, ish bilganga bir tanga, til bilganga ming tanga, deb bejiz aytishmagan.
Rus tilini qancha paytda o‘rgansa bo‘ladi?
Dunyoda necha milliard odam bo‘lsa, Xudoning qudrati bilan hech kimning barmoq izlari bir-biriga o‘xshamaydi. Inson xarakteri, intellekti, zehni, xotirasi ham shunday. Har bir kishi o‘zgacha olam, men uchun ishlab chiqilgan qoida sizga umuman mos kelmasligi yoki u sizda butunlay teskari reaksiya ko‘rsatishi tabiiy. Tilni qancha paytda o‘rganish, avvalo, o‘quvchining o‘ziga, mehnatkashligi va harakatiga, undan keyin bilimiga bog‘liq. Misol uchun, rus tilidan oz-moz xabaringiz bo‘lsa, Siz atigi yarim yilda grammatikani yaxshi o‘rganib olasiz. Qiynalmasdan gapirib ketishingiz uchun esa 4 oy yetarli.
Rus tilini 0 dan boshlaydigan abituriyentlarga grammatikani o‘rganish uchun 1 yil, gapirish uchun 6 oy kerak bo‘ladi. Albatta, bu nisbiy, o‘rtacha hisobda olingan muddatlardir, hammasi harakatingizga bog‘liq. Ko‘chadagi “3 oyda rus tilini mukammal o‘rganing”, “Rus tili 1 oyda!”… kabi reklamalarning bari uydirma, shaxsan men uchun bu safsata. Ta’lim biznes emas, uni marketing piarlari bilan aralashtirib, o‘quvchilarga yolg‘on va’da berishdan qochish kerak. Buni gunoh deb bilaman, yanayam har kimning vijdoniga havola…
Rus tilini o‘rganuvchilar eng ko‘p nimadan qiynalishadi?
Uyqusizlikdan! (kuladi) “Registon” ta’lim loyihasining maqsadi qadriyatimga to‘g‘ri kelgani uchun bu jamoaga qo‘shilganman. Xuddi men singari boshqa o‘qituvchilar ham universitetni “karidorda bitirib”, bu yerga adashib kelib qolmagan. Hammamiz yagona maqsad yo‘lida bir oilaga birlashib, O‘zbekiston ta’lim tizimini dunyoda birinchi o‘ringa chiqarish yo‘lida mehnat qilayapmiz. Men aynan shu yerga kelib, o‘zbek tilini o‘rgandim. Mana, hozir siz bilan garchi aksentlar bilan bo‘lsa-da, o‘zbek tilida gaplashib turibman. Bunda atrofimdagi sog‘lom muhitning o‘rni beqiyos!
Demoqchimanki, odamda aniq maqsad bo‘lsa, hech narsa qiyin bo‘lmaydi. Bu yo‘ldagi mashaqqatlar sizga azob emas, rohat beradi. O‘quvchilarim eng ko‘p o‘zbek tili grammatikasida uchramaydigan mavzularda qiynalishadi. Men ularga doim nimanidir tushunmasa, faqat yod olishni tavsiya qilaman. Ko‘proq hayotiy kino va filmlar ko‘rishlarini aytaman. Tushunmayapsiz, miyangiz qabul qilmayaptimi, lug‘at titkilab, vaqtingizni yo‘qotmang. Ruchka va daftar olib, o‘zingiz yoqtirgan kinoni rus tilida tomosha qiling!
Bilasizmi, ko‘pchilik rus tilidan bilimi yaxshi bo‘ladi, lekin kerakli vaziyatda gapini yo‘qotib qo‘yadi. Buning uchun sizga filmlar juda katta yordam beradi. Bunda turli holatlar: aksirganda aytiladigan jumladan tortib, taksida ketayotib, “shu yerda tushib qolay”, kafeda taomlanib bo‘lgandan so‘ng “hisobni keltiring”, ashula tinglayotib “ovozini ko‘taring”, ishga kech qolgan paytda rahbarga vaziyatni tushuntirish… vahokazo holatlar aks etgan bo‘ladi. Tilni sahnalashtirilgan filmlardagi holatlar orqali o‘rgansangiz, jumlalar xotirangizga mustahkam va tezroq o‘rnashadi.
“Razgavor” guruhlarimizda esa o‘quvchilarim asosan kelishiklarda ko‘p xato qilishadi, qiynalishadi. Bu paytda ularga kelishiklarning funksiyasini yaxshilab tushuntiraman, kichik-kichik hikoya va ertak kitoblar o‘qishni tavsiya qilaman. Chunki kelishiklarni o‘zlashtirishda mutolaaning o‘rni judayam katta!
