INGLIZ TILI / IELTS O‘ZI NIMAGA KERAK?
Dilmurod Xudoyqulov, Surxondaryo viloyatining Uzun tumanida tug‘ilgan. Maktabni tugatgach, poytaxtda JIDU qoshidagi akademik litseyda o‘qishni boshlagan. Litseyda o‘qigan payti ingliz tiliga tayyorlanib, 3-kursda IELTS’ imtihonidan 7 ballni qo‘lga kiritgan.
Ustozimiz 2019-yil TDYUga o‘qishga kirib, talabalikning ilk davrlaridanoq ingliz tilidan dars berishni boshlagan. 2021-yilda esa “Registon” ta’lim loyihasi o‘qituvchilari safiga qo‘shiladi. Hozir o‘quvchilari 7.5 ballgacha natija qayd etgan malakali pedagoglarimizdan biri!
Bugun talab va takliflarni inobatga olib, Dilmurod Xudoyqulov bilan suhbat uyushtirdik. Marhamat, mutolaa qiling!
– IELTS oʻquvchiga nima beradi? Uning hayotimizdagi oʻrni qanday?
– IELTS ko‘pchilik tanishlarimning hayotini 180 gradusga bo‘lmasa ham, kamida 120-130 gradusga o‘zgartirib yuborgan. Ayniqsa, har xil mavzudagi matnlar, maqolalarni o‘qish hisobiga dunyoqarashingiz ham ancha kengayib, fikrlashingiz yuksalib boradi.
Bilasizmi, IELTS’dan 5.5 va 7 ball olgan o‘quvchilar orasida faqatgina ingliz tilini bilishda emas, dunyoqarashda ham yaxshigina farq bo‘ladi. 7 olgan o‘quvchi turli xil mavzularni o‘qib, ulardan chiqargan mustaqil fikriga, xulosalariga ega bo‘ladi. 5.5 ball olgan o‘quvchida esa bu boradagi oqsoqliklar sezilib turadi. Bundan tashqari, IELTS’ olgan insonga dunyo eshiklari ochiladi. Harakat qilsangiz, turli scholarship va ta’lim grantlari sizni “kutib turgan” bo‘ladi. Tabiiyki, maqsadlaringiz ham katta bo‘ladi, mayda-chuyda orzularga o‘ralashib yurmaysiz. Oldingizda moliyaviy tomonini aytmaganda, hech qanday to‘siq qolmaydi…
– Ayrim oʻquvchilar deyarli har oy o‘qituvchisini almashtiradi. Bir ustozda natijaga erishgunga qadar muqim tayyorlanadigan yoshlar kam. Buning sababi nima?
– “Tayyorgarlikni qaysi o‘qituvchi bilan boshlasang, o‘sha ustoz bilan oxirigacha davom et”, – deyishadi. Bu fikrga to‘liq qo‘shila olmayman. Chunki bu yerda o‘qituvchining saviyasi ham muhim o’rin o‘ynaydi. Misol uchun, ba’zi o‘qituvchilarning grammatik bilimlari kuchli bo‘lsa ham, o‘quvchini IELTS’ga tayyorlay olmasligi mumkin. Bunday hollarda o‘sha o‘qituvchi o‘rgatgan bilimlarni olib bo‘lgandan keyin o‘qituvchini o‘zgartirish kerak. Bu vaziyatda ustozlarimiz aybni o‘zlaridan qidirishsa, yaxshi bo‘lardi. Lekin ustozning bilimi har tomonlama kuchli bo‘lib, o‘quvchi o‘sha o‘qituvchi bilan maqsadiga yetishishiga ishonsa, unda boshqa joyga ketmagani ma’qul.
Menda eng ko‘p qiyinchilik IELTS’ni boshqa o‘qituvchi bilan boshlab, men bilan davom ettirmoqchi bo‘lgan o‘quvchilarda uchraydi. Ularni o‘sib bo‘lgan daraxtga o‘xshataman. Ularni boshqa joyga ko‘chirsangiz, tutib ketishi, ko‘karishi rosa qiyin kechadi. Demoqchimanki, o‘quvchi IELTS’ni yaxshi tushunmaydigan o‘qituvchida tayyorlanib kelgan bo‘lsa, u bilan ishlash murakkab. Beginner’dan to IELTS’gacha o‘zimda o‘qigan o‘quvchi bo‘lsa, uni to‘g‘ri parvarishlab, nazorat qilaman. Xuddi bog‘bon daraxtni niholligidan parvarish qilganidek…
– Ingliz tilini endi boshlagan koʻpchilik oʻquvchilar Band 8, Band 9 kabi turli kitoblarni oʻqib yurishadi, bu ularning vaqtini oʻgʻirlamaydimi? Bu kitoblar oʻzi qanchalik foydali?
– Bu savol juda og‘riqli! Siz-ku, tayyorlanishni boshlaganlar, deyapsiz, men hali hech qanaqa repetitorga bormasdan turib til o‘rgatuvchi kitoblarga ishonib, natija kutib, vaqtini behuda sovurib, sarobga aldanib yurganlarni bilaman. Menimcha, ko‘pchilikning vaqtini o‘g‘irlab, qo‘ynini puch yong‘oqqa to‘ldirayotgan holatlardan biri mana shu.
O‘quvchilar Band 8 yoki Band 9 kitoblarida “Highlight” qilib berilgan so‘zlarni qo‘llasam, IELTS’im yuqori bo‘ladi, deb o‘ylashadi. Bu – xato! To‘g‘ri, Writing’da “Less common lexical recource”, ya’ni kam qo‘llaniladigan so‘zlar ishlatilsin, deyiladi. Ammo ishlatilayotgan so‘zning tub ma’nosi, ijobiy yoki salbiy jihatlari, qanday so‘zlar bilan birga qo‘llanilishiga ahamiyat berish ham kerak-da!
Aks holda Speaking’ darajangiz 6 bo‘lgan holida lug‘at boyligini 7 qilaman deb ballingizni 5 ga tushirib qo‘yishingiz hech gap emas. Chunki qo‘llayotgan so‘zi noto‘g‘ri bo‘lsa, aynan 5 ballik baholash tizimiga mos keladi. Yaxshisi, o‘quvchilar o‘qigan maqolalaridan topgan so‘zlarini tushungan holda amaliyotda qo‘llashlari maqsadga muvofiq.
– Bugun xorijga oʻqishga, ishga ketayotganlar soni sezilarli darajada oshgan. Ularning ayrimlari avval ingliz tilini oʻrganib, IELTS‘ olib, keyin ketayotgan boʻlsa, ko‘pchilik tavakkal ustiga yangi hayot boshlamoqda. Bu borada fikringiz?
– IELTS – chetga chiqish uchun asosiy vosita. Ko‘pchilik IELTS shart emas, deb aytishi mumkin. To‘g‘ri, ko‘p hollarda shart emas, ingliz tilini bilishingizni isbotlab bersangiz bo‘ldi. Lekin tanganing boshqa tomoniga qarasak, IELTS’ga tayyorlangan odam Reading’ va Listening
topshiriqlarini bajarayotib, universitetlarda berilishi mumkin bo‘lgan vazifalar bilan qisman tanishib chiqqan bo‘ladi.
O‘zimdan misol, 7 yildan beri IELTS’ni o‘qib-o‘qitayotgan bo‘lsam, sizga bemalol chet el universitetlarida qanaqa tizim, darslar qanday bo‘lishi, beriladigan vazifalarning darajasi, o‘qiladigan ma’ruzalar haqida ma’lumot bera olaman. Hozir ham darslardan biror kitobni o‘qishni vazifa qilib berishsa, uni bemalol o‘qib, tushunaman. Bu ko‘nikma IELTS orqali shakllanadi. Tavakkal asosida ketyapti, degan fikrga kelsak, ko‘ngli tortyaptimi, qiyinchilikni bo‘yniga olyaptimi, omadini bersin!