Rus tilini kimdan o‘rganish kerak?
Eng birinchi navbatda, rus tilini biladigan odamdan o‘rganish kerak. Bugun til markazlari, rus tili repetitorlari va “Oltin qoidalar” orqali 1, 3 yoki 6 oyda sizni rus tilida bulbuldek sayratib yuborishga va’da berayotgan “super-muper” pedagoglar ko‘payib ketdi. Ularni qoralashdan yiroqman, balki haqiqatan ham so‘zining ustidan chiqishar, bilmadim. Menimcha, tekin pishloq faqat qopqonda bo‘ladi!
Xo‘sh, tilni kimdan o‘rganish kerak? O‘zingizga ma’lum, yurtimizda rus millatiga mansub kishilar salmoqli o‘rin tutadi. Marhamat, ruslardan do‘st ottiring, ular bilan ko‘proq suhbatlashing, muomala bilan iltimos qilsangiz, yo‘q deyishmaydi. Ishonchli, sinovdan o‘tgan va o‘z qadriyatlariga ega o‘quv markazlariga boring, “Registon” o‘quv markazi ham siz uchun yaxshi tanlov bo‘lishiga ishonaman!
Rus tilidagi darajam C2 deb o’ylayman, bu yili yozda imtihon topshiraman. Men bu tilda bolaligimdan beri gaplashib kelaman. Rus tilida 20 mingdan ko‘p so‘z biladigan va bu tilda bemalol gaplasha oladiganlargagina bu daraja beriladi. Ota-onam ham shu sohada maktab, universitetda o‘qishgan, ishlashgan. Bir gap bilan aytganda, men “Neytiv spiker”man. Rus tilini keyinchalik o‘rgangan o‘qituvchilardan ko‘ra rus tilida tili chiqqan, bolaligidan shu tilda muloqot qilib kelayotgan ustozdan ko‘proq narsa olish mumkin, deb o‘ylayman. “Registon”da 2021-yildan beri ishlayotgan bo‘lsam, umumiy hisobda 5 yildan ortiq vaqt davomida abituriyentlarga dars berib kelaman. Yagona maqsadim – shogirdlarimni ham o‘zimning darajamga olib chiqish, hatto mendan ham o‘zib ketishlariga hissa qo‘shish!
Nega aynan “Registon”?
Orzuyimdagidek muhit, atmosfera, o‘quvchilarni shu yerda topganman. “Registon” ta’lim loyihasi dars o‘tishim va o‘z ustimda ishlashim uchun har tomonlama qulay platforma yaratib bergan. Hamkasblarim bilan bir oila bo‘lib, bir-birimiz bilan maslahatlashib, fikr almashib, oliy toifali o‘qituvchilarning “master-klass”larida ishtirok etgan holda faoliyat yuritamiz. Men va men kabi boshqa o‘qituvchilar ham bu yerda ishlamaymiz, balki sevimli mashg‘ulotimiz bilan shug‘ullanamiz. Qolaversa, Avaz aka ham kerakli shart-sharoitlarni muhayyo qilib berganlar.
Oddiy misol: o‘zim rus bo‘lganim uchun bu tilni o‘rganishda boshqa adabiyotlarga qaraganda foydali, qulay va tushunarli kitobni yaxshiroq bilaman. Menga bir kitob kerak bo‘ldi va biz uni Rossiyadan topdik. O‘quv markazimiz esa hech qanday muammosiz bizga o‘sha kitobni chiqartirib berdi. Hozir o‘quvchilarim bilan maza qilib o‘qiyapmiz, o‘rganyapmiz. Jamoamni yaxshi ko‘raman, shuning uchun ham “Registon”daman…
O‘quvchilaringizing eng yuqori darajasi?
O‘quvchilarim orasida eng yuqori natija hozircha C1, bu IELTS 8 ga tengdir. U bunga qariyb yarim yilda erishgan. Unda “fundament” ham yaxshi bo‘lgandi, qolaversa, asosiy darsdan tashqari qo‘shimcha darslarga ham muntazam qatnashardi. Uyga vazifadan tashqari mustaqil ravishda yangi so‘zlar yod olardi, esselar yozib kelardi, men esa u bilan bajonidil ishlardim!
Oddiy guruhlarimda esa qisqa vaqt ichida B1 va B2 daraja qayd etilgan. Albatta, barchalari tinimsiz mehnat bilan muvaffaqiyatga erishishdi. Odam qilgan ishni odam qiladi, boshqa o‘quvchilar ham hech ikkilanmasdan bu “rekord”ni yangilashlari mumkin!