– Ingliz tiliga tayyorlanishni endi boshlayotganlar uchun tanlov juda koʻp: oʻquv markazlari, individual darslar, online kurslar, YouTube va hokazo. O‘quvchi uchun ularning qaysi biri foydali?
– Agar o‘quvchining darajasi Beginner yoki Elementary bo‘lsa, ustozdan o‘rgangani yaxshiroq. To‘g‘ri, ijtimoiy tarmoqlarda ham yaxshi yoritib berilgan darslar bor, lekin insonmiz – xato qilamiz. Ana shu xatolarimizni aytib turadigan ustoz bo‘lmasa, o‘sha xatoni qilmaslikni o‘rganishimizga keyin kech bo‘ladi. Shuning uchun boshidan boshlayotgan o‘quvchilar ustoz olgani ma’qul.
Yanayam bu borada nimadir deyish qiyin. Chunki hammaning qobiliyati, o‘zlashtirish darajasi har xil, kimdir jamoada yaxshi o‘rgansa, kimdir mustaqil ta’lim orqali yaxshiroq o‘zlashtiradi. Boshqa birov esa individual ta’limda yaxshi natijaga erishadi va hokazo. Eng muhimi, harakatdan to‘xtamaslik va vaqti sarf bo‘layotgan jarayon bilan natijaga erisha olishiga ko‘zi yetishi kerak. Behudaga tavakkal bilan o‘zini ham, umrini ham xarob qilish yaramaydi.
– IELTS‘ imtihonini boshqa davlatlarga borib topshiradiganlar koʻp. Ular buni xorijda ballni koʻtarib berishadi, oson savollar tushadi… deb izohlashadi. Bunga munosabatingiz?
– To‘g‘risi, o‘zim ham Qozog‘iston yoki Tojikistonda IELTS topshirsa, yuqoriroq ball qo‘yib berishadi, deb eshitganman. IELTS darajasini o‘sha davlatdagi kandidatlarning umumiy holatidan kelib chiqib baholashadi, degan qarashlar ham yo‘q emas. Bir narsa e’tiborliki, IELTS’ni qayerda topshirsa ham, savollar o‘zgarib qolmaydi. Kandidatlarning fikridan boshqacharoq, qiziqarliroq qilib javob bersangiz, umuman, noodatiy ekanligingizni unga isbotlasangiz, balki, yarim ball yuqoriroq qilib baho qo‘yib berishlari mumkin.
– Koʻpchilik Writing‘ qismidan yuqori ball ololmaydi. Writing‘ni yaxshilash uchun siz qanday usullardan foydalanasiz?
– Writing’dan baland ball ololmaslikning sabablari ko‘p. Quyida eng asosiylarini keltirib o‘taman:
- Writing’ni yaxshilash ko‘p vaqt oladi. Uni xuddi Reading’ga o‘xshab 1-2 oyda ko‘tarib olish imkonsiz;
- Writing’da doim sizdan ko‘ra kuchliroq, xato va kamchiliklaringizni aytib turadigan odamning fikrlari kerak bo‘ladi. Qolaversa, bu jarayonda mutolaaning o‘rni katta. O‘zim ham Writing’ni yaxshilash uchun juda ko‘p kitob sotib olganman. Bu ishlarni bajarsangiz, Writing’ ballingiz yarim yoki bir ballga ko‘tariladi, deb ayta olaman;
- Writing’da ko‘p uchraydigan holat – asosiy e’tibor lug‘at boyligini ko‘rsatish uchun qiyin so‘zlarni ishlatishga qaratiladi. Natijada so‘ralayotgan savolning tub mohiyatidan uzoqlashib ketish hech gap emas. Bu ham ballni pasaytiradi.
– Koʻpchilik oʻquvchilar yillab oʻqisa-da, talaffuzidagi aksent yo‘qolmaydi. Siz bu muammoni hal etishning qanday usulidan foydalanasiz?
– Aksentni yo‘qotadigan bitta usulim bor, buni o‘quvchilarim bilan ko‘p bajaramiz. Nomi – Shadowing. Bunda inglizcha talaffuzi zo‘r bo‘lgan ingliz yoki amerikalik gapirgan lavha, audio olinadi. O‘quvchilarga esa uning talaffuzini o‘rganish va xuddi o‘shandek takrorlab, audio qilib jo‘natish topshiriladi. Biz ko‘pincha motivatsion yoki mashhur shaxslarning nutqlaridan shunday topshiriqlar bajaramiz. Natija esa yomon emas, boshqalarga ham tavsiya qilaman!
– Ingliz tilini oʻrganishni orqaga surib, motivatsiya topolmayotganlar uchun eng muhim 3 ta tavsiya?
– Birinchidan, dunyo tez o‘zgaryapti, bu vaziyatda nafaqat ingliz tili, balki har qanday boshqa bir tilni bilgan odam bir emas, o‘n qadam
oldinlab bormoqda. Konsta bir qo‘shig‘ida “Tanla, xohlasang biz bilan hayot ritmida qimirla, yoki besh yildan keyin yetvol bizga imillab” , – deganidek, nafaqat tengdoshlardan, balki zamondan ortda qolmaslik uchun ham ingliz tilini o‘rganish kerak va zarur.
Ikkinchidan tilni o‘rganish qo‘shimcha daromad olib keladi. Misol uchun, ingliz tilini boshqalarga o‘rgatishingiz mumkin. Bundan tashqari, ingliz tilidagi har qanaqa material, adabiyot yoki kinolarni o‘z ovozida, original holatda tushuna olasiz.
Uchinchisi esa, birinchi va ikkinchi tavsiyalarimni qaytadan o‘qing!
– Bugun ingliz tilini oʻrgatuvchilar juda koʻp. Oʻquvchilar bu jarayonda nimalarga eʼtibor berishi kerak? Oʻqituvchining IELTS balligami, ustozning qaysi chet davlatlarda necha yil yashaganigami, qaysi OTMni bitirganigami, nechta oʻquvchisi IELTS‘ olganigami?..
– Ustozning darajasidan ko‘ra uning dars bera olish, tushuntira olish qobiliyatiga e’tibor berish kerak. Bundan tashqari ustoz-shogirdning xarakteri ham bir-biriga mos bo‘lishi lozim. Chunki ustoz kuchli bo‘lgani bilan o‘quvchi uni yoqtirmasa, hech narsa o‘rgana olmaydi va harakatlari samarasiz bo‘ladi.
Agar o‘quvchining darajasi Beginner bo‘lsa, unda ustozning IELTS darajasi unchalik muhim emas. Oddiy misol, umuman IELTS darajasi yo‘q bo‘lgan o‘qituvchida tayyorlanib, 7-7.5 ball olganlarni ham, IELTS darajasi 8 va undan ham yuqori bo‘lgan ustozda o‘qib, 5.5 dan oshira olmagan o‘quvchilarni ko‘rdik. “Qars” ikki qo‘ldan chiqadi, e’tibor berilishi kerak bo‘lgan jihatlar ko‘p, hammasini bir boshidan tahlil qilib, qimmatli vaqtingizni sarflashingizga loyiq joyda o‘qishingiz lozim. Muhimi, ma’lum yo‘l bosib o‘tganingizdan keyin orqaga qaraganda afsuslanmasangiz bo‘ldi. Deylik, “Registon” ta’lim loyihasi sizga bu borada yaqindan yordam bera oladi…
- Mazmunli suhbat uchun tashakkur!